Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Qatar axborot agentligi – QNA “Sho‘ro kengashi O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Osiyo xotin-qizlari forumida ishtirok etmoqda” sarlavhali maqola e’lon qildi. Ushbu davlatning qonun chiqaruvchi idorasi hisoblanmish Sho‘ro kengashi (Majlis Ash-Shuro) 45 a’zodan iborat: birinchi parlament saylovida 30 kishi saylangan, 15 vakil tayinlangan.
Muallif Samarqandda o‘tgan anjumanda Kengash vitse-prezidenti doktor Hamda bint Hassan As-Sulaitiy xonimning ishtiroki xususida so‘z yuritgan.
Ochilish sessiyasidagi nutqida qatarlik siyosatchi ayollarning turli sohalarda mavqeini oshirishdagi sa’y-harakatlar uchun minnatdorlik bildirib, xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy imkoniyatini yanada kengaytirish muhimligini ta’kidlagan.
– Markaziy Osiyo xotin-qizlar forumi O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘tkazilayotgani mamlakatda ayollar masalasi, ularning huquqi va imkoniyati ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kiritilganidan dalolat, – dedi Hamda bint Hassan As-Sulaitiy. – Spikerlarning ma’ruzalari meni ilhomlantirdi. Ayniqsa, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva hamda “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxusning qat’iy da’vati barchamizga turli darajada mas’uliyat yukladi. Zero, parlamentlar huquqimizni ta’minlashga, ayollarimiz barcha sohada munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishi shart.
Mulozim ziddiyatlar sharoitida ayollar oldida turgan muammolarga ham to‘xtalib, Osiyo qit’asida xavfsizlik va tinchlikka erishishda ayollarning alohida rolini ta’kidladi.
Maqolada Sho‘ro Kengashi vitse-prezidenti Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashgani ham qayd etilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 15.05.2024
- Ko'rishlar: 1454
- Chop etish