Inson huquqlariga doir yangi adabiyotlar taqdimoti

10 dekabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2020 yilda nashr etilgan yangi adabiyotlar taqdimoti o'tkazildi. Markazning anjumanlar zalida bo'lib o'tgan ushbu taqdimot "Yangi O'zbekiston va inson huquqlari" mavzuidagi turkum xalqaro tadbirlar doirasida tashkil etildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov O'zbekiston Prezidentining bundan roppa-rosa ikki yil oldin, 2018 yil 10 dekabrda qabul qilgan qarorida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining maqsad va vazifalari belgilab berilganini qayd etdi.

Markaz, jumladan, inson huquqlari sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko'maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo'yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o'tkazish, shuningdek noshirlik faoliyatini amalga oshirish bilan shug'ullanadi.

Yangi nashrlar haqida so'z borganda, avvalambor, 10 dekabr` – Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan «COVID-19 va inson huquqlari» nomli maqolalar to'plami nashr etilganiga e'tibor qaratish lozim. 

To'plamdan 2020 yil iyul` oyida Toshkent shahrida BMTning O'zbekistondagi tuzilmalari vakolatxonalari va YEXHTning mamlakatimizdagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining ofisi bilan hamkorlikda "Pandemiya va inson huquqlari: O'zbekiston tajribasi" mavzuida tashkil etilgan Milliy muloqot materiallari joy olgan. Shuningdek, unda koronavirus tarqalishi munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi vaziyatning sharhiga bag'ishlangan maqolalar jamlangan.

Bundan tashqari, kitobda O'zbekiston hukumati tomonidan koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish bo'yicha ko'rilayotgan choralar to'g'risidagi ma'lumotlar taqdim etilgan. To'plamdan o'rin olgan o'zbek, ingliz va rus tillaridagi maqolalarning muayyan qismi pandemiya inqirozi davrida mamlakatda aholining eng himoyasiz toifalari, xususan, bolalar, ayollar, muhojirlar, mahbuslarning huquqlarini himoya qilish masalalari tahliliga bag'ishlangan.

Shuningdek, bundan bir necha kun oldin O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda birinchi marta Asosiy qonunimiz Brayl alifbosida kitob holida nashrdan chiqdi. Ushbu rasmiy nashr Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan chop etildi.

Bu ezgu ishda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi yaqindan yordam berdi. Brayl alifbosida chop etilgan “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” yurtimizdagi nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash va amalga oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun matni ham Brayl alifbosida kitob holida nashrdan chiqdi. Bu yangi nashr ikki muhim sana, ya'ni 8 dekabr` – O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 3 dekabr` – Xalqaro nogironlar kuniga munosib sovg'a bo'ldi.

Ushbu kitoblarning muayyan nusxalari, birinchi navbatda, Markazning mintaqamizda yagona hisoblanuvchi inson huquqlari bo'yicha kutubxonasidan joy oladi. Shuningdek, korxona va tashkilotlar, ta'lim muassasalariga bepul taqdim etiladi. Kitoblarning elektron nusxalari esa Markazning rasmiy saytidagi elektron kutubxonaga joylashtiriladi.

Ma'lumot uchun: Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2020 yilda 10 dan ortiq nomdagi yangi adabiyotlar nashr etildi. Quyida ushbu nashrlarning ro'yxati keltirilmoqda:

Trends in der Entwicklung der Verfassungsentwicklung in Deutschland und Usbekistan=Germaniya va O'zbekistonning konstitutsiyaviy rivojlanish tendentsiyalari=Tendentsii konstitutsionnogo razvitiya Germanii i Uzbekistana. – T.: “Niso Poligraf” nashriyoti, 2020.

COVID-19 va inson huquqlari = COVID-19 and Human Rights = COVID-19 i prava cheloveka. – T.: NTSPCH, 2020. – S. 19–21.

“Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun. T.: Adolat, 2020. (matni Brayl alifbosida kitob holida nashrdan chiqdi).

O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. T.: Adolat, 2020. (matni Brayl alifbosida kitob holida nashrdan chiqdi).

Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya: O'quv-uslubiy qo'llanma. Kasbiy tayyorgarlik masalalari bo'yicha materiallar to'plami № 19. T.: Bactria press, 2020.

Ma'ruzalar tayyorlash va kelgusi faoliyatni amalga oshirish bo'yicha milliy mexanizmlar. Xalqaro huquqni himoyalash mexanizmlari bilan davlatlarning o'zaro samarali munosabati bo'yicha amaliy qo'llanma. T.: Bactria press, 2020.

Inson huquqlari bo'yicha atamalar lug'ati=Glossary on Human Rights=Slovar` terminov po pravam cheloveka: / Tuzuvchilar: M. Tillabaev, D. Muratova, L. Ruzikulova va boshq.; mas'ul muharrirA.X. Saidov. – T.: Baktria press, 2020. –106 b. – «Inson huquqlari kutubxonasi»)

Saylov huquqi atamalari lug'ati = Glossary Of Election Law = Slovar` terminov izbiratel`nogo prava / Tuzuvchilar: M. Tillabaev, D. Muratova, L. Ruzikulova va boshq.; mas'ul muharrir akademik A.X.Saidov. – Toshkent: Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, 2020. – 154 bet. «Inson huquqlari kutubxonasi»)

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi = National Human Rights Strategy of the Republic of Uzbekistan = Natsional`naya Strategiya respubliki Uzbekistan po pravam cheloveka. T.: NTSPCH, 2020.

“Yoshlar – 2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi. Ma'ruzalar, hujjat va materiallar to'plami / Mas'ul muharrir A.X. Saidov. T.: Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, 2020.

Yo'riqnoma COVID-19 pandemiyasi davrida ozodlikdan mahrum etish joylari monitoringi. T.: Baktria press, 2020.

«Demokratlashtirish va inson huquqlari» jurnali, 1, 2, 3, 4-sonlar.

«Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari» jurnali, 1, 2, 3, 4-sonlar.
 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech