O‘zbekiston BAA bilan “quruq” portlar barpo etish bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 yanvar kuni Abu-Dabi shahriga tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari investitsiyalar vaziri, ADQ holdingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda AD Pors Group kompaniyasi rahbari Muhammad Juma al-Shamisiy, Tadweer rahbari Ali al-Daheriy, Plenary Group rahbari Mustafo Faxur va DUCAB rahbari Muhammad al-Kurashiy ishtirok etdi.

Ushbu kompaniyalar o‘z sohalarida jahon yetakchilaridan biri bo‘lib, ularning jami aktivlari 200 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

Yuqori texnologik tarmoqlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish va investitsiya portfelini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

BAA bilan iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Investitsiyalarni ilgari surish, sanoat va ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Har bir kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilandi. Infratuzilmani rivojlantirish, shaharsozlik, energetika, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, kommunal xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar haqida so‘z yuritildi.

Innovatsion texnologiyalarni joriy etish, nodir metall konlarini o‘zlashtirish, mintaqaviy temiryo‘llarni rivojlantirish va "quruq" portlar barpo etish, kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini jadallashtirish, ta’lim va tibbiyot sohalarida DXSh loyihalarini ilgari surish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.

Kun.uz

Powered by GSpeech