O‘zbekiston elchisi va Yaponiyaning Ibaraki prefekturasi gubernatori o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish rejalari kelishib olindi.
O‘zbekiston elchisi Muhsin Abdurahmonov Yaponinyaning Ibaraki prefekturasi gubernatori Kazuxiko Oigava bilan muzokaralar o‘tkazdi.
«Dunyo» xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ibaraka prefekturasi bozoriga yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Shuningdek, mamlakatda yapon tili o‘rgatish va kasbiy ko‘nikmalar hosil qilishga asoslangan monomarkazlar tashkil etilgani aytib o‘tildi.
Tomonlar ushbu markazlar bitiruvchilarini Ibaraki kompaniyalari uchun qiziqish uyg‘otadigan qurilish, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, qariyalarni parvarishlash, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, mehmonxona va binolarni tozalash kabi tarmoqlarda bo‘sh ish o‘rinlariga jalb qilish imkoniyatlari xususida fikr almashdi.
Bundan tashqari, muloqot davomida Ibaraki prefekturasi va O‘zbekiston viloyatlaridan biri bilan birodarlik aloqalarini o‘rnatish masalalariga e’tibor qaratildi.
Gubernator Kazuxiko Oigava O‘zbekiston tomoni bilan tashqi mehnat migratsiyasi, savdo-iqtisodiy hamda boshqa o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, gubernator prefektura kompaniyalarini mamlakat iqtisodiy salohiyati bilan tanishtirish bo‘yicha qo‘shma seminarlar tashkil etish kerakligini ta’kidladi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 23.02.2024
- Ko'rishlar: 1897
- Chop etish