Axborot – ochiq, uni olish – erkin (Yettinchi maqola)

Yangi O'zbekistonni bunyod etishga qaratilgan shiddatli shiddatli islohotlar davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligini, ular faoliyati haqidagi axborotlardan ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, aholining yanada keng va ochiq-oshkora foydalanishini ta'minlash masalasini kun tartibiga qo'ydi.

Xususan, 2018 yil 18 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonunga muvofiq, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar bilan munosabatlarini huquqiy tartibga solishga doir normalar joriy etilgani ahamiyatlidir.

Bu haqda so'z borganda, «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi qonun 35(1)-modda bilan to'ldirilganiga e'tibor qaratish darkor.

«Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to'g'risida axborot olishga doir so'rovi» deb nomlangan ushbu moddaga muvofiq, ommaviy axborot vositasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olishga doir so'rov bilan ularga og'zaki yoki yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat shaklida murojaat etish huquqiga ega.

Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to'g'risida axborot olishga doir, shuningdek mansabdor shaxslarning interv`yusini tashkil etish to'g'risidagi so'rovi ko'pi bilan yetti kun muddatda ko'rib chiqiladi.

Agar ommaviy axborot vositasining so'rovini ko'rib chiqish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari jumlasiga kirmasa, so'rov so'ralayotgan axborotni taqdim etish o'zining vakolatiga kiritilgan organga ro'yxatdan o'tkazilgan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida yuboriladi, ommaviy axborot vositasi esa bu haqda xabardor qilinadi.

So'rov rad etilgan taqdirda, ommaviy axborot vositasiga asoslantirilgan javob yuboriladi.

Shu o'rinda «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida»gi qonunga ham ikkita o'zgartirish kiritilgani xususida to'xtalish zarur.

Ya'ni, 3-moddaning beshinchi xatboshisidagi «kutubxonalardagi, arxivlardagi» so'zlari «axborot-kutubxona muassasalaridagi, arxivlardagi, idoraviy arxivlardagi» degan; 6-modda ikkinchi qismining to'rtinchi xatboshisidagi «kutubxonalarning, arxivlarning» so'zlari esa «axborot-kutubxona muassasalarining, arxivlarning, idoraviy arxivlarning» degan so'zlar bilan almashtirildi.

Bir qarashda bular tahririy nuqtai nazardan kiritilgan juz'iy tuzatishlardek ko'rinsa-da, ushbu o'zgartirishlarning ahamiyati juda muhim. Bu o'rinda, avvalo, «axborot resurslari» degan asosiy tushunchaga ta'rif berilgan bo'lib, yangi o'zgartirishlar evaziga bu tushunchaning qamrovi kengaymoqda.

Mazkur o'zgartirishlar, shuningdek, jurnalist erkin va moneliksiz axborot oladigan axborot resurslari, birinchidan, «axborot-kutubxona muassasalari» timsolida zamonaviylashganini ko'rsatsa, ikkinchidan, ushbu axborot resurslari «idoraviy arxivlar» hisobiga kengayganidan dalolat beradi.

G'ulom Mirzo

Powered by GSpeech