G'alaba bog'i falsafasi: Vatanga muhabbat va sadoqat, jasorat va matonat ramzi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 9 sentyabrda “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorga imzo chekdi.

Xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan Toshkent shahrida muhtasham G'alaba bog'i barpo etilishi zamirida O'zbekiston xalqining jang maydonlarida va front ortida ko'rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadi mujassam. Bunday ulug'vor maqsadni ro'yobga chiqarish uchun aynan Prezidentimiz G'alaba bog'ining tashabbuskori, muallifi va bosh bunyodkori bo'lib maydonga chiqqani tahsinga sazovor.

2020 yil 9 may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligi munosabati bilan yangi tarixiy ma'lumotlar va har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida bunyod etilgan G'alaba bog'ining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, "bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib bo'lib, ham me'moriy jihatdan, ham tarixiy-ma'naviy jihatdan g'oyat noyob va mahobatli obida bo'lib qad rostladi".

Ushbu ta'rifda G'alaba bog'i "betakror" va "g'oyat noyob" deya e'tirof etilgani bejiz emas. Chunki kamina ham dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida shu mavzuda tashkil etilgan bog' va muzeylarning bir qanchasini o'z ko'zi bilan ko'rgan, boshqalari bilan esa Internet orqali atroflicha tanishgan.

O'zbekistonning G'alaba bog'i, aytaylik, Rossiya, Belarus, Ukraina, Polsha, AQSH, Isroil kabi boshqa bir qancha davlatlardagi ulkan memorial komplekslarga mutlaqo o'xshamaydi. Ular o'rtasidagi farqli jihatlardan asosiysi shuki, xorijiy mamlakatlarning birontasidagi memorial majmuada o'zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi janggohlaridagi jasorati va front ortidagi matonati Toshkentda bunyod etilgan G'alaba bog'idagi singari keng ko'lamda, haqqoniy va adolatli ravishda ko'rsatib berilmagan.

Shu o'rinda O'zbekiston Prezidenti Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligiga bag'ishlangan paradda ishtirok etganini alohida ta'kidlash lozim. Binobarin, 1945 yilda g'alabaning birinchi markaziy paradi 24 iyun` sanasida o'tkazilgani bois 2020 yil ham bunday tantana uchun aynan shu kun tanlandi.

Mazkur tarixan muhim voqeani birgalikda nishonlash maqsadida Rossiya hukumati muzaffar mamlakatlar rahbariyatlari nomiga taklifnomalar yubordi. O'zbekiston ham, albatta, o'sha g'olib davlatlar sirasida. Xalqimizning o'sha mash'um urushda muvaffaqiyat uchun qo'shgan hissasi, hech mubolag'asiz, ulkandir.

Xususan, so'nggi paytlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida O'zbekistondan 2 millionga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Front ortida ham o'zbekistonliklar ko'rsatgan matonat kelajak avlodlarga cheksiz faxr va iftixor bag'ishlaydi. Shu bois mamlakat vakillari g'alabaning 75 yillik shonli sanasi munosabati bilan Moskva shahrida o'tkaziladigan tantanaga taklif etildi.

Ekspertlar fikriga qaraganda, mustaqil O'zbekiston Prezidentining ilk bor qatnashishi paradning nufuzini sezilarli darajada oshirdi. O'zbekiston harbiylari mazkur tadbirda mamlakat mustaqillikka erishganidan keyin birinchi bor ishtirok etgani ham katta ahamiyat kasb etdi.

Chindan ham, xalqimizning Ikkinchi jahon urushi davrida qonli janggohlarda va front ortida ko'rsatgan qahramonligi shu qadar yuksakki, fashistlarga qarshi bu urushda qozonilgan buyuk G'alabani O'zbekistonsiz, o'zbek xalqisiz aslo tasavvur  qilib bo'lmaydi.

O'z navbatida, 1945 yildan keyingi 75 yil mobaynida O'zbekistonda G'alaba bog'idek hashamatli va mahobatli majmua bunyod etilmagani o'zbek xalqining G'alabaga erishishdagi jasorati va matonati munosib baholanmaganidan darak beradi. Ana shu tarixiy adolatsizlikka barham berish uchun 2019 yil 9 may kuni Prezidentimiz ulkan bog' barpo etib, xalqimiz qahramonligini abadiylashtirish tashabbusini ilgari surdi.

G'alaba bog'ining bosh g'oyasi O'zbekiston Prezidentining «Biz barchamiz, avvalo, unib-o'sib kelayotgan yosh avlodimiz fashizm balosiga qarshi kurashda jasur ajdodlarimiz, ko'pmillatli O'zbekiston xalqi ko'rsatgan mardlik va matonatni aslo yodidan chiqarmasligi kerak» degan so'zlarida o'zining yaqqol ifodasini topgan.

G'alaba bog'i kontseptsiyasi davlat rahbarining 2019 yil 23 oktyabrdagi qaroriga asosan tasdiqlandi. Mazkur badiiy-me'moriy kontseptsiyani tayyorlashda Prezidentimizning 2017-2019 yillarda qabul qilingan Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risidagi qarorlari talablaridan kelib chiqildi.

Bunda davlat rahbarining Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o'tkazilgan tantanali marosimlardagi ma'ruzalarida bildirgan g'oya va fikrlariga ham tayanildi. Mamlakat ilmiy-ijodiy jamoatchiligining takliflari inobatga olindi. Bir qator xorijiy mamlakatlar tajribasi, ularda shu yo'nalishdagi barpo etilgan bog' va xiyobonlar, monumentlar, memorial majmualar ijodiy o'rganildi.

Davlatimiz rahbari bu boradagi loyihalar bilan bir necha bor tanishdi. Majmua tarhining kichik detaligacha Prezidentimizning sinch­kov nigohidan o'tdi, boyitildi, o'ziga xos kompo­zitsiya yaratildi. Shundan so'ng Toshkent shahrining Olmazor tumanida 14,7 gektar joy ajratilib, ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Bu mahobatli tarixiy majmuani qisqa vaqt ichida, ayniqsa, karantin sharoitida yakunlanlangani ham ulkan jasorat namunasidir. Lekin, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, mohir quruvchi va me'morlar, muhandislar, turli soha mutaxassislari, rassom va haykaltaroshlar, azamat yoshlarimiz bu vazifani o'zlari uchun savobli bir ish deb bilib, tunu kun fidokorona mehnat qildilar.

Yangi tarixiy ma'lumotlar va har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Matonat madhiyasi”,  “Mangu jasorat”, "Ko'z yoshi" monumentlarini o'z ichiga olgan “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi barpo etildi.  Xalqimizning qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoyiligini aks ettirishga bag'ishlangan keng ko'lamli tarixiy-badiiy ekspozitsiyalar yaratildi.

G'alaba bog'idagi har bir ob'ekt va qurilma, muzey eksponatlari xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni urushning dahshatli oqibatlarini hech qachon unutmaslikka chorlab turadi. G'alaba bog'i navqiron avlodlarimizni bugungi tinch va osuda hayotni ardoqlash hamda mustaqillikning qadriga yetishga, doimo ogoh va hushyor bo'lib yashash, Vatan himoyasiga tayyor turish ruhida tarbiyalashda ulkan ahamiyat kasb etadi.

G'alaba bog'ida Toshkent shahri aholisi va mehmonlar tarix bilan hamnafas bo'lib, o'tganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi uchun tegishli sharoitlar yaratilgan. Shu bilan birga, ziyoratchilarning mazmunli dam olishi, ommaviy madaniy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, adabiy kechalar o'tkazish uchun barcha qulayliklar muhayyo etilgan.

Prezidentimiz kuni kecha qabul qilgan yangi qarori bilan bu borada O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi va Toshkent shahar hokimligining uchta muhim taklifini, ya'ni:

birinchidan, Mudofaa vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo'lgan davlat muassasasi shaklidagi “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi tashkil etish;

ikkinchidan, “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi hududida Mudofaa vazirligining Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti, Harbiy orkestrlar xizmati, Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansamblini bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirish;

uchinchidan, Majmua huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo'lmagan “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamg'armasini tashkil etish to'g'risidagi takliflarini ma'qulladi.

Yangi O'zbekistonga munosib ushbu yangicha dadil qadamlar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda ulkan ahamiyat kasb etadi.

Qarorda “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasining faoliyatini samarali tashkil etish, uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondini doimiy ravishda boyitib borish, ushbu yo'nalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va kelajak avlod uchun arxiv hujjatlari va ashyolarni saqlab qolish, yoshlarni yuksak gumanizm va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini yanada takomillashtirishning ustuvor vazifalari belgilab berilgan.

Prezidentimizning bu boradagi odilona va oqilona siyosati “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi mutasaddilari uchun munosib o'rnak va namuna bo'lishi lozim. Fikrimiz tasdig'i uchun birgina hayotiy misol keltiramiz.

Yaqin o'tmishimizda Ikkinchi jahon urushining buyuk va jasoratli qahramoni Sobir Rahimovning nomi tuman va metro stantsiyasidan o'chirilgani, hatto poytaxtdagi haykali ham ko'chirilgani tarixga, tari­xiy xotiraga nisbatan hurmatsizlik bo'lgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoev ushbu xatoni to'g'rilash va tarixiy adolatni qaror toptirish uchun 4 ta bosqichdan iborat izchil siyosatni amalga oshirdi va Sobir Rahimov nomi haqli ravishda yurtimizga qaytdi.

Birinchi bosqichda - davlat rahbari 2011 yil qishida G'afur G'ulom nomidagi istirohat bog'iga ko'chirilgan Sobir Rahimov haykalining o'z joyiga qaytarilishi haqidagi qarorini 2018 yil 2 may kuni ma'lum qildi. O'sha kuni Namangan viloyatida o'tkazilgan yig'ilishda O'zbekiston Prezidenti haykalning o'z joyiga qaytarilishini tarixiy adolatning tiklanishi deb atadilar.

Ikkinchi bosqichda - Sobir Rahimov haykali 2018 yili Xotira va qadrlash kuni arafasida tarixiy joyiga qaytarildi. Shu munosabat bilan yodgorlikning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Uchinchi bosqichda - Prezidentimiz oradan bir yil o'tgach, ya'ni 2019 yili Xotira va qadrlash kunida general-mayor Sobir Rahimov haykali qarshisida G'alaba bog'i barpo etilishi haqidagi tashabbusni ilgari surdilar.

To'rtinchi bosqichda - 2020 yil 9 may kuni Toshkent shahrida G'alaba bog'i va uning tarkibida bunyod etilgan “Mangu jasorat” monumenti ochildi. Bu monumentni ko'rgan kishi general Sobir Rahimov kabi harbiy qo'mondonlarimiz, o'zbekistonlik botir jangchilarning xotirasi el-yurt yodidan o'chmasligi­ni tushunib yetishi aniq.

Xalqimizning munosib farzandi, qahramon o'g'loni Sobir Rahimov xotirasini tiklash bo'yicha amalga oshirilgan ezgu ishlar yurtdoshlarimiz tomonidan minnatdorlik bilan qabul qilindi.

Prezidentimiz Qarorida, shuningdek “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasining asosiy vazifalari qayd etilgan. Majmua, avvalambor, Ikkinchi jahon urushi janglarida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini ko'rsatgan xalqimizning fashizm ustidan qozonilgan buyuk G'alabani ta'minlashga qo'shgan munosib hissasini ilmiy asosda o'rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o'rtasida keng targ'ib etishi zarur.

Shu o'rinda ayrim takliflarni bildirishni lozim topdik. Gap shundaki, G'alaba bog'i qurilishi bilan bog'liq bunyodkorlik ishlari avj olgan bir pallada Prezidentimiz ko'rsatmasiga ko'ra mamlakat arxivlaridagi ilgari yopiq bo'lgan tarixiy hujjatlar batafsil o'rganib chiqildi.

Juda oz fursatda katta ilmiy tadqiqotlar qilindi. O'zbekiston xalqining G'alabaga qo'shgan hissasini yanada chuqurroq o'rganish borasida muhim samaralarga erishildi.
Chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar, olimlar bilan hamkorlik natijasida ham qahramon ajdodlarimiz haqida yangi ma'lumotlar qo'lga kiritildi.

Ushbu yangi ma'lumot va faktlar 2019 yil 9 maygacha foydalanib kelingan dalillardan farq qiladi. Sodda qilib aytganda, O'zbekistondan urushda ishtirok etganlar, orden-medallarga sazovor bo'lganlar, yarador va halok bo'lganlar, asirlikka tushganlar, bedarak yo'qolganlar - shu kabi ko'plab mezonlar bilan bog'liq raqamlar anchagina kamaytirib ko'rsatilgani ayon bo'ldi. Misol uchun:

O'zbekistondan urushda ishtirok etganlarning soni shu paytgacha biz o'rganib qolgan ma'lumotdagidan 517 ming 430 nafar ko'pdir. Janggohlarda halok bo'lgan
yurtdoshlarimizning soni eskirgan raqamlardagidan 142 ming 641 nafarga ko'paygan bo'lsa, aksincha, bedarak yo'qolganlar soni 105 ming 19 nafarga kamayganini kuzatish mumkin. Bu ijobiy hol bo'lib, urushdan keyingi davrda yuz mingdan ziyod yurtdoshimizning daragi topilganidan dalolat beradi.

Respublikamizda urush avvalida jamlanib, to'liq jihozlangan milliy bo'linma va brigadalar miqdori yangi ma'lumotlarda 35 taga ortgan. Bu bejiz emas. Chunki dastlab O'zbekistonda 389, 12, 162 va 69-o'qchi diviziyalar, 21 va 44-kavaleriya diviziyalari, 128-gvardiyachi Turkiston tog'-o'qchi diviziyasi va boshqa harbiy qismlar tuzilgan. Harbiy harakatlar davrida ushbu qismlarning deyarli hammasi jangovar ordenlar bilan mukofotlangan. Keyinchalik ular o'zlari fashistlardan ozod qilgan shaharlarning nomlari bilan ataladigan qismlarga aylangan.

O'zbekistonga evakuatsiya qilingan odamlar soni — eski raqamlarga nisbatan 500 000 nafarga, ko'chirib kelingan bolalar soni esa 50 000 nafarga ko'p ekani aniqlangan. Darvoqe, urush davrida yurtimizga evakuatsiya qilingan sanoat korxonalari soni ham 47 taga ortgan.

1943-1945 yillarda yurtimizga deportatsiya qilinganlarning soni shu paytgacha bilganimizdan 397 ming 925 nafar ko'p ekan. Biz bu o'rinda faqat inson omiliga to'g'ridan-to'g'ri bog'liq bo'lgan dalillarnigina keltirdik. Binobarin, endilikda urush yillarida O'zbekiston sanoati tomonidan frontga yetkazib berilgan harbiy tovarlar miqdorini ham yangi va eski raqamlarni qiyoslash orqali o'rganish imkoniga egamiz.

Birgina misol: shu paytga qadar O'zbekiston frontga yetkazib bergan samolyotlar miqdori 303 taga, minalar — 800 mingtaga, parashyutlar — 90 mingtaga kamaytirib ko'rsatilgan.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 maygacha ma'lum bo'lmagan yangi dalillar ham aniqlandi. Xususan, O'zbekistondagi gospitallarga frontdan 485 ming nafar yarador
va bemorlar kelib tushgan. Tabiiyki, ularni davolash va parvarishlash shifokorlarimizning zimmasida bo'lgani holda, boqish va oyoqqa turg'azish vazifasi xalqimizning yelkasiga yuklangan.

O'z navbatida, kasalligi va olgan jarohati tufayli ishga yaroqsiz deb 47 ming 46 nafar nogiron gospitallardan chiqarilganiga doir aniq ma'lumotga endigina ega bo'lib turibmiz. Bu urush nogironlarining yashashi va davolanishi qanday kechgani haqidagi ma'lumotlarni ham atroflicha o'rganish kerak bo'ladi.

Shunday qilib, Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan aniqlashtirilgan ushbu dalil va raqamlar o'zbek xalqining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G'alabaga qo'shgan hissasini yangidan baholashni taqozo etadi. Bu boradagi amaliy takliflarimiz quyidagilardan iborat:

Birinchi taklif: xalqimizning G'alabaga qo'shgan hissasini aks ettiruvchi 2020 yil 1 maygacha aniqlangan dalil va raqamlarni keng targ'ib etish lozim.

Ikkinchi taklif: barcha targ'ibot va tashviqot manbalaridagi 2019 yil 9 maygacha bo'lgan raqamlar yangilari bilan o'zgartirilishini ta'minlash kerak.

Uchinchi taklif: ayni yo'nalishdagi o'rganish va tadqiqotlarni izchil davom ettirgan holda, aniqlangan yangi ma'lumotlardan keng jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borishni yo'lga qo'yish zarur. Bunday ma'lumotlarning Prezident qarorida doimiy nashr etilishi ko'rsatilgan salmoqli to'plamlarda aks ettirilishi maqsadga muvofiqdir.

Xulosa qilib aytganda, G'alaba bog'i Vatanga muhabbat va sadoqat, jasorat va matonat ramzidir. Ushbu  bog' o'z hayotini tinchlik va ozodlik uchun fido qilgan insonlarning o'lmas jasorati va yorqin xotirasi oldida O'zbekiston Prezidenti va o'zbek xalqiga xos yuksak hurmat-ehtiromning amaliy namunasi bo'lib qoladi.

 

Akmal Saidov,
akademik

("Yangi O'zbekiston" gazetasi, 2020 yil 15 sentyabr)

Powered by GSpeech