Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi – UNA-OIC ma’lum qilishicha, G‘arbiy Afrikada joylashgan Gambiya poytaxti Banjul shahrida 4-5may kunlari IHTga a’zo mamlakatlar davlat, hukumat rahbarlari, qator boshqa davlatlar yuqori martabali vakillari ishtirokida XV Islom sammiti bo‘lib o‘tdi.
“Barqaror rivojlanish yo‘lidagi muloqot orqali birlik va hamjihatlikni mustahkamlash” mavzusida o‘tkazilgan tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan Gambiya Prezidenti Adama Barrou IHTni G‘azo sektorida “tinchlik va yarashuv sari yangi yo‘lni belgilash”ga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu anjuman a’zo davlatlar uchun muloqot orqali o‘zaro va ko‘p tomonlama munosabatni mustahkamlash, vaziyatni chuqurrok tushunish maqsadida tajriba almashish, jamoaviy tinchlik va inklyuziv barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun milliy chegaralardan tashqariga chiqadigan innovatsion rezolyutsiyalarni qabul qilishga noyob imkoniyat beradi.
IHT Bosh kotibi Xusayn Ibrohim Toha Isroil armiyasining G‘azodagi harakatini qoralab, Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon bin Abdulloh Ol Saud hamda Misr tashqi ishlar vaziri Sami Shukriy Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro huquqning kafolatlangan barcha qonuniy unsurlariga ega bo‘lmaguncha, adolatsizlikni bartaraf etish masalasi ustuvor bo‘lib qolayotganiga urg‘u berdi. Anklavda zudlik bilan va butunlay o‘t ochishni to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklar faoliyatini ta’minlash, Falastin xalqi azob-uqubatiga chek qo‘yish, qonuniy huquq, jumladan o‘z taqdirini o‘zi belgilash va mustaqil davlat barpo etish hamda xavfsizlikda yashash kabi talablarni yana bir bor ta’kidladi.
Ikki kun davom etgan XV Islom sammitida Falastin va Al-Quds Ash-Sharif masalasi bo‘yicha maxsus rezolyutsiya, keng qamrovli kommyunike va Banjul deklaratsiyasi qabul qilindi.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA
- Qo'shildi: 07.05.2024
- Ko'rishlar: 1339
- Chop etish