So‘nggi yillarda O‘zbekiston ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan jadal islohotlar yo‘liga tushib oldi. Buning samarasi o‘laroq, mamlakatimizda ekologik muammolarni yumshatish, atrof-muhitni asrash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni jarayonda 2030 yilgacha mo‘ljallangan Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlanganini alohida e’tirof etish zarur.
O‘tgan yil 19 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyoni qiynayotgan dolzarb ekologik muammolarni hal qilishga qaratilgan rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qulladi. O‘zbekiston boshchiligida qator davlatlar koalitsiyasi hammuallif bo‘lgan ushbu taklif mintaqamizning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashda jamoaviy harakatlarga sodiqligini tasdiqlaydi.
“Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” nomli rezolyutsiyada iqlim o‘zgarishi davrimizning barqaror rivojlanishiga jiddiy to‘siq bo‘layotgan eng murakkab muammolaridan biri sifatida ifodalangan. O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari ushbu muammoni hal qilishga bevosita salmoqli hissa qo‘shish barobarida mintaqadagi ekologik muammolarga xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb qilishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari suryapti.
Masalan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan BMTning Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik Trast fondi faoliyatiga alohida e’tibor berilib, dengiz qurishi oqibatini yumshatish borasidagi sa’y-harakatlarga butun dunyo ahamiyat qaratyapti.
Rezolyutsiya Markaziy Osiyoda iqlim va ekologik tahdidlarga samarali qarshi turish, jumladan barqaror qishloq xo‘jaligi, obodonlashtirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya samaradorligi, chiqindini qayta ishlash, barqaror turizmni rivojlantirish, “aqlli shaharlar”ni yaratishga doir tavsiyalarni qamrab olgan. Bosh Assambleya BMT tizimi, xalqaro va moliya institutlari, xususiy sektor, investor va donorlarga Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarni hal qilish uchun yetarli resurs safarbar etish, mavjud salohiyatni oshirish va yordam ko‘rsatishda davom etishni tavsiya qildi.
Markaziy Osiyo, jumladan Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik muammolarni hal etishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini ko‘rish bilan birga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlangan hujjatda mintaqadagi cho‘llanish, qurg‘oqchilik, qum-chang bo‘roniga qarshi kurashishga chaqiruvda yangi texnologiya va ilg‘or tajriba markaziy o‘rin tutadi. Innovatsion yondashuvning ekologik tahdidni yumshatishdagi hal qiluvchi rolini belgilaydi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo va boshqa davlatlar tog‘ ekotizimini himoya qilish, muzlikni saqlash bo‘yicha sa’y-harakatni kuchaytiradi.
Tog‘ ekotizimini muhofaza qilish va muzlikni asrab-avaylash zarurligi ta’kidlangan rezolyutsiya butun dunyo mamlakatlarini bu boradagi ishlarni faollashtirishga chaqiradi.
Qayd etish kerak, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda muhim o‘rin egallagan O‘zbekiston inson resurslari bo‘yicha mintaqaning eng yirik va qudratli davlatlaridan biri sifatida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida butun dunyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha BMT doirasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga sodiqlik bilan yondashmoqda.
O‘zbekiston transchegaraviy daryolarda suv va energiya resurslaridan oqilona va kompleks foydalanish tarafdori. Markaziy Osiyo va mintaqaning ekologik barqarorligiga ahamiyat beradi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyoga har tomonlama yondashuvi mintaqada tinchlik, iqtisodiy taraqqiyot va o‘zaro manfaatli hamkorlikka ko‘maklashishga qaratilgan.
Ahamiyatli jihati, Shavkat Mirziyoyev mamlakatni yanada toza va barqaror muqobil energiya manbalari sari yetaklovchi keng ko‘lamli, ulkan islohotni boshlab berdi. Ushbu bosqichning muhim jihati 2030 yilgacha mamlakat elektr energiyasining 30 foizini qayta tiklanadigan manbalardan olish g‘oyasidir. Bu hayot darajasini oshirishga qaratilgan global iqlim tashabbuslari bilan uyg‘unlashgan intilishdir.
Davlat rahbarining yashil islohot va qayta tiklanadigan energiyani rag‘batlantirishga e’tibori barqaror kelajakni shakllantirishga zamin yaratadi. Bundan tashqari Prezident tomonidan 2017-2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturi qabul qilinib, aholi turmush sharoiti va sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi. Qoraqalpog‘istonni 2020-2023 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi tasdiqlanishi ham ayni jarayonning mantiqiy davomi, deyish mumkin.
2018 yil Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazi tashkil etildi. Bu O‘zbekistonning innovatsiya va rivojlanishga intilishining amaldagi isbotidir. Davlat rahbarining energetika evolyutsiyasiga oid qarashi nafaqat iqtisodiyotni jonlantiruvchi, balki mamlakatni yashil ertangi kun sari yo‘naltiruvchi strategiya bilan hamohang.
Prezident Mirziyoyev BMTda so‘nggi o‘ttiz yil mintaqada havo harorati bir yarim daraja ko‘tarilgani o‘rtacha global isishdan ikki barobar ko‘pligini alohida ta’kidladi. Natijada muzlik umumiy maydonining uchdan bir qismi yo‘q bo‘lib ketdi. Bu tendensiya davom etsa, mintaqadagi ikki yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foiz kamayishi mumkinligidan ogohlantirdi. Aholi jon boshiga suv ta’minoti 25 foiz, ekinlar hosildorligi 40 foiz kamayishi kutilmoqda. O‘zbekiston yetakchisi xalqaro hamjamiyatni ushbu masalaga e’tibor qaratib, tegishli choralar ko‘rishga chaqirdi.
Xulosa qilib aytganda, global hamda mintaqaviy ekologik xavf-xatarga qarshi kurashda hamkorlikni yanada kengaytirish juda dolzarb. Zero, manfaatdor tomonlar mintaqada iqlim o‘zgarishi ta’siriga chidamni oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish va jarayonni qo‘llab-quvvatlash orqali Markaziy Osiyodagi dolzarb ekologik muammolarni hal qilishi, mintaqaning barqaror va farovon kelajagini ta’minlashi mumkin.
Xolid Taymur Akram,
Pokiston tadqiqot markazi
ijrochi direktori
O‘zA
- Qo'shildi: 20.02.2024
- Ko'rishlar: 2203
- Chop etish