Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, sayyoramizda har 3 soniyada bir kishi Alsgeymer kasalligiga chalinar ekan.
Alsgeymer – ko‘proq keksa yoshli insonlarda uchraydigan xastalik. Bunda asta-sekin xotira susayishi, bosh miya faoliyati buzilib, insonning aqliy qobiliyat pasayishi kuzatiladi. Hozirda yer yuzida 50 milliondan ortiq odam ushbu xastalikdan aziyat chekmoqda. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 65 million nafardan oshishi mumkinligi qayd etiladi.
Yapon olimlarining ushbu kasallik yuzasidan olib borgan izlanishlari natijasida oddiy nafas mashqlari orqali uning oldini olish mumkinligini aniqladi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotida.
Tadqiqot uchun 108 nafar ko‘ngilli jalb etilib, ulardan tegishli qon tahlillari olingan va xastalik xavfini ko‘rsatuvchi biomarkerlar tekshirilgan. Keyin ishtirokchilar ikki guruhga ajratilib, birinchi guruh har kuni oddiy nafas mashqlarini bajarib borgan. Ikkinchi guruh esa aqliy faoliyati va xotira butunligini saqlashga qaratilgan meditatsiya mashg‘ulotlari bilan band bo‘lgan.
O‘z navbatida, haftada bir bor barcha ishtirokchilardan qon tahlillari olinib, Alsgeymer biomarkerlari hisoblangan amiloid -40 va 42 darajalari tekshirib borilgan.
To‘rt haftadan so‘ng tadqiqotchilar hayratlanarli natijaga duch kelgan. Birinchi guruhdagi nafas olish mashqlari bilan shug‘ullanuvchilar qonida beta-amiloid miqdori sezilarli darajada pasaygani aniqlanib, bu ularda Alsgeymer kasalligi rivojlanish xavfi kamayganidan dalolat beradi.
Ikkinchi guruh natijalari esa xavotirli bo‘lgan: 4 haftalik tajribadan so‘ng ularning qonida beta-amiloidlar darajasi oshgan.
Shunga asoslanib, yapon olimlari kuniga 10-15 daqiqa nafas olish mashqlarini bajarish Alsgeymer rivojlanishining oldini olishda samarali usul, degan xulosaga keldi.
A.Rustamov,
O‘zA
- Qo'shildi: 26.01.2024
- Ko'rishlar: 2398
- Chop etish