“Bizda allaqachon rekord darajadagi eng issiq oylarning ketma-ket 12 oyini boshdan kechirdik. O'tgan yil davomida har oyda haroratning oshishi kuzatildi”, dedi Guterrish.
Uning aytishicha, atmosferaga emissiya darajasi shunchalik tez o'sib bormoqdaki, 2030-yilga kelib harorat ko'tarilishi amalda kafolatlanmoqda.
BMT Bosh kotibining so'zlariga ko'ra, haroratning Selsiy bo'yicha 1,5 daraja ko'tarilishini cheklash maqsadiga erishish uchun global chiqindilar har yili 9 foizga kamayishi kerak, biroq teskari jarayon sodir bo'lmoqda.
“O'tgan yili chiqindilar 1 foizga oshdi”, dedi Bosh kotib.
U, shuningdek, qazib olinadigan yoqilg'ilarni reklama qilishni taqiqlashga chaqirdi.
“Ko'pgina hukumatlar tamaki kabi odam salomatligiga zarar yetkazuvchi mahsulotlar reklamasini cheklaydi yoki taqiqlaydi. Men barcha mamlakatlarni qazib olinadigan yoqilg'i ishlab chiqaruvchi kompaniyalar reklamasini taqiqlashga chaqiraman. OAV va texnologiya kompaniyalarini esa qazib olinadigan yoqilg'ilarni reklama qilishni to'xtatishga chaqiraman”, dedi u.
Avvalroq 2023-yil 2016-yildan keyin tarixdagi ikkinchi eng issiq yil bo'lgani xabar qilingandi. Meteorologlar kelgusi besh yilda kamida bir yil rekord darajada issiq bo'lishini va global o'rtacha harorat Selsiy bo'yicha 1,5 darajaga ko'tarilishini bashorat qilishmoqda. Shu bilan birga, 2015-yilgi Parij kelishuvida 2050-yilgacha Yerdagi global haroratning 1,5 daraja Selsiygacha oshishini cheklash maqsadi ko'zda tutilgan, deb xabar beradi report.az.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati