Germaniya yaqin-yaqinlargacha ijtimoiy ta’minotdan tortib, chet davlatlarga yordam berishgacha dunyodagi eng saxovatli donorlardan biri, deb hisoblangan. Afsuski, so‘nggi yillarda milliy daromad pasayib ketib, mamlakat hukumati byudjet taqchilligiga duch kela boshladi.
Yevropaliklar orasida nemislarni eng saxiy odamlar deyishadi. Masalan, restoran yoki biror tamaddixonada xizmat ko‘rsatish qoniqarsiz bo‘lsa yoki xo‘randaga taom yoqmasa ham deyarli 20 foiz mijoz ofitsiantga, ozgina bo‘lsa-da, choychaqa qoldiradi. Balki, bu o‘xshatish biroz noo‘rindir... nima bo‘lganda ham nemislarni saxiylik bobida shunday ta’riflashadi.
Tadqiqotchilar fikricha, dunyodagi eng rivojlangan ijtimoiy ta’minot tizimiga ega Germaniya muntazam ravishda YAIMning 25-30 foizini pensiya, sog‘liqni saqlash, ishsizlik nafaqasi kabi nafaqalarga sarflaydi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropada birinchi o‘rinni egallagan. Rasmiy rivojlanish yordami (RRYO) bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi, ya’ni rivojlanayotgan mamlakatlarga taraqqiyot va farovonlik uchun yordam ko‘rsatadi. 2022 yil ushbu maqsadlar uchun 32 milliard yevro sarflagan bu mamlakat milliy daromad ulushi bo‘yicha dunyodagi ikkinchi yirik donorga aylandi. Endi esa hammasi o‘zgarib ketishi mumkin.
Germaniya iqtisodiyotiga nima bo‘lyapti?
Germaniya yuqorida tilga olingan jabhalarga bemalol pul sarflay olishi eksportga yo‘naltirilgan kuchli iqtisodiyot tufaylidir. So‘nggi yillarda susayishi sezila boshlangan iqtisodiyot 2023 yil 0,3 foiz qisqardi. Natijada GFR Yevropadagi o‘smayotgan yagona iqtisodiyotga aylandi. Eng achinarlisi, bu yil ham o‘zgarish kutilmayapti. Yaqinda Buyuk Britaniyaning “The Economist” nashri mamlakatga “Yevropaning kasal odami” deya ta’rif berdi.
Tahlilchilar iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni sanab o‘tishdi: haddan tashqari byurokratiya, innovatsiya va infratuzilmaga davlat sarmoyasi yo‘qligi, energiya narxi yuqoriligi. Kelgusi besh yil ichida ikki millionga yaqin odam pensiyaga chiqishi Germaniyaning doimiy o‘sib borayotgan pensiya to‘lovi tizimiga jiddiy zarba berishi mumkin. Hukumat esa pasayib borayotgan iqtisodiy jarayonda bu muammodan qanday chiqish haqida bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga, yaqinda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Olaf Shols kelishuviga ko‘ra, Ukrainaga yaxshigina mablag‘ ajratilishi ham ko‘zda tutilgan. Ayni dam mamlakatda fermerlar noroziligi, temir yo‘l xizmatchilari ish tashlashi va ularning talabini qondirish masalasi Germaniya hukumatini biroz “dovdiratib” qo‘ydi.
Borgan sari jiddiy muammoga aylanayotgan yana bir masala bor: qarz. Germaniya konstitutsiyasiga ko‘ra, davlat yiliga mamlakat milliy daromadining 0,35 foizdan ko‘pini qarz sifatida ololmaydi. Bu mamlakat uchun foyda yoki zararligi to‘g‘risidagi fikr ham turlicha. Ayrimlar, jumladan, Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi va hozir hukmron koalitsiyaning bir qismi bo‘lgan “Yashillar” partiyasi a’zolari qonunni yo isloh qilish yo bekor qilishni xohlamoqda. Ular konstitutsiyadagi bu me’yor infratuzilma va atrof-muhit muhofazasi uchun zarur sarmoya kiritishga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidlamoqda.
Boshqalar, jumladan, hukumatning uchinchi hamkori bo‘lgan Liberal demokratlar va boshqa muxolifat partiya vakillari bu qonunni o‘zgarishsiz qoldirish kerak, deb hisoblaydi. Ta’kidlanishicha, bu qonun siyosatchilarni moliyaviy jihatdan mas’uliyat sezishga majbur qiladi va davlat qarzini lozim tartibda boshqarishga ko‘maklashadi. O‘tgan yil noyabr oyida Konstitutsiyaviy sud o‘z qarori bilan hukumatni byudjetni qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Bunday muammolar yuzaga chiqayotgani aholi kayfiyatiga ham sezilarli ta’sir qila boshladi.
Nemislar endi tejamkor bo‘ladimi?
Xorijiy taraqqiyot instituti 2023 yil o‘tkazgan so‘rov xulosasi ko‘rsatilgan hujjatda Xalqaro yordam g‘oyasi nemislar orasida obro‘sini yo‘qotayotgani ta’kidlangan. 2018 yil xuddi shu mavzuda o‘tkazilgan so‘rov natijasiga ko‘ra, nemislarning 93 foizi “rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berish” muhim deb hisoblagan. 2023 yil noyabr oyida o‘tkazilgan yangi so‘rovda aholidan 2024 yil byudjetini qay tarzda qisqartirish mumkinligi so‘ralgan. Javob beruvchilarning 50 foizdan ko‘pi xorijga ko‘rsatilayotgan yordamdan tejashni taklif qilgan, yana 32 foizi ijtimoiy sug‘urta uchun davlat to‘lovini kamaytirish kerak, degan. 2022 yil Germaniya iqtisodiyot instituti ekspertlari London Iqtisodiyot maktabi uchun tayyorlagan maqolada migratsiyaga qarshi kayfiyat ko‘pincha ijtimoiy ta’minot, ya’ni kim qanday nafaqa olishi mumkinligiga oid qarashga ta’sir qiladi, deb ta’kidlagan. Shu oy Yevropa tashqi aloqalar kengashi tomonidan chop etilgan tadqiqot xulosasi nemislar orasida migratsiya o‘ta jiddiy tashvish uyg‘otayotganini ko‘rsatdi. Germaniyaga muhojirlar oqimi ko‘pligi nemis ijtimoiy tizimi saxiyligi bilan bog‘liq, jamoatchilik bezovtaligi aynan shundan, deya baholangan.
Xo‘sh, hukumat vaziyatdan qanday chiqib keta oladi?
Germaniyada o‘ng qanot hisoblangan “Germaniya uchun muqobil” partiyasi 2023 yil saylovda ko‘proq ovoz olishidan rag‘batlanib, o‘z byudjet xarajatini qisqartirishga bir necha qarshi taklifni ilgari sura boshladi. O‘tgan yil sentyabr oyida partiya yetakchilaridan biri Tino Xrupalla taqdim etgan siyosiy hujjatda “migratsiya, iqlimni muhofaza qilish va rivojlanish siyosati sohasidagi” federal xarajatni qisqartirish taklif qilindi. So‘nggi paytda hukumat ichida ham bu borada tanqidiy ovozlar yangray boshladi: hukmron koalitsiyaning Erkin demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari Volfgang Kubiki aytishicha, Germaniya chet davlatlarga berib, “pulni isrof qilmoqda”.
2024 yil byudjeti loyihasi yanvar oyi o‘rtalarida parlament mas’ul qo‘mitasi tomonidan, nihoyat, ma’qullandi. Hujjatda Mudofaa vazirligidan tashqari barcha vazirliklar tejamkorlik bilan ish yuritishi zarurligi ko‘zda tutilgan. Bu orada moliya vaziri Kristian Lindner uzoq vaqt ishsiz qolganlar uchun ijtimoiy nafaqa islohotini ham e’lon qildi.
Bu islohot boshqa ijtimoiy imtiyozlarga ta’sir ko‘rsatmaydi, deb hisoblanmoqda. Moliya vaziri islohotida tashqi yordam eng ko‘p qisqartirilgan, ya’ni 2023 yilga nisbatan, deyarli, 2 milliard yevroga kamaygan. Shunga qaramay, Germaniya hamon rivojlanish sohasidagi hamkorlik va iqlim bo‘yicha xalqaro moliyalashtirish sohasida yetakchi bo‘lib qolishni rejalashtirmoqda, dedi Lindner. Bu albatta, taxmin, reja.
Kenja Bekjonov,
O‘zA sharhlovchisi
- Qo'shildi: 29.01.2024
- Ko'rishlar: 2080
- Chop etish