Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva Nyu-York shahrida “BMT-Ayollar” tuzilmasi direktori Sima Sami Baxus bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va “BMT-Ayollar” tuzilmasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xususan, ushbu tashkilotning mamlakatimizdagi faoliyatini yana-da faollashtirish, gender tenglikni taʼminlash sohasidagi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Keyingi yillarda gender tenglikka erishish, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularga teng imkoniyatlar yaratish borasida O‘zbekistonda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, bunda BMTning tavsiyalari muhim o‘rin tutayotgani alohida taʼkidlab o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi “BMT-Ayollar” tuzilmasining butun dunyoda gender tenglikka erishish va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha 2022–2025 yillarga mo‘ljallangan strategik rejasiga hamohangligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Sima Sami Baxus BMT-Ayollar tashkiloti O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy hamkor deb bilishi, mamlakatdagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar hamda BRMni amalga oshirishda faol hamkorlik qilishga tayyor ekanligini qayd etdi. Tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda xotin-qizlarning ishtiroki masalalarida Toshkentning muhim roli eʼtiborga olinib, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
– O‘zbekiston gender tenglikni taʼminlashda erishgan sezilarli yutuqlarni hisobga olib, mamlakatingizni mintaqa davlatlari orasida gender masalalarini ishlab chiqishda bog‘lovchi rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan ko‘prik sifatida ko‘ramiz – deya taʼkidladi Sima Sami Baxus.
Suhbat yakunida O‘zbekiston va “BMT-ayollar” tuzilmasi bilan amaliy loyihalarni tatbiq etgan holda hamkorlikni yana-da kuchaytirishga kelishib olindi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 15.03.2024
- Ko'rishlar: 1947
- Chop etish