“Odam savdosiga qarshi kurashish yo'lida sheriklik”

2020 yil 2 oktyabr kuni Toshkent shahrida shu mavzuda davra suhbati bo'lib o'tdi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu anjuman “Odam savdosiga qarshi kurashish: 2015-2020 yillar” nomli Markaziy Osiyo mintaqaviy dasturining yakunlariga bag'ishlandi.

Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda o'tkazildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O'zbekistonning BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning Jenevadagi vakilligidagi Doimiy vakolatxonasi vakili Elchi Ulug'bek Lapasov, Amerika Qo'shma Shtatlarining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum, Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyo bo'yicha submintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi, Missiya rahbari Zeynal Gadjiev onlayn anjuman ishtirokchilarini qutladilar.

Davra suhbatiga Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilotning O'zbekiston bo'yicha menejeri Sanjarbek Toshboev moderatorlik qildi. Tadbir davomida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, shuningdek «Istiqbolli avlod» Respublika ijtimoiy-axborot markazi hamda «Barqaror hayot» xalqaro ijtimoiy-ma'rifiy markazi ekspertlarining ma'ruzalari tinglandi.

Anjumanda dunyo bo'ylab har yili millionlab insonlar odam savdosi qurboniga aylanayotgani tashvish bilan qayd etildi. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarlidir. BMT ma'lumotiga ko'ra, hozirgi kunda global miqyosda 40 milliondan ortiq kishi odam savdosining zamonaviy ko'rinishlaridan aziyat chekmoqda. Har yili yana 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda.

Odam savdosi – millionlab insonlarning hayotiga daxl qilayotgan va insoniy qadr-qimmatni kamsitayotgan global muammo. BMT va uning tuzilmalari, YEXHT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda davlatlar odam savdosiga qarshi kurashishga katta e'tibor qaratmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov O'zbekiston odam savdosiga qarshi kurash yo'nalishida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlarni amalga oshirayotgani haqida to'xtaldi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish bo'yicha taklifi COVID-19 pandemiyasi sharoitida odam savdosi muammosini chuqurlashtirishi mumkin bo'lgan muammolarni bartaraf etish uchun muhim ahamiyatga ega.

BMTning 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, 2019 yilda O'zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha Milliy komissiya tashkil etilgani diqqatga loyiqdir.

Davlat rahbarining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uning “Yo'l xaritasi”da odam savdosidan jabr ko'rgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi belgilandi. Shu asosda 2020 yil 17 avgustda “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonunning yangi tahriri qabul qilindi.

Bundan tashqari, tadbirda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot hamkorligida 2015-2020 yillarda USAID donorlik ko'magi asosida odam savdosiga qarshi kurashish yo'nalishida muhim tadbirlar amalga oshirilgani haqida atroflicha so'z yuritildi.

Bu borada avvalo axborot-tahliliy yo'nalishda - 2017 yilda odam savdosiga qarshi kurashish va migrantlar huquqlarini ta'minlash bo'yicha milliy tizim tahlili amalga oshirilganini ta'kidlash lozim. Treninglar yo'nalishida esa 6 ta qo'shma tadbir doirasida 166 nafar mutaxassisning kasbiy malakasi oshirildi.

Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz xodimlari Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilotning O'zbekistonda va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida o'tkazilgan tadbirlarida trener va ekspert sifatida ishtirok etdi. Markaz vakillari Koreya Respublikasi va Filippinda xizmat safarida bo'lib, odam savdosiga qarshi kurashish sohasini yanada takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqishda ham qatnashdi.

Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning Axborot-resurs markazida «Odam savdosiga qarshi kurashish» mavzuida alohida bo'lim tashkil etilib, bu yerga 25 nomdagi 100 ta maxsus adabiyot keltirildi. Ushbu kutubxona, shuningdek zarur texnik uskunalar bilan jihozlandi.

Samarqand shahrida va Andijon viloyati Oltiinko'l tumanida tashkil etilgan «Mahalla axborot-resurs markazlari»ga beg'araz asosda 500 dan ortiq kitob va jurnallar taqdim etildi.

O'zaro hamkorlikda bir qator nashrlar tayyorlandi va chop etildi. Xususan, «Odam savdosiga qarshi kurashish: 10 ta savolga 10 ta javob», «Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi asosiy atamalar izohli lug'ati», «Mehnat migrantlari uchun odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha amaliy qo'llanma» kabi kitob va risolalar o'zbek hamda qoraqalpoq tillarida nashrdan chiqarildi.

Davra suhbati yakunida yangi nashr - “Odam savdosiga qarshi kurashish” nomli qo'llanmaning taqdimoti o'tkazildi. Bolalar va yoshlar uchun mo'ljallangan ushbu mo''jaz kitob o'zbek tilidagi muxtasar matn va rasm-bezakli shaklda tayyorlangan.

Qo'llanma Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi hamda  “Odam savdosi, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish va uni bartaraf etish hamda uning uchun jazolash to'g'risida”gi Palermo protokolining 20 yilligi munosabati bilan chop etildi.

Taqdimotda O'zbekiston uchun Palermo protokoli talablarini ro'yobga chiqarish muhim vazifalardan biri bo'lib turganiga e'tibor qaratildi. Shu ma'noda, yangi qo'llanma nihoyatda dolzarb va foydalidir.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech