Koronavirusga qarshi kurash: O'zbekiston tajribasi va xalqaro e'tirof

Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Covid-19 pandemiyasi haqidagi uyum-uyum uydirma maqolalar va keng jamoatchilikni chalg'ituvchi munosabatlar orasidan aniq dalillarni ajratib va saralab taqdim qilayotgan jurnalistlarning xizmatini alohida qayd etayotgani bejiz emas. Shunga qaramay, internetda tojdorvirus bilan bog'liq yolg'on ma'lumotlar tarqalishi davom etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda shu bahonada har xil noto'g'ri, adovatli va zararli bayonotlar e'lon qilinmoqda. Ayniqsa, alohida insonlar, butun boshli guruhlar, hatto suveren davlatlarni ham nohaq ayblash va qoralash holatlari avj olmoqda.

Ochiqdan-ochiq fitna va nafratga to'la bunday bo'htonlarning ba'zilarida O'zbekiston hukumati go'yoki koronavirus infektsiyasi tarqalib ketishining jiddiy oqibatlarini oldindan ko'ra bilmagan, deya iddao qilingan. Yurtimizda joriy etilgan o'zini o'zi yakkalash kabi majburiy himoya, ya'ni karantin choralari esa fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga xilof tartiblar sifatida talqin etilmoqda.

Quruq safsatadan iborat ayrim chiqishlarda keyingi 3-4 yilda O'zbekiston rahbariyati hech qanday demokratik yangilanishlarni amalga oshirmagani da'vo qilinadi. Aksincha, mamlakatda hali ham eskicha diktatura tutumi davom etayotgan emish.

"Sanamay sakkiz dema, o'ylamay – o'ttiz", deydilar. Xalqimizning necha asrlar ilgari sayqal topgan ushbu maqoli har bir insonni o'z fikrini erkin ifoda etishda xolis, adolatli va hushyor bo'lishga undaydi.

Keyingi davrda hayotimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni xalqimiz nafaqat ko'rib-bilib va qo'llab-quvvatlab turibdi, balki ushbu qamrovli va samarador o'zgarishlarda faol ishtirok etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan yangilanayotgan O'zbekistonning yutuqlari jahon hamjamiyatining e'tiroflariga sazovor bo'lmoqda.

Shu ma'noda, O'zbekistondagi yangilanishlarga doir shubhalarning savobu gunohini o'sha "folchi"larga bag'ishlaymiz. O'zimiz esa, mamlakatimizda koronavirusga qarshi olib borilayotgan izchil va samarali kurashning mazmun-mohiyati xususida so'z yuritish bilan kifoyalanamiz.

O'zbekiston koronavirusga qarshi kurashishga doir barcha qarorlarini BMT va Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalari asosida qabul qilmoqda. Bu tavsiyalar dunyodagi eng sara epidemiologlar va mutaxassislar, shuningdek ayni yo'nalishda ibratli tajriba orttirgan mamlakatlar takliflari negizida ishlab chiqilgani uchun ishonchli hamda samaralidir.

Birinchidan, JSST talabiga ko'ra, avvalo vaziyatni nazoratda ushlash, kasallikning tarqalish manbalarini aniqlash va jilovlash shart. Bu har qanday pandemiyaga qarshi kurashishning ustuvor printsipidir.

O'zbekistonda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun avvalboshdanoq zarur choralar ko'rildi. Diagnostika, davolash, karantin ishlari – bularning barchasi JSST tavsiyalari hamda ilg'or xorijiy tajribalarga tayanib amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz ushbu illatga qarshi kurashishda xalqaro hamjamiyat bilan samarali hamkorlik qilyapti. Xususan, koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Isroil va Germaniyaning yuqori malakali shifokorlari bilan muntazam tajriba almashinib, ularning ilg'or amaliyoti tele-meditsina orqali keng qo'llanilmoqda.

Eng asosiysi, koronavirusning tez tarqalishi bilan bog'liq tahlikali vaziyat dunyoning ko'plab davlatlarini naqadar shoshirib qo'yganiga barchamiz guvoh bo'ldik. O'zbekistonda esa karantin va aholini besabab ko'chaga chiqmaslik rejimi o'z vaqtida joriy etilgani tufayli hech qanday sarosima kuzatilmadi.

Ikkinchidan, JSST Bosh direktori T.Gebreyesus ta'biri bilan aytganda, jamiyat va iqtisodiyot sur'atini bir muddat to'xtatib turish evaziga biz virusning keng tarqalish imkoniyatini kamaytirdik. Bu choralar kasallikni o'rganish, unga qarshi kurashish strategiyasini ishlab chiqish borasida vaqtdan yutishimiz uchun qulay sharoit yaratdi. Sog'liqni saqlash sohasining salohiyatini mustahkamlab olganimiz esa, shubhasiz, imkoni boricha kundalik hayot tarziga qaytishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

O'zbekistonda xuddi shu tavsiyalarga amal qilingani tufayli infektsiya tarqalishini deyarli bir oy davomida sekinlashtirib turish imkoniyati tug'ildi. Bu vaqtdan davolash o'rinlarini ko'paytirish, chet davlatlarning davolash tajribasini o'rganish va joriy qilishda unumli foydalanildi.

Ayni paytda ham pandemiya bilan bog'liq jarayonlarning izidan quvib emas, balki uning barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlar, barcha resurslar safarbar etilmoqda. O'zbekistonda ishlab chiqilgan va izchil tatbiq etilayotgan koronavirusga qarshi kurashishga doir milliy strategiyaning eng muhim yutug'i shuki, pandemiya va karantin bilan bog'liq mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, aholi tushkunlikka tushgani yo'q.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan biron-bir tizim to'xtab qolmadi. Hukumat vaziyatdan kelib chiqib, xalqimizning sog'lig'ini o'ylab, ishni to'g'ri tashkil etgani tufayli aqliy mehnat, ta'lim-tarbiya bilan bog'liq faoliyat turlari masofadan turib, “onlayn” rejimda olib borilmoqda.

Uchinchidan, JSST tavsiyalariga ko'ra, kasallik bilan bog'liq jamiki holatlarni qanchalik tezroq aniqlash, tekshirish va jilovlashga erishilsa, ushbu virusga bas kelish shunchalik oson kechadi. Mazkur printsip, bir tomondan, insonlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi, ikkinchi tomondan, pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini kamaytirishga olib keladi.

O'zbekiston milliy iqtisodiiyot rivojiga e'tiborni susaytirmagan holda, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalariga ham jiddiy ahamiyat bermoqda. Xalqaro tashkilotlar bu borada mamlakatimizga ko'maklashish va mablag' ajratishga tayyor ekanini bildirmoqda.

O'zbekiston Prezidentining joriy yil 19 martdagi farmoniga ko'ra, Inqirozga qarshi kurashish jamg'armasi tashkil etildi. Mazkur fonddan infratuzilma va kommunal xo'jaligi sohasidagi loyihalarni qo'llab-quvvatlash uchun qo'shimcha ravishda 3,6 trillion so'm ajratish ko'zda tutilgan.

To'rtinchidan, bu o'rinda xalqaro tuzilmalarning cheklovlarni haddan tashqari vaqtli bekor qilmaslik borasidagi ogohlantirishini ham e'tibor markazida tutish lozim. Aks holda, virus qaytadan avj olishi va yanada yomon asoratlarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

O'zbekistonda ushbu tavsiyaga ham amal qilinmoqda. Prezidentimiz 20 aprel` kungi videoselektor yig'ilishida Respublika komissiyasiga koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko'rish bo'yicha topshiriq berdi.

Bu jarayonda faoliyati tiklanadigan ob'ektlarda ishlar sanitariya-gigiena qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda tashkil etiladi. O'zbekistonda koronavirus epidemiyasiga qarshi o'z vaqtida ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida ko'plab hududlar ushbu xavfdan saqlab qolingani uchun shunday qarorga kelindi.

Shuni ham qayd etish kerakki, ko'plab mamlakatlar pandemiyani dastlabki bosqichdayoq jilovlash imkoniyatini boy berib qo'ydi. JSST tavsiyalarini tan olmagan ayrim davlatlarning yetakchilari vaziyat o'ta jiddiy ekaniga panja orasidan qaradi. Oqibatda ular kasallikning xavflilik darajasini xaspo'shlab, o'z fuqarolarini chalg'itishdan nariga o'tmadi.

Haqiqat, kechroq bo'lsa ham, qaror topgani ma'qul. O'sha davlatboshilar, baribir, mamlakatlarida karantin e'lon qilishlariga to'g'ri keldi. Ammo, ularning loqaydligi va bepisandligi qanday ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarganini bugun dunyo ahli ko'rib turibdi. Binobarin, endilikda shunday mamlakatlarning aksariyatida har kuni yuzlab-minglab fuqarolarning koronavirusdan vafot etishi odatiy tus oldi va bu nihoyatda qayg'ulidir.

Bugungi kunda O'zbekistonning Covid-19 pandemiyasiga qarshi kurashish borasida erishgan natijalari jahon miqyosida tan olinmoqda. Yaqinda JSST tomonidan tibbiyot xodimlari
o'rtasida tashkil etilgan teleko'prik doirasida ham bunday e'tiroflar ko'p bor yangradi.

Xususan, xitoylik shifokorlar O'zbekistonning koronavirusga qarshi kurash borasidagi sa'y-harakatlarini yuksak baholadilar. Ularning fikricha, mamlakatimizda karantin choralari o'z vaqtida va mutanosib ravishda joriy etilgan. Shu bois ushbu qat'iy choralar aholi o'rtasida yalpi kasallanishning oldini olishda ishonchli to'siq vazifasini o'tamoqda.

Bundan tashqari, Covid-19 pandemiyasi davrida O'zbekiston Markaziy Osiyo mintaqaviy diplomatiyasining lideriga aylanayotgani alohida diqqatga loyiqdir. Katta nufuzga ega «The Diplomat» jurnali sahifalarida qayd etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoev siyosatiga xos bo'lgan mintaqaviy hamjihatlikka sodiqlik xususiyati hatto inqiroz davrida ham o'z kuchida qolmoqda.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 2020 yil 10 aprel` kuni videoanjuman tarzida o'tkazilgan navbatdan tashqari sammitida ham O'zbekiston Prezidentining birdamlik va hamjihatlik siyosati yaqqol ko'zga tashlandi. Koronavirusga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari muhokama qilingan ushbu anjumanda davlatimiz rahbari quyidagi beshta aniq taklif bilan chiqdi:

- Turkiy Kengash doirasida doimiy faoliyat ko'rsatadigan qo'shma epidemiologik kuzatuv tizimini shakllantirish;

- turkiy tilli davlatlarning sog'liqni saqlash vazirliklari o'rtasida o'ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, diagnostika, davolash, epidemiologik holatni o'rganish va ilmiy izlanishlar bo'yicha ma'lumot va tajriba almashuvni keng yo'lga qo'yish;

- Turkiy Kengash kotibiyatida pandemiyaga qarshi kurashish bo'yicha maxsus muvofiqlashtiruvchi guruh tuzish;

- hozirgi g'oyat murakkab sharoitda qardosh xalqlarimizni zarur oziq-ovqat va meva-sabzavot, dori-darmon, tibbiyot mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash maqsadida yuk tashish va transport kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, chegara punktlarida transport vositalarining o'zaro harakatlanishiga amaliy yordam ko'rsatish;

- koronavirus talafotlarini yumshatishda xalqaro tashkilotlar ko'magi juda muhimligini hisobga olib, JSST maqomi va vakolatlarini yanada oshirish, ushbu nufuzli tashkilot va Turkiy Kengash o'rtasida sheriklik aloqalarini o'rnatish zarur.

Ushbu takliflarning barchasi ma'qullandi va sammitning yakuniy hujjati – Boku deklaratsiyasiga kiritildi. Prezident Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, «Hammamizga ayonki, biror davlat yakka holda ushbu pandemiya balosiga qarshi samarali kurash olib bora olmaydi. Biz birdamlik, hamkorlik va o'zaro g'amxo'rlik tamoyillari asosida ish tutishimiz lozim. Biz birgalikda ko'p narsaga qodirmiz».

Darvoqe, kuni kecha internetda tarqalgan ma'lumotga qaraganda, dunyo aholisining aksariyat qismi, ya'ni 81 foizi koronavirus pandemiyasini yengishga yordam bersa cheklovlarga sabr qilishga tayyorligini bildirgan. Ayni mavzuda «Romir» va Gallup International holdingi o'tkazgan so'rovnoma natijalari shundan dalolat berayotir.

 

Abdi Rahim

Powered by GSpeech