Hindistonning ommabop “The Economic Times” gazetasida e’lon qilingan tahliliy maqolalardan biri Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2024) yakuniga bag‘ishlandi.
Nashr sharhlovchisi Dipanjan Chaudhuri “O‘zbekiston hayotga tatbiq etilayotgan muhim islohotlar va bozor iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan qadamlar, xorijiy davlatlar, jumladan Hindistondan investitsiya jalb qilish orqali o‘zini mintaqaviy sarmoya markazi sifatida namoyon etmoqda”, deb yozgan.
Materialda mazkur anjuman sarmoya kiritish jarayonini rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgani, yalpi majlisda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgani haqida so‘z yuritilgan.
– Davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum o‘tgan uch yil davomida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilg‘or g‘oya va yondashuvlar ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi, – deya ta’kidlaydi muallif. – Shavkat Mirziyoyev tadbir mamlakatda ortga qaytmas tus olgan islohotlarga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga nisbatan jiddiy qiziqishdan dalolat berishini ta’kidladi. O‘zbekiston yetakchisi mamlakatda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash borasida tashlanayotgan qat’iy qadamlar, har bir sarmoyador o‘zini erkin va ishonchli his qilishi uchun amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni sanab o‘tdi.
Dipanjan Chaudhuri nashr o‘quvchilari e’tiborini ana shunday izchil sa’y-harakatlar samarasiga qaratgan: so‘nggi yillarda milliy iqtisodiyot qariyb ikki barobar o‘sdi, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha ijobiy o‘zgarish 6 foizni tashkil qildi, savdo aylanmasi ko‘rsatkichi muttasil oshmoqda, valyuta bozori va oltin-valyuta zaxirasi barqarorligi ushlanmoqda.
– Oxirgi yillarda mamlakatda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi, xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ko‘p mablag‘i ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi, – deb urg‘ulagan muallif. – Energetika sohasida “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren”, “Voltalia”, “Ҫalɩk” va “Aksa”, kimyo sanoatida “Air Products”, “Indorama” va “CAMCE”, tog‘-kon va metallurgiyada – “Orano” va “DANIELI”, avtomobilsozlik va elektrotexnika yo‘nalishlarida “BYD”, “Kia” va “Samsung”, qurilish sohasida “Koҫ” va “KNAUF” kabi dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirildi. Toshkent forumi doirasida “Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding” va boshqa yirik sheriklar ishtirokida yangi yirik loyihalarga start berildi.
“The Economic Times” maqolasida “TXIF-2024” anjumanining mazmun-mohiyati, ahamiyati, natijasi haqida ham batafsil ma’lumot berilgan.
O‘zA
- Qo'shildi: 07.05.2024
- Ko'rishlar: 1417
- Chop etish