Yaponiyada tug‘ilish darajasi 2023-yilda rekord darajada past bo‘lib, 1,21 ga yetgan bo‘lishi mumkin. Ko‘rsatkich yapon ayolining umri davomida tug‘ishi kutilayotgan o‘rtacha bolalar sonini ko‘rsatadi. Bu haqda “Day-iti” sug‘urta kompaniyasi iqtisodchisi Takuya Xoshinoning hisob-kitoblariga tayanib, Nikkei Asia xabar berdi.
Iqtisodchi e’lon qilgan demografik pasayish hukumat prognozini ortda qoldiradi. 2023-yilda Yaponiyada 731 mingga yaqin bola dunyoga kelgan, deydi mutaxassis. Milliy aholini tadqiq qilish instituti esa 2023-yilda 739 ming bola tug‘ilishini va tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti 1,23 ni tashkil etishini prognoz qilgandi.
Yaponiyada tug‘ilish darajasining pasayishi ketma-ket sakkizinchi yil davom etmoqda, deya qayd etadi Nikkei Asia.
Oilalarda farzandlar sonining kamayishi COVID-19 pandemiyasi davrida nikohlar sonining kamayishi bilan ham bog‘liq. Nikohlar 2020-yilda 12 foizga, 2021-yilda esa 5 foizga kamaydi. O‘zgaruvchan qadriyatlar va iqtisodiy noaniqlik ham bunga hissa qo‘shgan.
2023-yil bahorida Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi 2022-yilda mamlakatda bolalar rekord darajada kam tug‘ilgani haqida xabar bergandi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni 799 728 taga qisqargan, bu 2021-yilga nisbatan 5,1 foizga kam.
2022-yilda dunyoga kelgan bolalar soni tug‘ilishlar qayd etila boshlangan 1899-yildan beri eng past ko‘rsatkichga yetdi. Shu bilan birga, 2022-yilda Yaponiyada vafot etganlar soni 8,9 foizga oshib, 1,58 million kishini tashkil qildi.
Daryo.uz
- Qo'shildi: 27.05.2024
- Ko'rishlar: 1286
- Chop etish