“Kitay” jurnalida “O‘zbekiston ayollari – mamlakatdagi demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchilari” sarlavhali maqola e’lon qilindi.
Nashr qayd etishicha, mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasi ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tenglikni ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmni nazarda tutuvchi asosni mustahkamlagan. Asosiy Qomusning 58-moddasida davlat xotin-qizlar va erkaklar uchun jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek barcha sohalarda teng huquq va imkoniyatni ta’minlaydi, deyilgan.
– Xotin-qizlar ulushi tadbirkorlikda 37 foiz, siyosiy partiyalarda 46, oliy ta’lim muassasalarida 48 foizga yetdi, – deb yozadi jurnal. – Hozir Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 33 foizi, Senat a’zolarining 24 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyat va shahar Kengashlari deputatlarining 25 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Shuningdek, maqolada xotin-qizlarning sifatli ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratish muhim yo‘nalishga aylangani ta’kidlangan. 2017-yil 102 400 nafar ayol oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdi, 2023-yilga bu son qariyb 5 barobar oshdi. Ayni tizimni davlat tomonidan moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.
Vatandoshlar huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, bu borada qator qonun hujjatlari qabul qilingan. Jumladan, 2019-yil 2-sentyabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyat kafolati to‘g‘risida”gi qonun ayni sohadagi munosabatlar tartibga solinishini nazarda tutadi. Hujjat yangi tushunchalar mohiyatini ochib bergan.
– O‘zbekistonda ayollarning ham ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ham oiladagi mavqeini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deya xulosa qiladi muallif. – Bu ayollarga nisbatan yuksak ishonch ifodasi, ularning davlat va jamiyat taqdiriga daxldor vazifalarni amalga oshirishdagi ishtiroki muhimligi e’tirofidir.
O‘zA
- Qo'shildi: 11.03.2024
- Ko'rishlar: 1814
- Chop etish