Bolani farzandlikka olish tartibi qanday? Farzandlikka olishni hal qilish vakolatini sudlar qanday amalga oshirmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik bilan aloqalar markazi boshlig‘i Aziz Obidov shu kabi savollarga javob berdi:
– Bolaning oilada tarbiyalanishi – uning manfaatlari himoyasining ustuvor tamoyili hisoblanadi. Shu bois, farzandlikka olish instituti ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy, huquqiy himoya qilishning asosiy kafolati sifatida belgilangan. Farzandlikka olishni hal qilish vakolati sudlarga berilgani esa mazkur munosabatlarda qonuniylikni ta’minlamoqda.
Farzandlikka olish – bu murakkab jarayon bo‘lib, bunda, hal qiluv qarori ham milliy, ham xalqaro shartnomalar talablariga asoslangan holda, bola manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilinishi darkor. Xususan, Fuqarolik protsessual kodeksida butun bir bob farzandlikka olish, deb nomlansa, u bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda kodeks va Oliy sudning plenumi qarorlariga ham tayaniladi.
Qonun talabi bo‘yicha farzandlikka olish to‘g‘risidagi ariza bolani farzandlikka olishni istagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olinayotgan bolaning yashash joyidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga beriladi. Sud farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlarni farzandlikka oluvchi, vasiylik va homiylik organlarining vakillari, shuningdek, prokuror ishtirok etgan holda ko‘rib chiqadi.
Zarur hollarda, sud farzandlikka olinayotgan bolaning ota-onasini, uning qarindoshlari va boshqa manfaatdor shaxslarni, shuningdek, o‘n yoshga to‘lgan bolaning o‘zini ishda ishtirok etishga jalb qilishi mumkin.
Farzandlikka olishning sir saqlanishini ta’minlash maqsadida mazkur toifadagi ishlar, shu jumladan, farzandlikka olishni bekor qilish va haqiqiy emas, deb topish haqidagi ishlar yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ularga ma’lum bo‘lgan farzandlikka olish bilan bog‘liq ma’lumotlarni sir saqlashlari zarurligi, shuningdek, farzandlikka olish sirini farzandlikka bola oluvchilarning yoki vasiylik va homiylik organining erkiga qarshi oshkor qilganlik uchun Jinoyat kodeksiga binoan jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligi to‘g‘risida ogohlantiriladi. Bu harakatlar sud majlisining bayonnomasiga kiritiladi va mazkur shaxslar tomonidan imzo bilan tasdiqlanadi.
Quyidagi shaxslar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin emas: ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar; qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar; asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar; farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq o‘n besh yoshdan kam bo‘lsa (o‘gay ota va o‘gay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasno).
Shuningdek, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan bolani farzandlikka olish haqida ariza berilishi mumkin. Bunday ishni ko‘rib chiqishda sud nafaqat arizachi yashaydigan davlat qonunchiligi, balki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi talablaridan ham kelib chiqadi.
Aytaylik, O‘zbekiston fuqarosi boshqa davlat fuqarosi hisoblangan bolani farzandlikka olmoqchi bo‘lsa, asosiy hujjatlarga qo‘shimcha ravishda farzandlikka olinayotgan bolaning O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi uchun O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organining roziligi hamda farzandlikka olinayotgan bola qonuniy vakilining va bola qaysi davlat fuqarosi bo‘lsa, o‘sha davlat vakolatli organining roziligi talab qilinadi.
Sudga farzandlikka olishni haqiqiy emas, deb topish va farzandlikka olishni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo bilan farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar, shuningdek, o‘n olti yoshga to‘lgan farzandlikka olingan bola murojaat qilishlari mumkin.
Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratilsa, 2023 yil mobaynida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan bolani oilaga farzandlikka olish bilan bog‘liq 5 ming 359 ish ko‘rilib, tamomlangan. Shundan 5 ming 11 da’vo arizasi qanoatlantirilgan. Joriy yilning birinchi yarim yilligida aynan shu toifadagi 2 ming 701 ish ko‘rilib, tamomlangan va 2 ming 543 da’vo arizasi qanoatlantirilgan.
Bu ko‘rsatkichlardan shuni anglash mumkinki, ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarning oilalar bag‘rida, mehr og‘ushida voyaga yetishlariga sudlar qonun doirasida ko‘mak bermoqda.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 08.10.2024
- Ko'rishlar: 537
- Chop etish