“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 4-soni nashr etildi

Pandemiya davri murakkabliklariga qaramay O'zbekiston 2020 yilda inson huquqlari bo'yicha salmoqli yutuqlarga erishdi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o'zbek tilida nutq so'zladi. Davlatimiz rahbari o'z nutqida ilgari surgan tashabbuslar, jumladan inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha bildirgan taklif va fikrlar jahon hamjamiyati tomonidan qo'llab quvvatlandi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilindi. 280 dan ortiq nufuzli xalqaro, mintaqaviy va milliy tashkilotlarning 700 dan ortiq vakillari ishtirok etgan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi muvaffaqiyatli o'tkazildi. Forum yakunlari bo'yicha qabul qilingan Samarqand rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati maqomini oldi. Milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor O'zbekiston 2021 – 2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylandi.

Erishilgan ushbu muvaffaqiyatlarning batafsil tahlili bilan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining yaqinda nashrdan chiqqan joriy yildagi 4-soni orqali tanishishingiz mumkin.

Jurnalning o'zbek, ingliz va rus tilidagi sahifalaridan, shuningdek, inson huquqlari bo'yicha milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, bu borada xorijiy va milliy tajribalarni qiyosiy tahlil qilish, pandemiya davrida karantin sharoitida ham inson huquqlari ta'minlanishini kafolatlash kabi dolzarb mavzulardagi maqolalar o'rin olgan.

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning pandemiyaning mamlakatimiz va xorijiy davlatlar siyosati hamda iqtisodiyotiga ta'siri kabi bugungi kunning muhim masalalari to'g'risidagi interv`yusi taqdim etilgan. “Pandemiya bizga ma'lum bo'lgan salbiy oqibatlari bilan bir qatorda, – deya ta'kidlaydi Tashqi ishlar vaziri o'z interv`yusida, – insoniyatni aloqalarning yangi shakllarini izlab topishga undadi, raqamlashtirish jarayonlari va yangi texnologik asrga yaqinlashishni tezlashtirdi”.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi Qudratilla Rafiqovning “Assalom, yangi O'zbekiston!” nomli maqolasi ham diqqatga sazovor. Unda yangi O'zbekiston bunyodkori – Prezident SH.M.Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o'zbek tilida so'zlagan tarixiy nutqi chuqur tahlil qilingan, xalqaro hamjamiyatning ushbu nutqga munosabati atroflicha yoritilgan. Muallif davlatimiz rahbarining BMT minbarida turib, Turkiyaning “Jumhuriyat” gazetasida ta'kidlanganidek, “Navoiy tili”da nutq irod qilishini mustaqillik yillarida qo'lga kiritilgan eng ulug' g'alabalardan biri deya baholagan.

Mamlakatimiz qo'lga kiritayotgan bunday muvaffaqiyatlar yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar mahsulidir. Islohotlardan ko'zlangan asosiy maqsad esa Vatanimizda Uchinchi Uyg'onish davriga zamin hozirlashdan iborat. Akademik Akmal Saidovning “Noviy Uzbekistan i Tretiy Renessans” nomli maqolasi aynan shu xususida. Maqolada Markaziy Osiyoda ro'y bergan Renessans davrlari, uning yuzaga kelish sabablari batafsil tahlil qilingan. O'zbekistonning yangi Renessans markaziga aylanishi uchun poydevor yaratilayotgani ilmiy dalillar va aniq misollar orqali yoritilgan.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining o'rinbosari Asqar G'afurovning maqolasi ham o'quvchini befarq qoldirmaydi. Maqolada yurtimizda konstitutsiyaviy nazoratni takomillashtirish masalalari tahlil qilingan. Konstitutsiyaviy shikoyat institutini joriy qilish, fuqarolar va yuridik shaxslarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqini berish masalalari atroflicha ko'rib chiqilgan.

Shuningdek, jurnalning o'zbek tilidagi sahifalaridan A.Sa'dullaev, R.Mahmudova, I.Saifnazarov, K.Olimova, A.Saidqosimov, O.Fayziev, M.Turg'unov, Q.Musaev, S.Sultanov, M.Gafurov, T.Abbosxonov, J.Rasulov, F.Begbutaevaning, ingliz tilidagi sahifalaridan N.Po'latova, A.Qo'ziev, S.Inoyatullaev, T.Norboevning, rus tilidagi sahifalaridan D.Muratova, F.Xamdamova, K.Xudjamova, A.Djasimova, S.Abzalxo'jaevaning dolzarb mavzulardagi maqolalari o'rin olgan.

Shunday ekan, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining ushbu sonini, albatta, mutolaa qilishni unutmang. Sarflagan vaqtingiz mazmunli o'tishiga kafolat beramiz!

Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnalining ijodiy guruhi rahbari

Powered by GSpeech