Shu kunlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida Statistika komissiyasining navbatdagi 55-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Bahodir Begalov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ham ishtirok etmoqda.
Agentlik axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, Statistika agentligi rahbari BMT Statistika komissiyasining 55-sessiyasida chiqish qilib, mamlakatimizda statistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, statistika idoralari faoliyatiga joriy etilgan so‘nggi o‘zgarishlar, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, faoliyatni sifatni boshqarishning ilg‘or tizimlari asosida yo‘lga qo‘yish, statistik jarayonlarni so‘nggi xalqaro statistika uslubiyotlariga mos ravishda amalga oshirish borasida erishilgan natijalar xususida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va gender statistikasini yuritish borasida “Ochiq ma’lumotlar xatlovi” (ODIN) baholashlarida qayd etilgan yutuqlar haqida ma’lumot berib o‘tildi.
Shu bilan birga, BMTning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha ijtimoiy va iqtisodiy komissiyasi (ESKATO), shu jumladan ESKATO hududidagi davlatlar bilan mintaqaviy statistikani takomillashtirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari to‘g‘risida ham axborot berildi.
Sessiya davomida statistika sohasida qabul qilinayotgan so‘nggi xalqaro uslubiyotlar va ilg‘or xorijiy tajribalar bo‘yicha ma’lumotlar almashildi hamda Statistika agentligi direktori nomzodini 2025-yilda bo‘lib o‘tadigan BMT Statistika komissiyasi a’zoligiga ilgari surish bo‘yicha tashkiliy masalalar muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari BMTning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha ijtimoiy va iqtisodiy komissiyasining Statistika kengashi Byurosi va Islom hamkorlik tashkilotining Statistika komissiyasi Byurosining ishchi muhokamalarida ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida BMT Statistika departamenti, Open Data Watch tashkiloti, Islom hamkorlik tashkilotining SESRIC markazi, BMTning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha ijtimoiy va iqtisodiy komissiyasi (ESKATO)ning Statistika bo‘limi, BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasi Statistika bo‘limi, MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi hamda Kanada, Malayziya, Koreya, Singapur, MDH va Markaziy Osiyo davlatlari milliy statistika idoralari rahbarlari tomonidan sohaga doir dolzarb mavzular va hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini rivojlantirish borasida muhim masalalar bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik kelishuvlariga erishildi.
Jumladan, Malayziya milliy statistika idoraci rahbari bilan ikki idora o‘rtasida statistika sohasida o‘zaro hamkorlik va anglashuv memorandumi imzolandi.
BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasi, Yevrostat va Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasi tomonidan 2024-yilning 4-choragida O‘zbekiston milliy statistika tizimini global baholashdan o‘tkazish rejalashtirildi.
Koreya milliy statistika idorasi bilan 2024-yilning may oyida Statistika agentligi delegatsiyasining tajriba almashish maqsadida tashrifi va tizim kadrlari salohiyatini oshirish maqsadida ikki idora institutlarining “tvining” asosida integratsiyasi masalalari yuzasidan kelishib olindi.
Mazkur uchrashuvlar so‘nggi xalqaro tavsiyalar va ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish masalalarida yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA
- Qo'shildi: 01.03.2024
- Ko'rishlar: 1768
- Chop etish