2020 yil 5 oktyabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi Qonunni imzoladi. Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
Qonun bilan 8 ta kodeks va 10 ta qonunga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati. O'zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksi, Mehnat kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Bojxona kodeksi va Soliq kodeksi shular jumlasidandir.
Oila kodeksiga kiritilgan qo'shimchalarga ko'ra, 4 nafar va undan ortiq 18 yoshga to'lmagan bolasi bo'lgan oila ko'p bolali oila hisoblanadi. Bunda, agar 4 nafar va undan ortiq bolalaridan 1 nafari yoki undan ko'prog'i ta'limning kunduzgi shaklida (o'rta maxsus va kasb-hunar, oliy ta'lim) ta'lim tashkilotlarida o'qiyotgan hamda 22 yoshga to'lmagan bo'lsa, bu oila ham ko'p bolali oila deb hisoblanadi.
Qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilgan qo'shimchaga ko'ra, tazyiq o'tkazgan va (yoki) zo'ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo'lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi. Bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan 223 ming so'mdan 669 ming so'mgacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoqqa olish jazosi qo'llaniladi.
“Davlat boji to'g'risida”gi Qonun yangi band bilan to'ldirildi. Unga ko'ra tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga yetkazilgan ma'naviy va moddiy zararning o'rnini qoplash to'g'risidagi da'volar yuzasidan da'vogar fuqarolik ishlari bo'yicha sudlarda davlat bojini to'lashdan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, mazkur Qonun bilan “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg'in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risida”gi, “Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida”gi, “Qurol to'g'risida”gi va boshqa qonunlarga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi.
Jumladan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi Qonun bilan himoya orderi ta'sis etilgan edi. Lekin ushbu himoya orderida nazarda tutilgan cheklovlarni bajarmaganlik uchun qonun hujjatlarida javobgarlik masalasi ochiq qolgan.
Shu bois tazyiq o'tkazishga va (yoki) zo'ravonlik sodir etishga moyil bo'lgan yoki ularni sodir etgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi. Bu esa ana shu cheklovlarning bajarilishini yana bir bor kafolatladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining “Mehnat qilish huquqini buzish” uchun javobgarlik belgilovchi moddaning tegishli qismi yangi tahrirda bayon etildi. Bunda jabrlanuvchi taraf nafaqat yosh bolaning onasi, balki parvarish qilayotgan unga yaqin boshqa shaxs ham bo'lishi mumkinligi ko'rsatildi.
Xalqaro shartnomalarda boshqacha shartlar kelishilmagan bo'lsa, xorijiy tashuvchilarga tegishli bo'lgan avtotransport vositalarida yuk va yo'lovchilarni respublikamiz hududida joylashgan punktlar o'rtasida tashish (kabotaj) taqiqlangan. Shu sababli O'zbekiston Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksi boshqa davlatlarda ro'yxatdan o'tkazilgan yuklarni va (yoki) yo'lovchilarni tashish uchun mo'ljallangan avtotransport vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanish uchun javobgarlik belgilangan yangi modda bilan to'ldirildi.
Davlat ekologiya qo'mitasi inspektorlarining qonuniy faoliyatiga to'sqinlik qilish, ularning ko'rsatmalarini bajarmaslik va boshqa noqonuniy holatlarning ko'plab uchrayotganligini hisobga olib, javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga tegishli yangi modda kiritildi.
Xulosa qilib aytganda, «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi Qonun bilan milliy qonunchilik inson huquqlari va erkinliklarini yanada keng ta'minlashga qaratilgan yangi normalar bilan boyitildi.
Eng muhimi, qonunchiligimizdagi ushbu o'zgartirish va qo'shimchalarning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta'minlashga, aholini qiynayotgan muammolarni hal etishga, ularning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga, o'z navbatida, davlat organlarining ham bu boradagi mas'uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.10.2020
- Ko'rishlar: 7281
- Chop etish