(Uchinchi maqola)

 

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligiga

Mashhur amerikalik huquqshunos Ral`f Neyder ta'biri bilan aytganda, «Axborot – demokratiyaning asosiy valyutasidir». So'z, axborot va matbuot erkinligisiz demokratiya ham, inson erkinligi ham mavjud bo'lmaydi. So'z erkinligi – avvalambor, har bir fuqaroning shaxsiy huquqi, axborot erkinligi – bu har bir insonning tabiiy huquqidir.

Sohaga doir qonun hujjatlarida axborot va matbuot erkinligi hamda jurnalistlar huquqlarining kafolatlanishi haqida so'z borganda, jumladan, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida”gi qonunda “Tsenzuraga yo'l qo'yilmasligi” masalasiga alohida modda bag'ishlanganini alohida ta'kidlash lozim. Ushbu 4-moddaga ko'ra:

“O'zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarining senzura qilinishiga yo'l qo'yilmaydi. Hech kim jurnalistdan e'lon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o'zgartirilishini yoxud ularning nashrdan butunlay olib tashlanishini (efirga berilmasligini) talab qilish huquqiga ega emas”.

O'z navbatida, “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi qonunning 5-moddasida ommaviy axborot vositalarining erkinligi quyidagicha kafolatlangan:

“O'zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkindir. Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, o'z fikri va e'tiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.

Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g'ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi”.

Shuningdek, “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida”gi qonunning 4-moddasida axborot erkinligiga doir qoidalar qayd etilgan. Ya'ni:

“O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har kim axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqiga ega.

Axborot olish faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq va erkinliklari, konstitutsiyaviy tuzum asoslari, jamiyatning axloqiy qadriyatlari, mamlakatning ma'naviy, madaniy va ilmiy salohiyatini muhofaza qilish, xavfsizligini ta'minlash maqsadida cheklanishi mumkin”.

Mazkur qonunning 5-moddasida axborot erkinligining asosiy printsiplari sanab o'tilgan:

“Ochiqlik va oshkoralik, hamma erkin foydalanishi mumkinligi va haqqoniylik axborot erkinligining asosiy printsiplaridir”.

Bugungi kunda parlament tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga axborot sohasini yanada demokratlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha faol ish olib borilmoqda.

G'ulom Mirzo

Powered by GSpeech