DAVLAT DASTURI VA HUQUQIY ISLOHOTLAR ZARURATI

O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi” loyihasining muhokamasi bo'lib o'tdi.

"Yangi O'zbekiston" gazetasining 2021 yil 26 yanvar` sonida qayd etilganidek, ushbu yig'ilishda yangi tashkil etilgan Davlat va huquq institutining ilmiy xodimlari, yetakchi ekspertlar, respublikamizda ko'zga ko'ringan amaliyotchilar ishtirok etdi va fikr-mulohazalarini bildirdi.

Davlatchilik va qonunchilikni takomillashtirish sohasida fundamental ilmiy tadqiqotlarni olib borishga ixtisoslashgan mazkur institut birinchi navbatda, milliy qonunchilik asoslarini mustahkamlash, milliy huquqiy tizimni bosqichma-bosqich rivojlantirib borish, amaldagi qonunlarning xalqaro-huquqiy normalarga muvofiqligini ta'minlash, huquqshunoslik yo'nalishidagi ilmiy izlanishlarning nufuzi va salohiyatini oshirish kabi vazifalarni hal etish bilan shug'ullanadi.

Muhokamada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy poydevorini mustahkamlashga, hozirgi o'zgarishlar davrida fuqarolar tegishli huquq va erkinliklarini ta'minlashga qaratilgan yangi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, Davlat dasturi loyihasida keltirilgan va boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar, funktsiyalar hamda byurokratik to'siqlarni iloji boricha qisqartirish, vazirlik, idoralar faoliyatida qaror qabul qilish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ko'rib chiqdi.

Ta'kidlanganidek, loyihada kuchli fuqarolik jamiyatining zaruriy qismi bo'lgan o'zini-­o'zi boshqarish organlarining jamiyatda tutgan o'rnini kuchaytirish, mahalla instituti faoliyatini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlari mavqeini oshirish maqsadida davlat organlari xarajatlari bo'yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, nodav­lat notijorat tashkilotlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligi, faoliyatining samaradorligini oshirishga yaqindan ko'maklashish bo'yicha tegishli ishlanmalar hamda mexanizmlarning ishlab chiqilishi bilan bog'liq takliflar o'z aksini topgan.

 

A.To'laganov, yuridik fanlar doktori:

– “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi” loyihasida nazarda tutilgan bo'limlar, birinchi navbatda, pandemiya bilan bog'liq bo'lgan hozirgi vaziyatni hisobga olib, aholi, tadbirkor va ishbilarmonlarning davlat tomonidan to'liq qo'llab-quvvatlanishiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ushbu Davlat dasturi loyihasida amalga oshiriladigan tadbirlar yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish, bu tizimga yangi tartib-taomillarni olib kirish, jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini to'liq hamda samarali himoya qilish, ilm-fan, ilmiy izlanishlar nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. Aholining barcha qatlamlari vakillari salomatligini mustahkamlash, kambag'allikni qisqartirish, shuningdek, barqaror iqtisodiy o'sish sur'atlarini ta'minlash, pensiya va nafaqalar bilan ta'minlash tizimini aholi manfaatlaridan kelib chiqib, qayta ko'rib chiqish, tadbirkor va ishbilarmonlarga qulay shart-sharoitlarni yaratish, jamiyat va davlat qurilishi tizimini tubdan takomillashtirish, umuman olganda, Uchinchi Renessans uchun tegishli sharoitlarni vujudga keltirishga qaratilgan.

Davlat dasturi bo'yicha quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin:

birinchidan, jamiyat va davlat qurilishi, sud-huquq va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni tartibga solishga qaratilgan akademik huquqiy tadqiqotlar birinchi navbatda davlat dasturi loyihasida keltirilgan ustuvor vazifalarni o'rganish va tadqiq etish asosida e'tiborga loyiq ilmiy xulosalar ishlab chiqarilishiga qaratilishi lozim;

ikkinchidan, loyihaga yangi avlod darsliklari, o'quv va ilmiy-metodik adabiyotlarni yaratish, darslarni samarali va zamon talablariga mos keladigan darajada o'tkazishni ta'minlab bera oladigan modullar hamda platformalarni kiritish  o'rinli  bo'ladi;

uchinchidan, Davlat dasturi lo­yihasiga davlat boshqaruvining samaradorligini oshirish va uning yangi shakllarini (ijro va sud hokimiyati funktsiyalari va vazifalarini optimallashtirish, davlat organlari faoliyatida bir-birini takrorlaydigan funktsiyalarni bartaraf etish va boshqalar) joriy etish bilan bog'liq ilmiy ishlanmalarning natijalarini kiritish kerak;

to'rtinchidan, Davlat dasturi loyihasiga mahalliy davlat organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan aniq takliflar, xususan joylarda boshqaruvni tubdan yaxshilash, bunda jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish bo'­yicha “Jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi qonunga aholining ushbu yo'nalishdagi vakolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o'zgartirish­larni kiritish zarur.

 

M.Turg'unov, yuridik fanlar nomzodi:

– Davlat dasturi loyihasi 276 ta banddan iborat. Loyihani O'zbekiston Res­publikasi Prezidentining 2020 yilning 29 dekabr` kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida aks etgan asosiy g'oya va takliflari hamda 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalar asosida ishlab chiqilganligi e'tiborga loyiq.

Unda o'z aksini topgan bandlar aholining turmush darajasini oshirish, pandemiya sharoitida ularning ijtimoiy himoyasini to'liq ta'minlash, islohotlarni huquqiy tomondan ta'minlab bera oladigan qonunlarni yaratishga qaratilgan.

E'tiborga loyiq tomoni, Davlat dasturi loyihasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyat, tuman, shahar va mahalla bosh­qaruvida samaradorlikni oshirish uchun xodimlar soni va maoshini hududning o'ziga xosligi hamda ish hajmidan kelib chiqib belgilash, quyi tizim rahbarlari va xodimlarini yangicha talablar, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida samarali ishlashga o'rgatish,  malakasini muntazam oshirib borishning aniq tizimini joriy etish bo'yicha takliflarni o'z ichiga olgan qaror loyihasi ishlab chiqish ko'zda tutilgan.

Bundan tashqari, ­O'z­bekiston Respublikasi ­Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini na­zorat qilishning yangi tizimini yo'lga qo'yish bo'yicha takliflarni ishlab chiqish borasidagi tegishli vazifalar keltirilgani ham diqqatga sazovordir. Davlat rahbarining topshiriqlarini o'z vaqtida bajarmaganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik  masalasini yanada  kuchaytirish lozim.

 

M.Usmonov, falsafa fanlari doktori:

— Xorijiy tajriba shundan dalolat bermoqdaki, xalqaro jamiyat taraqqiyoti borasidagi ilmiy izlanishlar jahon miqyosida fuqarolik jamiyati rivoj­lanishini tahlil etish, milliy davlat va huquq sohalarining huquqiy asoslarini takomillashtirish, jamiyat, davlat va fuqarolik institutlari mutanosibligi masalalarini yaqindan o'rganishga qaratilgan.

Bunda davlatlarning siyosiy, ijtimoiy, gumanitar, huquqiy va iqtisodiy rivojlanish qonuniyatlari, xalqlarning tarixiy, ­milliy va ma'naviy qadriyatlari, dunyoqarashi, urf-odatlari, mentaliteti, shuningdek, davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasidagi munosabatlarning o'ziga xos xususiyatlari kabi jihatlar ,  albatta hisobga olinishi lozim.

Jamoatchilik muhokamasiga quyilgan Davlat dasturi loyihasi hozirgi o'zgarishlar davrida juda dolzarb bo'lgan iqtisodiy taraqqiyot, raqamli jamiyat, raqamli iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar kabi yo'nalish­larda mavjud bo'lgan masalalarning yechimini topishga xizmat qiladi.

Loyihaga o'rta va quyi bo'g'in boshqaruv organlarining faoliyatini takomillashtirishga, tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishga qaratilgan aniq va samarali mexanizmlarni kiritish lozim.

 

J.Toshqulov, yuridik fanlar doktori:

– Davlat dasturi loyihasining mantiqiy ketma-ketlikda joylashtirilgan hamda davlat qurilishi, boshqaruv va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarni jadallashtirish borasidagi bandlar bilan to'ldirilganini alohida ta'kidlab o'tish joiz. Hujjat yoshlarning va fuqarolarning huquq hamda erkinliklari borasidagi tegishli bilimlarni bilishi zarurligidan kelib chiqib, inson huquqlarini bog'cha, maktab, o'rta va oliy o'quv yurtlarida o'qitish tizimining ilmiy asoslantirilgan va uzoqqa mo'ljallangan kontseptsiya­si bilan to'ldirishni taqozo etadi.

Shuningdek, amalga oshirilishi ko'zda tutilayotgan chora-tadbirlar “xufiyona iqtisodiyot” ulushini qisqartirish, iqtisodiy sohalardagi tahlikali yo'nalish­larni ko'ra bilish va ularga qarshi choralar qo'llash, ijtimoiy muhofaza tizimini takomillashtirish kabi bandlar bilan to'ldirilishi ham maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, har bir o'quvchi yoshi va bilim darajasini hisobga olib, darslik, o'quv qo'llanma va ko'rgazmali materiallar yaratish orqali ularning salohiyatini oshirish, yaxshi natijalarga erishgan yoshlarni oliy o'quv yurtlariga imtiyozli tarzda qabul qilish mexanizmalarini o'z ichiga olgan bandlar o'z aksini topishi lozim.

Umuman olganda, pandemiya sharoitida tadbirkorlik faoliyati hamda iqtisodiy sohadagi islohotlarni to'liq qo'llab-quvvatlashga zamin bo'la oladigan takliflarning Davlat dasturiloyihasida o'z aksini topgani amalga oshirilayotgan tub islohotlar samaradorligida katta ahamiyatga ega.

 

F.Hamdamova, yuridik fanlar nomzodi:

— Davlat dasturi lo­yihasi asosiy tadbirlar bilan birga xalqaro darajada amalga oshiriladigan bir qancha e'tiborga loyiq ishlanmalarni o'z ichiga ­oladi.

Ularning ichida universal va mintaqaviy darajadagi xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarning samaradorligini oshirish, umuman, tashqi siyosatni amalga oshirish borasidagi huquqiy asoslarni takomillashtirish, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirish borasida bir qancha chora-tadbirlar belgilangan.

Loyihadagi O'zbekiston Qurolli Kuchlarining faoliyatiga bag'ishlangan bandlarni ushbu tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari va kutilayotgan natijalar kabi bandlar bilan to'ldirish lozim.

Bundan tashqari, tegishli bandlarga “O'zbekiston Res­publikasi tomonidan BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslar­ni amalga oshirish” nomli kichik bandni kiritish zarur.

Shuningdek, “Mamlakatlarning pandemiya sharoitida ixtiyoriy tarzda o'z zimmalariga olgan majburiyatlari to'g'risidagi xalqaro kodeks” lo­yihasini muhokama qilish, sivilizatsiyalararo alo­qalarni rivojlantirish bo'yicha qator davra suhbatlarini o'tkazish to'g'risidagi takliflarni kiritish maqsadga muvofiqdir.

Davlat dasturi loyihasida shaxsiy ma'lumotlar to'g'risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo'yicha tak­liflarni tizimlashtirish, mantiqiy ketma-ketlikda ularni joylashtirish katta ahamiyatga ega. Bu dastur lo­yihasining samaradorligiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

 

L.Isxoqova, yuridik fanlar nomzodi:

— Davlat dasturi loyihasida e'tiborni tortadigan asosiy yo'nalishlardan biri, bu — mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish masalasi. Darhaqiqat,  mazkur yo'nalishdagi ma'muriy islohotlar katta ahamiyatga ega.

Loyihada o'z aksini topgan bandlar mazkur sohadagi boshqaruvni isloh etish masalalarida katta tajriba va ko'nikmaga ega mutaxassislar jalb etilgan holda hal etilishi o'rinli bo'ladi.

Loyihadagi ayrim termin va tushunchalarning to'liqroq berilishi ham (masalan, 5-band) dasturning samarali hamda sifatli amalga oshirilishini jadallashtiradi.

Bundan tashqari, Konstitutsiya va amaldagi qonunlarda belgilab qo'yilgan hamda Oliy Majlis palatalarining davlat boshqaruvi joylardagi davlat hokimiyati organlari bilan samarali va o'zaro manfaatli aloqalarini tashkil etishga qaratilgan moddalarning mavjudligi har bir ijrochi uchun tegishli imkoniyatlarni keltirib chiqaradi hamda  loyiha da belgilangan bandlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga zamin yaratadi.

 

P.Mahkamboev, yuridik fanlar nomzodi:

 — Davlat das­turi loyihasida Qurolli Kuchlardan foydalanish borasidagi taklif va mulohazalar mamlakatimizda chegaralar daxlsizligi hamda ularning muhofazasini ta'minlash ishlarida katta ahamiyatga ega.

Bundan tashqari respublikamiz chegaralari bilan bog'liq masalalarning ushbu hujjatda o'z aksini topgani, bu borada davlat organlari vazifalari hamda funktsiyalarining puxta ishlab chiqilgani e'tiborga loyiq.

Mamlakatimiz chegaralari muhofazasini ta'minlash kontseptsiyasining mazkur dasturga kiritilishi davlatimizning ichki va tashqi funktsiyalarini muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirilishida katta rol` o'ynaydi. Ushbu kontseptsiyaning Davlat dasturi loyihasining asosiy  maqsad va vazifalari kiritilgan qismidan joy olishi maqsadga muvofiqdir.

Davlat chegaralarini qo'riqlash bilan bog'liq qonunchilikni rivojlantirish,  chegara borasidagi siyosatni takomillashtirish, eng asosiysi, bu yo'nalishda mavjud masalalarni hal etish, albatta, dasturning tegishli bandlaridan joy olishi zarur.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech