Kanadalik aktyorlar, rejissyorlar va musiqachilar sun’iy intellekt ularning tirikchiligi va obro‘siga tahdid solayotganini aytib, xavotir bildirmoqda.
Televideniye, kino va musiqa sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarning bir guruhi mahalliy hukumatni AI (sun’iy intellekt) qonunchiligida o‘z sohalarini himoya qilishga chaqirmoqda.
“ACTRA” aktyorlar uyushmasining ta’kidlashicha, sun’iy intellektdan cheksiz foydalanish – sun’iy ravishda yaratilgan videolarda odamlarning ismlari va tasvirlari noto‘g‘ri ishlatilishiga olib kelishi mumkin.
– Mamlakat miqyosidagi ko‘ngilochar dasturlarda o‘z obro‘-e’tiborimiz, ismimiz, imijimiz bor, biz brendmiz, -dedi Kanada san’atkorlari alyansining prezidenti Elenor Nobel parlament palatasining sanoat qo‘mitasiga yuzlanib.
Shu kunlarda qo‘mita hukumat tomonidan taklif etilgan sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonunni o‘rganib chiqmoqda.
O‘tgan yili sun’iy intellektning ta’siri Qo‘shma Shtatlardagi aktyorlar va yozuvchilarning bir guruhini ish tashlashga majbur qilgan edi.
Kanada Direktorlar Gildiyasi vakillarining ta’kidlashicha, ChatGPT kabi generativ AI katta hajmdagi ishlarni ruxsatsiz bajaradi, bu esa ekzistensial tahdid demakdir.
Avvaliga generativ AI yozma matnlar, tasvirlar va videolar kabi katta hajmdagi mavjud materiallar bilan boyitiladi, keyinchalik tizim bu materiallardan “ijod namunalari” yaratishda foydalanadi.
Masalan, Jorj R.R. Martinning “Taxtlar o‘yini” kabi bir qator kitoblar bilan ta’minlangan tizim keyinchalik muallif uslubida xuddi shunga o‘xshash asarlar yoza oladi.
Kanadada mualliflik huquqi qonuni AIga qanday tatbiq etilishi hali ham noma’lumligicha qolmoqda. Liberal hukumat yaqinda mualliflik huquqi va generativ AI bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazgan edi, AQSHda esa bu masala bo‘yicha bir qator yuqori darajadagi sud jarayonlari allaqachon boshlangan.
O‘.Alimov, O‘zA
- Qo'shildi: 14.02.2024
- Ko'rishlar: 2183
- Chop etish