Oʻzbekiston vakili Musulmon oqsoqollari kengashiga aʼzo boʻldi

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Musulmon oqsoqollari kengashiga aʼzo boʻldi.

Al-Azhar imom-xatibi, Musulmon oqsoqollari kengashi raisi doktor Ahmad At-Toyyib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovni Musulmon oqsoqollari kengashi aʼzosi etib tayinladi.

Musulmon oqsoqollari kengashi bosh kotibi, Muhammad Abdulsalom Oʻzbekiston Hukumati va shayx Nuriddin Xoliqnazarovga tabrigida, mamlakatimiz va mintaqamizda diniy-maʼrifiy soha rivojiga qoʻshayotgan hissasi uchun oʻz minnatdorligini bildirgan. “Oʻzining boy tarixi, rang-barang merosi va chuqur intellektual, madaniy va diniy taʼsirga ega boʻlgan merosi bilan Markaziy Osiyoda Musulmon oqsoqollar kengashining roli va faoliyatini oshirish maqsadida shayx Nuriddin Xoliqnazarov bilan hamkorlik qilishni sabrsizlik bilan kutyapmiz. Bu hamkorlik, shuningdek, dinlararo muloqot, bagʻrikenglik, jamiyatda tinchlik va totuvlikni taʼminlash hamda oʻzaro hurmatni rivojlantirishga qaratilgan”, - deydi u.

Oʻz navbatida, Musulmon oqsoqollari kengashining yangi tayinlangan aʼzosi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rahbari, shayx Nuriddin Xoliqnazarov ham mazkur kengashga aʼzo etib tayinlangani oʻzi hamda Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning barcha xalqlari uchun faxr ekanini taʼkidladi. Shayx Nuriddin Xoliqnazarov, shuningdek, Al-Azhar bosh imomi va Musulmon oqsoqollari kengashi raisi doktor Ahmad At-Toyib hazratlari, kengash aʼzolari va Bosh kotibga ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga aʼzo etib tayinlangani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Oʻzbekiston vakili Kengashning musulmon dunyosi manfaatlariga xizmat qilish, tinchlikni mustahkamlash, hamkorlikni rivojlantirish, Oʻzbekistonda mavjud boʻlgan islom merosini asrab-avaylashga qaratilgan maqsadlariga erishish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishini alohida qayd etdi.

Musulmon oqsoqollar kengashi Abu-Dabida 2014-yilda Al-Azhar bosh imomi doktor Ahmad At-Toyib raisligida tashkil etilgan mustaqil xalqaro tashkilotdir. Kengash tarkibiga bir qancha olimlar va diniy –maʼrifiy sohaning yetuk vakillari kiradi. Kengash maqsadi musulmon va musulmon boʻlmagan jamiyatlarda tinchlikni taʼminlash, oʻzaro muloqotni rivojlantirish, bagʻrikenglik va hamjihatlik kabi chin insoniy qadriyatlarini targʻib qilish hamda mustahkamlashdan iborat.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech