Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudining 2024 yil 26 dekabrdagi qaroriga muvofiq, 1978 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan G‘.Dustov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topilib, unga 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan edi.
Bugun Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasida G‘.Dustovning advokatlari tomonidan birinchi instansiya sudining qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatlari sudya F.Ergashev raisligida ko‘rib chiqildi.
Apellyatsiya sudida G‘.Dustovning mayda bezorilik sodir etgani tasdiqlanib, birinchi instansiya sudi tomonidan uning harakati to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan, deb topildi.
Shuningdek, sud G‘.Dustov avval ham (1 yil mobaynida) aynan shu turdagi huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgani sababli advokatlarning G‘. Dustovga yarashuvga bo‘lgan huquqini tushuntirmaganligi haqidagi vajlari bilan kelishmadi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 3 yanvardagi ajrimiga muvofiq, G‘.Dustovga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudi tomonidan chiqarilgan qaror o‘zgartirilib, huquqbuzarning pushaymonligi, sog‘lig‘i hamda mahalla yettiligining unga yengillik berishni so‘rab kafillik bildirilgani inobatga olingan holda unga tayinlangan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi 8 sutka ma’muriy qamoq jazosiga keltirildi.
Bugungi kun holatiga G‘.Dustov jazoni to‘liq o‘taganligi bois sud zalidan ma’muriy qamoqdan ozod qilindi.
Advokatlarning apellyatsiya shikoyatlari qisman qanoatlantirildi.
O‘zA
- Qo'shildi: 04.01.2025
- Ko'rishlar: 460
- Chop etish