Hindistonning India Blooms axborot agentligi va International Affairs Review portali shu yilning 13–14-may kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xotin-qizlar forumi haqida maqola e’lon qildi.
Unda tadbir xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquqlari hamda ularning imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashishga bag‘ishlangani aytiladi. Ushbu forumni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Preziyedenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida taklif qilingani qayd etiladi.
Yirik xalqaro forum mintaqa mamlakatlaridagi yetakchi xotin-qizlarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat, iqtisodiyot boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha tajriba almashish maqsadida o‘tkazilayotgani xabar qilinadi.
Mazkur yirik anjumanda ishtirok etish uchun Samarqandga Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlarining deputat ayollari, hukumat rahbarlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, jamoat faollari, olimlar, iqtisodiyot va boshqa soha vakillari tashrif buyuradi.
Hindistonlik jurnalistlar forum doirasida ayollarning ilmiy va innovatsion faoliyat, ta’lim, raqamli texnologiyalardan foydalanish sohalaridagi ishtiroki, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlik va innovatsiyalarga jalb qilish orqali kambag‘allikni qisqartirish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilinadi, deb xabar bermoqda.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA
- Qo'shildi: 03.05.2024
- Ko'rishlar: 1750
- Chop etish