O‘zbekistonda "yashil" iqtisodiyotga o‘tish jarayoni jadallashmoqda

Mamlakatimizda "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish ekologik barqarorlikni ta’minlash, issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirish va energetika sohasida yangi, toza texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutadi. Bu jarayon qishloq xo‘jaligi, sanoat va transport sohalarida energiyani tejash, tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda barqaror ish o‘rinlari yaratish orqali mamlakatning iqtisodiy o‘sishini rag‘batlantiradi.

Shuningdek, "yashil" iqtisodiyotga o‘tish O‘zbekistonning global iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashda faol ishtirok etishi va aholi farovonligiga qaratilgan ustuvor siyosatni amalga oshirishini ta’minlaydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasi va dasturlari ijrosini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Javlonbek Hakimov bilan suhbatimiz yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida bo‘ldi.

 – Javlonbek Abdulhaqovich, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu ishlar doirasida "yashil" iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha qanday dastlabki qadamlar tashlandi?

–O‘tgan yillarda mamlakatimizda "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Masalan, 2023-2024 yillarda ekologik jihatdan toza texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sifati va jarayonlarning monitoringi uchun "yashil energiya sertifikatlari" tizimi joriy etildi. 

Bu sertifikatlar energiyaning "tozaligini" tasdiqlaydi va ularni eksport qilish yoki yangi bozorlarga chiqishda qulaylik yaratishga imkon beradi. Masalan, Yevropa Ittifoqi bozorlarida bu sertifikatlar majburiy talabdir. 

Ushbu sertifikatlar qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaruvchilari tomonidan yakuniy foydalanuvchilarga sotiladi va bu, o‘z navbatida, mamlakatning energetika sektorining barqarorligini ta’minlaydi. "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyatining birja savdolari orqali hozirga qadar 48000 dan ortiq "yashil energiya sertifikati" sotildi. 

Mazkur sertifikatlar mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan “Energoqurilishindustriya” UK, “O‘zsanoatqurilishbank”, “UzBAT”, “Click” va “WorleyParsons” kompaniyalari tomonidan xarid qilindi. Bunday sertifikatlarini keng targ‘ib qilish maqsadida Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi tomonidan xususiy sektor va davlat korxonalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, bir qator xalqaro konferensiya, davra suhbatlari, o‘quv-seminarlarda ishtirok etib kelinmoqda.

– Bugungi kunda energetika sohasida tarif islohotlarini amalga oshirish hisobiga issiqxona gazlarini qisqartirish (iCRAFT) loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu jarayondagi dastlabki natijalar haqida nima deysiz?

–"Yashil" iqtisodiyotga o‘tishda iqtisodiy va ekologik loyihalar muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston hukumati Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan "iCRAFT" loyihasi issiqxona gazlarini kamaytirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu Markaziy Osiyodagi birinchi uglerod savdosini moliyalashtirishga qaratilgan. 

Umumiy qiymati 46 million dollar miqdoridagi ushbu loyihaning tatbiq etilishi mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish va xalqaro uglerod savdosiga kirishishda muhim rol o‘ynaydi. 

2024 yilda mazkur loyiha bo‘yicha Jahon banki tomonidan “Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi” (ERPA) doirasida 7,5 million AQSH dollari ajratildi. Bu mablag‘lar "yashil"  iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish, issiqxona gazlari chiqindilarini monitoring qilish (MRV) tizimini yaratish, yangi tashkil etilgan Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi va "O‘zenergosotish" AJ faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, quyosh panellarini o‘rnatish orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash va energiya samaradorligini oshirishga yo‘naltirilmoqda. 

Shuningdek, Jahon banki bilan birgalikda iqlim o‘zgarishi sharoitida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha milliy baholash (CCDR – Climate Change and Development Report) loyihasi ham amalga oshirildi va hisoboti e’lon qilindi. Ushbu baholash iqtisodiyotga xalqaro arzon “yashil” moliyaviy ko‘maklarni jalb qilishga yordam beradi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashil" iqtisodiyotga o‘tishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori  loyihasi tasdiqlandi. Ushbu tizim Milliy miqyosda belgilangan hissa (Nationally determined contributions -NDCs) ijrosini baholash, xalqaro uglerod bozorlarida ishtirok etish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro issiqxona gazi savdosi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi vaqtincha nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi ham tayyorlandi.

Shuningdek, Parij bitimining 6.2 va 6.4-moddalariga muvofiq xalqaro savdo mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. Milliy shaffoflik tizimi doirasida 70 dan ziyod tashkilotdan 100 ga yaqin mutaxassis uchun onlayn treninglar va o‘quv-seminarlar o‘tkazildi. Bu choralar mamlakatda barqaror rivojlanishni ta’minlash va yashil o‘sishga ko‘maklashish maqsadida amalga oshirilmoqda.

– Mamlakatimizda xususiy sektor va "yashil" sanoat siyosati bo‘yicha xalqaro hamkorlik qanday samara bermoqda? 

–Milliy va xususiy sektorlar o‘rtasidagi hamkorlik ham "yashil" iqtisodiyotga o‘tishda muhim omillardan. Xususan, ayni kunlarda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda “O‘zbekistonda xususiy sektorga yordam va siyosat bo‘yicha maslahatlar” loyihasi amalga oshirilmoqda. 

Mazkur loyiha doirasida vazirlik va idoralarning 80 nafar xodimi, shu jumladan, 30 nafar xotin-qiz “yashil” sanoat siyosati bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Shuningdek, hamkor vazirliklarga “yashil” sanoat siyosatiga amal qilish uchun to‘rtta strategik hujjat tayyorlashda yordam berilyapti va 25 ta kichik va o‘rta korxona CO2 emissiyasini 10 foizga kamaytirish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlanyapti.

Shu bilan birga, ushbu loyiha doirasida xususiy sektorga yordam ko‘rsatish, "yashil" sanoat siyosati bo‘yicha maslahatlar va "yashil" texnologiyalarga investitsiya jalb qilish ishlari olib borilmoqda. Bu loyiha hukumat tomonidan qabul qilinayotgan islohotlar bilan hamohang bo‘lib, mamlakatning "yashil" iqtisodiyotga o‘tish jarayonini tezlashtiradi.

– "Yashil" iqtisodiyotga o‘tish borasida galdagi  rejalar qanday? 

–2025 yilda O‘zbekistondagi "yashil" iqtisodiyotga o‘tish chora-tadbirlari yanada tizimli tashkil etilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Jahon banki va YeTTB bilan hamkorlikda iqtisodiyotni dekarbonizatsiyalash va "yashil" rivojlanish modeliga o‘tish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqmoqda. Bu strategiya Parij bitimining 4-moddasiga muvofiq bo‘lib, iqtisodiyot tarmoqlarida uglerod neytralligiga erishish uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va investitsiya rejalarini o‘z ichiga oladi

Shu bilan birga, “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi. 2023-2026 yillarlarga mo‘ljallangan reja doirasida issiqxona gazlarining chiqarilishini davlat tomonidan tartibga solish infratuzilmasini bosqichma-bosqich yaratish choralari ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston tomonidan Milliy miqyosda belgilangan hissa (Nationally determined contributions -NDCs) 2021 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiyasiga taqdim etilgan. Mazkur hujjat emissiyalarni qisqartirish va iqlim ta’sirga moslashish uchun mamlakatning iqlim bo‘yicha harakatlar rejasidir. 

Parij kelishuvining barcha a’zolaridan mazkur hujjatni tuzish va uni har 5 yilda yangilab turish talab qilinadi. 2025 yilda uning yana yangilangan tahriri ishlab chiqiladi.

Demak, "yashil" iqtisodiyot – atrof-muhitni muhofaza qilish va iqtisodiy rivojlanishni muvozanatli tarzda ta’minlashga qaratilgan muhim yo‘nalishdir. O‘zbekistonda xususiy sektor va "yashil" sanoat siyosati bo‘yicha xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar ekologik barqarorlik va iqtisodiy rivojlanish uchun mustahkam asosdir. 

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva

suhbatlashdi.

Powered by GSpeech