2020 yil 28 sentyabr kuni Toshkent davlat yuridik universitetida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi tashabbuslari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Videokonferentsiya aloqa shaklida o'tkazilgan tadbirda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda BMTning O'zbekistondagi Doimiy vakolatxonasi ekspertlari, yurtimiz oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.
Ishtirkchilar davlatimiz rahbarining yaqinda bo'lib o'tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasidagi nutqining mohiyati va ahamiyatini atroflicha tahlil qildilar.
Asosiy e'tibor ushbu nutqda mintaqaviy va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ta'minlash, inson huquqlariga rioya etishni qo'llab-quvvatlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek iqlim o'zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambag'allikni qisqartirish kabi global va mintaqaviy miqyosdagi dolzarb masalalar yuzasidan ilgari surilgan tashabbuslar mazmuniga qaratildi.
Onlayn davra suhbatida asosiy ma'ruzachi - O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov BMT 75-sessiyasida ilgari surilgan O'zbekiston tashabbuslarining asosiy jihatlariga to'xtaldi.
O'zbekiston Prezidenti tomonidan BMT faoliyatining ustuvor yo'nalishlari - tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, barqaror iqtisodiy taraqqiyot hamda inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha milliy, mintaqaviy va global ahamiyatga ega takliflar berilganligi alohida ta'kidlandi. Ushbu takliflar har uch sektor - davlat, biznes va fuqarolik jamiyati sektorlarini qamrab oladi.
Davra suhbatida, shuningdek BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Xelena Freyzer so'zga chiqib, mavzu bo'yicha o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.
O'zbekiston xalqaro hamjamiyatning nafaqat to'laqonli sub'ekti, balki xalqaro norma ijodkorligi bo'yicha tashabbuskorlikda dunyo miqyosida yetakchi davlatlardan biriga aylanganligi qayd etildi. Jumladan, davlatimiz rahbarining xalqaro hamjamiyatning eng oliy minbaridan Pandemiyalar sharoitida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi kodeks qabul qilishga oid tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan keng qo'llab-quvvatlanayotgani bu fikrni yana bir bor tasdiqlaydi.
Shuningdek tadbir ishtirokchilari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishda olimlar, ekspertlar va keng jamoatchilikning fikrini inobatga olish muhimligini ta'kidladilar. Mazkur muhim tashabbuslarni amalga oshirishga oid sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish va o'zaro fikr almashish maqsadida shu kabi tadbirlarni ko'proq tashkil etishga kelishib olindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.09.2020
- Ko'rishlar: 3975
- Chop etish