Tramp millionlab noqonuniy migrantlarni mamlakatdan haydamoqchi

AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp qayta saylansa, millionlab noqonuniy migrantlarni mamlakatdan haydab chiqarish niyatida. U hukumatga tegishli barcha huquq-tartibot idoralari xodimlarini shu ishga jalb qiladi, deb yozdi “Axios” portali ishonchli manbaga tayanib.

– Donald Trampning immigratsiyaga qarshi kurash rejasi millionlab insonlarni AQSHdan chiqarib yuborish uchun turli vositalardan foydalanishni ko‘zda tutadi, – deyiladi xabarda. – Bu amaliyot har yili olib boriladi.

Tramp yana prezident bo‘lsa, noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan deportatsiya qilishga immigratsiya agentlari, bojxona politsiyasi, federal qidiruv byurosi, giyohvand moddalarga qarshi kurash boshqarmasi, federal prokurorlar, Milliy gvardiya va hatto, shtat va mahalliy huquq-tartibot idoralari xodimlarini jalb qiladi. Qo‘shimcha qilinishicha, harbiylar mamlakatdan chiqarib yuborilishi ko‘zda tutilganlarni saqlash uchun chegara yaqinida ob’ektlar quradi.

Tramp odatiy deportatsiya jarayonini hozir foydalanilmayotgan qonun osti bo‘limlari yordamida qisqartirishi mumkin. Ya’ni, jinoiy o‘tmishga ega ayrim migrantlar ushlanib, sudsiz, so‘roqsiz, shu zahotiyoq badarg‘a qilinadi. Faqat hozircha mazkur rejaning dollardagi qiymati qanchaga tushishi noma’lumligicha qolmoqda.

Avvalroq Donald Tramp AQSHda noqonuniy migrantlar soni Jo Baydenning prezidentlik muddati davomida 19 million kishiga yetadi, deb bayonot bergan edi. Uqtirilishicha, ularning ko‘pchiligi sobiq mahbuslar, ruhiy xastalar saqlanadigan kasalxona mijozlari yoki terrorchilar. Sobiq yetakchi ta’kidlashicha, o‘zi Oq uyda o‘tirgan payt AQSH chegarasi mamlakat tarixidagi “eng xavfsiz davr” bo‘lgan emish.

Darhaqiqat, AQSHda so‘nggi yillarda noqonuniy migratsiya oqimi rekord darajada oshgan. O‘tgan yil dekabrda chegara xizmati xodimlari bir oyda chegarani noqonuniy kesib o‘tgan 302 ming kishini ro‘yxatga olgan. Umuman, Bayden davrida migrantlar soni qatorasiga uch yil rekord darajani qayd etgan. Ko‘rinib turibdiki, muhojirlar masalasi Trampning saylov oldi kurashida yana bir ishonchli vosita bo‘lishi mumkin.

S.Rahimov, O‘zA

Powered by GSpeech