O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, kelajakka intilib yashaydigan yosh avlod sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror bo'lishi uchun yangi g'oyalar va ijodiy ruhdagi sa'y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir. Bu fikrlar davlatimiz rahbarining bugun, 2020 yil 12 avgust soat 13.00 da o'z ishini boshlagan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi ishtirokchilariga yo'llagan tabrigida yangradi.
"Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi forumning ochilish marosimida O'zbekiston Prezidentining tabrigini O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva o'qib eshittirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoev o'z tabrigida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga O'zbekistonning mazkur forumni o'tkazish to'g'risidagi tashabbusini qo'llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildiradi.
O'zbekiston Prezidenti, shuningdek xalqaro anjuman ishida ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot, Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari va boshqa xalqaro sheriklarimizga tashakkur izhor etdi.
"BMTning Yoshlar strategiyasida ta'kidlanganidek, “yoshlar siymosida eng qimmatli va o'ta muhim resurslar mujassam topgan bo'lib, unga har qancha investitsiya kiritsa arziydi, chunki bu sarmoyalar bir necha barobar ziyoda bo'lib qaytadi”. Men g'oyat muhim ushbu fikrga to'liq qo'shilaman", deb qayd etdi o'z tabrigida O'zbekiston rahbari.
"Shu yilning boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq vaziyat global hayot kun tartibidagi markaziy masala bo'lib kelmoqda. Yangi koronavirusning tarqalishi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keldi. Aholi, birinchi galda yoshlar ana shu tahdidlarga javoban davlatlar hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng ko'lamli chora-tadbirlar ko'rilishini talab etadigan ko'plab muammolarga to'qnash keldi.
Bunday sharoitda yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimdir. Ularning dolzarb ehtiyojlarini ta'minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratib berish zarur", deyiladi O'zbekiston
Prezidentining tabrigida.
Tabrikda ta'kidlanganidek, "Aholisining yarmidan ziyodini yoshlar tashkil etadigan O'zbekistonda ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi etib belgilangan".
Shu munosabat bilan, Prezidentimiz tabrigida qayd etilganidek, "BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O'zbekiston tomonidan ilgari surilgan Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning qabul qilinishi jahondagi ikki milliarddan ortiq yigit va qizlarning haq-huquqlarini ta'minlashda muhim ahamiyatga egadir. U yosh avlodni ma'rifiy ruhda tarbiyalash, ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, o'z salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo'llab-quvvatlanmoqda".
Davlatimiz rahbari, shuningdek "bugungi Forum ishtirokchilari ham ana shu tashabbusni qo'llab-quvvatlaydilar, hujjat loyihasini o'z amaliy takliflari bilan boyitadilar", deb ishonch bildirdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga murojaatini BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo'yicha boshqarmasi (YUNODS) mintaqaviy vakili, BMT Doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Ashita Mittal o'qib eshittirdi.
BMT Bosh kotibi o'z tabrigida Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumini tashkil etgani uchun O'zbekiston Hukumatiga minnatdorchilik bildirdi va ushbu forum Xalqaro yoshlar
kunida o'tkazilayotganiga alohida e'tibor qaratdi.
"Forumning "Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” deb nomlangani yoshlar vakillarining ijtimoiy hayotda va qarorlar qabul qilish jarayonlarida yanada keng ishtirok etishi uchun ko'maklashishga qaratilgan", deb qayd etdi BMT Bosh kotibi. – "Siyosiy jarayonlarning adolatparvarligini oshirish, yanada sifatli va barqaror siyosatni ishlab chiqish hamda yoshlar o'rtasida jamoat muassasalariga nisbatan ishonchni tiklash uchun bu juda muhimdir. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti hukumatlarning yoshlarga doir siyosatni ishlab chiqish borasidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi, chunki bu navqiron insonlarga ijtimoiy va siyosiy qarorlar qabul qilish hamda rivojlanishning yoshlar manfaatlarini ham ko'zda tutadigan strategik maqsadlarini belgilashda mustaqil ishtirok etish imkoniyatini beradi".
BMT Bosh kotibi ta'kidlaganidek, "Navqiron insonlarning sa'y-harakatlari iqlim inqirozi, inson huquqlari himoyasi, nizolarni bartaraf qilish va hal etish kabi o'ta muhim global muammolarga yechim topishning ustuvor omili hisoblanadi".
Antoniu Guterrish, shuningdek bugungi dunyoning holatini ko'p jihatdan COVID-19 inqirozi belgilab berayotgan sharoitda "pandemiya dunyo talabalarining 90 foizdan ortig'ini ta'lim olishdan uzib qo'ydi va oqibatda ta'lim sohasidagi shusiz ham mavjud bo'lgan tengsizlik yanada qaltislashdi hamda global inqiroz murakkab tus oldi", deb o'z tashvishini bildirdi. Ayni chog'da, uning ta'kidlashicha, "garchi ta'lim pandemiyaning yaqqol qurboni hisoblansa-da, u uzoq muddatga mo'ljallangan tiklanish va barqaror rivojlanishning kalitiga ham aylanmoqda". Shu munosabat bilan Murojaatdan mazkur Forumning barcha ishtirokchilarini va butun dunyodagi jami yoshlarni "Kelajagimizni asrab qolaylik" nomli ta'lim kampaniyasiga qo'shilishga chorlov o'rin olgan.
"Istiqbolga nazar solgan holda, keling, dunyodagi barcha navqiron insonlarning huquqlari va orzu-umidlarini himoya qilish va qo'llab-quvvatlash ishiga sodiq bo'lib qolaylik", deyiladi BMT Bosh kotibining Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaati yakunida.
Shuni qayd etish kerakki, Samarqand forumining asosiy milliy tashkilotchisi O'zbekiston Hukumati hisoblanadi. Xalqaro anjumanni o'tkazish mas'uliyati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan.
Forum BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi hamda ushbu Boshqarmaning Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari bo'yicha byurosi, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert fondi kabi bir qator xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda o'tkazilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.08.2020
- Ko'rishlar: 4135
- Chop etish