2024 yilda 889 ming 567 nafar xotin-qiz bandligini ta’minlashga ko‘maklashilgan

Ayollarning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, salohiyati va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish bugungi kun uchun dolzarb masala hisoblanadi.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Axborot  xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva sohada amalga oshirilgan ishlar xususidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.  

Mutaxassisning ta’kidlashicha, o‘tgan 2024 yil davomida tegishli dastur asosida 889 ming 567 nafar xotin-qiz bandligini ta’minlashga ko‘maklashilgan. Bunda 284 ming 41 nafar xotin-qiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitilgan. Xususan, 154 ming 972 nafari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga, 129 ming 69 nafari tadbirkorlik ko‘nikmalari va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha malaka oshirgan. 257 ming 171 nafari ishga joylashtirilgan, 102 ming 544 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan.  

Xonadonlarda uchtadan ortiq daromad manbasini yaratish bo‘yicha Sayxunobod tajribasi, hunarmandchilikni rivojlantirish orqali ayollar bandligini ta’minlash bo‘yicha Jondor tajribasi, aholi daromadlarini oshirish – xonadonda moliyaviy paketlarni joriy qilish bo‘yicha Nishon, Shofirkon tajribasi, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan kooperatsiyalar tashkil etish bo‘yicha Bog‘dod tajribasi, kashtachilik maktabi va qo‘y junini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Shahrisabz tajribasi ommalashtirildi. Shuningdek, mahallalarda bo‘sh bino va tadbirkorlar imkoniyatidan foydalanib, 1 ming 55 ta Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatlik markazlari ishga tushirildi. Ularda 26 ming 870 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitilib, 10 ming 433 nafarining bandligi ta’minlandi, jarayon davom etmoqda.

Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, uning doimiy monitoringini manzilli tahlil qilib borish maqsadida “Xotin-qizlar bandligini ta’minlash” yagona avtomatlashtirilgan monitoring axborot platformasi (www.ayollar-bandligi.uz) ishlab chiqildi. Sergeli tajribasi asosida 138 ming 405 nafar nikohga kirayotgan yoshlar o‘qitildi. Ohangaron tajribasi asosida 27 ming 53 ta oilaviy ajrim bilan bog‘liq nizoli oila tiklandi. 13 ming 796 ta nikohi rasmiylashtirilmagan oila nikohi qonuniylashtirildi. Oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan 208 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 

Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha Namangan, Andijon viloyatlarida “Oila va xotin-qizlar maskani” tashkil etildi. Jizzax viloyatida Oila maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.  Samarqand shahar, Namangan va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarida 32 ta yo‘nalishda oilaviy-huquqiy munosabatlarga doir ishlarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashgan Oila sudyalari tizimi joriy etildi. “Mas’uliyatli ota-onalik” mezonlari, mahallada oilaviy mediatsiyani joriy etish bo‘yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqildi. Qo‘mita huzuridagi Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Oila o‘quv platforma”si – https://oilamalaka.uz sayti ishga tushirildi. Ehtiyojmand oilalardagi tavsiyanoma olish uchun murojaat qilgan 36 ming 853 nafar talabgor xotin-qizdan 18 ming 481 nafariga tavsiyanomalar berildi, shundan 1 ming 801 nafari oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.

Besh yil mehnat stajiga ega, oliy ma’lumoti yo‘q 4 ming 587 nafar xotin-qizga tavsiyanoma berilib, ulardan 398 nafari davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindi. Qo‘mita tavsiyanomasi asosida muhtoj yolg‘iz ayollar va boquvchisini yo‘qotgan og‘ir vaziyatdagi 2 ming nafar talaba xotin-qizlarning kontrakt to‘lovi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda. Imkoniyat va imtiyozlar natijasida oliy ta’limdagi talabalar orasida xotin-qizlarning ulushi 52,2 foizga yetdi. Qo‘mita va mas’ul tashkilotlar hamkorligida 50 ming nafar xotin-qiz axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qitildi.

Shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti yo‘nalishlari qatoriga axborot texnologiyalari yo‘nalishi kiritildi. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha 400 dan ortiq Gender maslahat kengashlari idora va tashkilotlar tizimida tashkil etildi. 

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan hamkorlikda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1 million 265 nafar ehtiyojmand xotin-qizning 995  ming 239 nafariga tegishli yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 548 ming 857 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi, 35 ming 968 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun kreditlar ajratildi, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan 160 ming 893 nafar xotin-qizga moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj bo‘lgan 181 ming 724 nafar ehtiyojmand xotin-qizga moddiy yordamlar ajratildi, 5 ming 459 nafar xotin-qizga turar-joy uchun ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi.

Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud 61 ming 906 nafar xotin-qizga moddiy yordam ko‘rsatildi, ularning 1 ming 470 nafariga tomorqasidan samarali foydalanishiga ko‘maklashildi, shuningdek, 2 ming 794 nafarining uy-joylarini ta’mirlab berildi. 2 ming 56 nafar og‘ir turmush sharoitida yashayotgan tibbiy yordamga muhtoj xotin-qiz va ularning farzandlariga jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi uchun Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 18 milliard 712 million so‘m mablag‘ sarflandi. 4 ming 647 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qiz va voyaga yetmagan bolalar protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

 

Powered by GSpeech