1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyamiz, hech shubhasiz, mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimizning erkin va farovon hayotini kafolatlash, adolat, qonuniylik va tenglik tamoyillari ustuvor bo'lgan fuqarolik jamiyati barpo etishning ishonchli asosi bo'lib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyamiz dunyodagi eng insonparvar qomuslardan biri sanaladi. Unda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 30 moddasida aks etgan barcha  umuminsoniy qadriyatlar to'la qamrab olingan.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining Muqaddimasida ta'kidlanganidek: “Insoniyat oilasi barcha a'zolarining qadr-qimmati va ularning ajratib bo'lmas huquqlarini e'tirof etish, jahon miqyosida erkinlik, adolat va tinchlik negizini tashkil etadi. Bosh assambleya ushbu Deklaratsiyani barcha insonlar va hamma millatlarning mushtarak istagi deb e'lon qiladi”.

O'zbekiston Konstitutsiyasining Muqaddimasida esa xalqimiz nomidan:

birinchidan, inson huquqlariga va davlat suvereniteti g'oyalariga sodiqlik e'lon qilinadi;

ikkinchidan, xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan qoidalari ustunligi tan olinadi;

uchinchidan, insonparvar demokratik davlat barpo etish ko'zlanadi;

to'rtinchidan, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta'minlash maqsad qilib qo'yiladi;

beshinchidan, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas'uliyatni anglagan holda o'zbek davlatchiligi rivojlanishining boy tarixiy tajribasiga tayaniladi.

Mazkur Muqaddimada qayd etilgan bu asosiy printsiplar, boshqa bir necha qoidalar bilan birga, O'zbekiston Asosiy Qonunining ichki mazmuni, ruhi va mohiyatini ifodalab, unga kiritilgan 128 moddaning yo'nalishini belgilab beradi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida qayd etilgan insonning asosiy huquqlari va erkinliklari ifodasini O'zbekiston Konstitutsiyasining quyidagi moddalarida yaqqol ko'rish mumkin:

teng fuqarolik huquqi (21-modda);

yashash huquqini himoya qilish (24-modda);

har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egaligi, qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emasligi (25-modda);

hech kim qiynoqqa solinish, zo'ravonlikka, shafqatsiz yoki qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi va aybi aniqlanmaguncha aybdor hisoblanmaslik holati (26-modda);

fuqarolarning sha'ni va obro'siga qilingan tajovuzlardan himoyalanish, turar joyi va telefon yozishmalari daxlsizligi huquqlari (27-modda);

so'z, fikr va e'tiqod erkinligi hamda uni tarqatish huquqi (29-modda);

din va vijdon erkinligi (31-modda);

fuqarolar uchun jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi (32-modda);

iqtisodiy va ijtimoiy, ya'ni bilim olish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnat qilish, pensiya va nafaqa olish, mulkdorlik va mehnat huquqi (36 – 39-moddalar);

qonunga muvofiq siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari tashkil etish (56-modda);

saylash va saylanish huquqi (117-modda), shuningdek, boshqa ko'p moddalarda xalqaro miqyosda e'tirof etilgan insonning asosiy huquqlari va erkinliklari o'z ifodasini topgan.

Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Konstitutsiyasi – inson huquqlari g'oyalariga asoslangan, har bir insonning ezgu manfaatlari qadrlangan va himoya qilingan demokratik, adolatli, insonparvar qomusdir.

Farhod NIZOMOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mutaxassisi

Powered by GSpeech