Saudiya Arabistonida Butunjahon iqtisodiy forumining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda juda ko‘p masalalar muhokama qilindi va ko‘pchilikning e’tibori G‘azodagi urush muhokamasiga qaratildi. Saudiyadagi forumning asosiy mehmoni – urush boshlanganidan buyon Yaqin Sharq bo‘ylab yettinchi turnesini o‘tkazgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bo‘ldi.
AQSh bosh diplomati mintaqada sodir bo‘lgan dahshatli voqealar qaytalanmasligi kerakligi, tomonlar kelishishi lozimligini ta’kidladi va Hamasni Isroil taklif qilayotgan kelishuvga rozi bo‘lishga chaqirdi.
«Eng avvalo, o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni uyga qaytarish kerak, bu eng muhimi. Buning imkoni bor, chunki isroilliklar yaxshi taklif bildirishgan. Ular kelishuvga rozi ekanliklarini ko‘rsatishdi, endi gap Hamasda», dedi Blinken.
AQSh davlat kotibi G‘azoga gumanitar yordam olib kirilishi masalasi ham muhimligini ta’kidladi. Blinken bu borada Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi va Iordaniya qiroli Abdulloh II bilan uchrashgan. Amerikalik diplomat rasmiy chiqishidan keyin G‘azodan kelgan falastinliklar bilan, shuningdek BMTning G‘azoga insonparvarlik yordami olib kirish bo‘yicha katta koordinatori Sigril Kaag bilan uchrashgan.
Isroil nimani taklif qilgan?
Reuters axborot agentligi manbasiga ko‘ra, Isroil Hamasga bu gal ikki bosqichdan iborat yarashuv rejasi taklif qilgan. Birinchi bosqichda Hamas 40 nafarga yaqin isroillik asirlarni qo‘yib yuboradi. Evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan ma’lum miqdordagi falastinliklar qaytariladi. Ikkinchi bosqichda Hamasning o‘t ochishni to‘xtatish talabiga muvofiq «tinchlik rejimi» joriy qilinadi. Ammo Hamas Isroildan o‘t ochishni vaqtincha emas, butkul to‘xtatishni talab qilmoqda.
Isroil yarashuv rejasining birinchi bosqichidan keyin G‘azo shimoli va janubi bo‘ylab harakatlanish erkin bo‘lishini, bundan tashqari, askarlarining bir qismini sektordan olib chiqib ketishni taklif qilmoqda.
Hamasning yuqori martabali mulozimlaridan biri ismi sir qolish sharti bilan AFP nashri muxbiri bilan suhbatlashgan va guruhda yarashuv rejasiga keskin qarshilik yo‘qligini aytgan. Reuters manbasi esa Hamasda Isroilning taklifi bilan bog‘liq bir nechta aniqlashtiruvchi savol borligini aytgan. Har ikki nashr manbalari Hamas o‘t ochish rejimi to‘liq to‘xtatilishiga olib keladigan kelishuv bo‘yicha ijobiy fikrda ekanini ta’kidlagan.
Rafahga bosqin kechikishi mumkin
Isroil g‘azoliklarning aksari jon saqlayotgan Rafah shahriga bosqin boshlashga tayyorlanayotgan bir vaqtda tomonlar kelishuvi bosqin kechikishiga olib kelishi ham mumkin. Isroil tashqi ishlar vaziri mamlakat rasmiylari Hamas bilan kelisha olsa, Rafah operatsiyasi kechiktirilishi ham mumkinligini aytdi. Ammo bu falastinliklar guruhining talablariga to‘g‘ri kelmaydi. Ular o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishni talab qilishmoqda.
O‘tgan hafta oxirida AQSh prezidenti Jo Bayden navbatdagi marta Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqot qilgan. Bayden Isroil hukumati rahbarini G‘azoda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga, Rafahga bostirib kirmaslikka chaqirgan. G‘arbning ko‘plab davlatlari ham Isroilni Rafahga kirishdan tiyilishga chaqirgan, ammo Netanyahu bu chaqiruvlarga qaramay Rafah amaliyoti baribir o‘tkazilishini aytmoqda.
«Prezident Bayden men orqali AQShning pozitsiyasini aniq va ravshan qilib bildirdi: biz Rafahga operatsiyani qo‘llay olmaymiz», dedi Blinken Saudiyadagi forum davomida.
Bu vaqtda Isroil koalitsiyasida ham Rafah operatsiyasi bo‘yicha bo‘linishlar kuzatilmoqda. Kimlardir AQShning bosimi bilan Rafahga bosqinni bekor qilish sharmandali mag‘lubiyat ekanini aytayotgan bo‘lsa, boshqalar Rafahga kirish asirlarni qaytarish imkonini pasaytirishi, hozir birlamchi vazifa aynan asirlarni qaytarish ekanini aytmoqda.
Shu o‘rinda unutmaslik kerakki, Isroil Rafahga kirmasligi sektorning bu hududidagi falastinliklar tinch yashayotganini anglatmaydi. Isroil milliondan ortiq falastinliklar jon saqlayotgan bu hududga raketa zarbalarini to‘xtatgani yo‘q. Masalan, dushanba kuni Rafahdagi uchta uyga berilgan raketa zarbasi oqibatida tinch aholi vakillaridan 20 kishi halok bo‘lgani xabar qilindi.
AQSh nimani xohlamoqda?
Diplomatlar va siyosatchilarning chiqishlaridan kelib chiqadiki, ayni damda Bayden ma’muriyati chindan Hamas mag‘lub etilishi va G‘azoning kelajakdagi mavjudligida umuman rol o‘ynamasligini istamoqda. Ammo Vashington uchun Isroil G‘azoni yana bosib olmasligi eng muhimi. AQSh buning o‘rniga Falastinga qarashli sektorda arab davlatlari bilan birga yangi tuzilma tashkil etilishini istaydi. Ya’ni, hammasi urushdan oldingi arab davlatlari va Isroil o‘rtasidagi tinchlik muzokalariga qaytayotgandek: AQSh Isroilga arab davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilashga yordam beradi. Evaziga esa Tel-Aviv mustaqil Falastin davlati tuzilishiga qarshilik qilmaydi. Katta ehtimol bilan, Vashington uchun ideal yechim mana shunday bo‘ladi.
Shu kunlarda mustaqil Falastin davlatini tuzish haqida tobora ko‘proq davlatlar, eng muhimi siyosiy takliflar bo‘yicha tezda birlasha oladigan Yevropa davlatlari gapirmoqda. Masalan, Norvegiya Falastinni tan olib BMTga arab davlatlari qo‘llagan tinchlik rejasini taqdim etmoqchi. Bu haqda Saudiyadagi iqtisodiy forum maydonida Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozef Borrel ham gapirdi.
«Birgalikda harakat qilsak, buni uddalash mumkinligini ko‘ryapmiz. Biz chindan Falastin davlatini tan olmoqchimiz. Ammo buni faqat bir marta qilish mumkinligini ham bilamiz», dedi Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde Ar Riyozdagi forumdagi chiqishida.
Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Falastin davlatini tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini aytib, fevral oyida Falastin davlatini bir tomonlama tan olishni taqiqlovchi qarorni vazirlar mahkamasiga kiritgan va u to‘liq qo‘llab-quvvatlangandi. Ammo Isroilda hukumat tez-tez almashib turishi va AQSh hukumatidagilar, xususan Jo Baydenning ayni damdagi Isroil bosh vaziri bilan aloqasi yaxshi emasligi bu holat keyinchalik o‘zgarishi mumkinligini anglatadi.
«Bu Falastin tarixidagi eng dahshatli qirg‘in bo‘ladi»
Saudiyadagi forumda Falastin prezidenti Mahmud Abbos ham qatnashdi. U ta’sirli nutq so‘zladi va uning so‘zlarini olqishlar bilan kutib olishdi.
«Isroilning Falastinga bosqini 75 yil avval boshlangandi va hamon davom etmoqda. Afsuski, bu borada hamon oldinga siljish yo‘q. Biz G‘azoda bo‘layotgan voqealar haqida gapirar ekanmiz, 75 yil avvalgi hodisalarni eslamay o‘tolmaymiz. 7 oktyabrda boshlangan voqealar haqida gapirar ekanman, Falastin hukumati qayerda bo‘lmasin tinch aholiga qilingan hujumlarni oqlamasligini aytmoqchiman. Ular qaysi millatga mansubligidan qat’i nazar. Ammo hozir birinchi navbatda qilinadigan ish Isroilning o‘t ochish rejimini to‘xtatishidir.
7 okbyardan buyon Isroil Hamasdan o‘ch olish iddaosi bilan falastinlik tinch aholi vakillarini o‘ldirib kelmoqda. Bu qanday qasos bo‘ldiki, 34 ming tinch aholi vakillari o‘ldirilsa? Ularning aksari ayollar va bolalar. Yana 75 ming g‘azolik yaralangan. Ha, 7 oktyabrdan buyon 110 mingdan ortiq g‘azoliklar Isroil bosqinidan jabrlangan. G‘azodagi binolarning 75 foizi yo‘q qilingan, qolganlarida ham yashab bo‘lmaydi. Jozef Borrel to‘g‘ri aytdi, G‘azoda bo‘layotgan ishlar Ikkinchi jahon urushi vaqtida Germaniyada ham bo‘lmagan. Nafaqat Germaniya, Yevropaning biror davlati bundayin dahshatni boshidan o‘tkazmagan.
2,2 million atrofidagi g‘azoliklar uyidan mahrum bo‘lib ko‘chada qoldi. Ular hozir Rafahda jon saqlamoqda. Isroil endi bu shaharga ham bostirib kirmoqchi. Biz AQShdan bu bosqinga yo‘l qo‘ymaslikni o‘tinib so‘raymiz. Axir hamma biladiki, AQSh Isroilni bu bosqindan qaytara oladigan yagona davlatdir. Ishoning, agar Isroil Rafahga kirsa, bu Falastin tarixidagi eng dahshatli fojiaga yo‘l ochadi.
Bu voqealarning barchasi Falastin mustaqil, BMTga a’zo davlatga aylanishi qanchalik zarurligini yana bir marta ko‘rsatmoqda. O‘shanda hamma tinchlikdan rohatlanib yashashi mumkin.
G‘arbiy sohilda ham vaziyat juda yomon. Isroil G‘azodagi operatsiyasini tugatsa, G‘arbiy sohilga zo‘r berib, u yerdagi falastinliklarni uyidan haydab chiqarishga kirishadi. Ular falastinliklarni Iordaniyaga haydab chiqarmoqchi bo‘ladi, Iordaniya esa falastinliklarni haydab chiqarishlariga rozi bo‘lmaydi. Yana takrorlayman, Isroilni to‘xtatish kerak va buni qila oladigan yagona davlat AQShdir», deb so‘zini yakunlagan Mahmud Abbos.
Kun.uz
- Qo'shildi: 03.05.2024
- Ko'rishlar: 1433
- Chop etish