Mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” yoshi, millati, kasbidan qat’iy nazar, barcha millat va elat vakillari uchun o‘ziga xos bayram sifatida yodda qolmoqda.
Ushbu haftalik tadbirlarida Toshkentdagi “Svitanak” belarus milliy madaniy markazi vakillari ham faol qatnashmoqda.
– O‘zbekiston ko‘p millatli, konfessiyali, odamlari turfa tillarda so‘zlashadigan mamlakat, – dedi Toshkentdagi “Svitanak” belarus milliy madaniy markazi raisi Galina Tatarenko. – Bizning hayotimiz, taqdirimiz shu muqaddas diyor bilan uzviy bog‘lanib ketgan. Umr yo‘limizni O‘zbekistondan ayro tasavvur etolmaymiz.
Tabarruk o‘zbek diyorida qadim-qadimdan turli millat va elat vakillari yagona, ahil oila farzandlaridek yashab kelmoqda. Bolaligimda maktabda chuvash, mordvin, tatar, qozoq va boshqa ko‘plab millat va elat bolalari bilan birgalikda ta’lim olar edik. O‘sha paytda ham, hozir ham maktabda, mahallada, umuman hech joyda, hech qachon millat ajratishmagan. Bu o‘zbek xalqining milliy tabiatidani eng olijanob xislat bo‘lsa kerak.
Bizning markazimiz ham o‘z faoliyati davomida do‘stlik, ahillik, hamjihatlikni ta’minlashga katta e’tibor qaratmoqda.
O‘zbekistonda ko‘plab diniy konfessiya vakillari bor. Bu yerda muhtasham masjidlar bilan birga, rus cherkovi, polyak, nemis, yahudiy va boshqa millatlar uchun ibodatxonalar bor. Umuman olganda, o‘zbeklar juda oqko‘ngil, ochiqko‘ngil, mehribon, mehmondo‘st xalq. O‘zbek diyoridagi mehrli, o‘zaro ahil va hamjihat muhit yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning asosiy omili sanaladi.
Bizda hech qachon O‘zbekistondan ketish niyati bo‘lmagan. Aziz diyorimizga kelgan mehmonlar bu yerdagi samimiy va do‘stona, mehrli muhitdan hayratda qoladilar.
Markazimiz 1993 yilda tashkil etilgan. "Svitanak" o‘zbek tilida "Tong" demakdir. Markazimiz tomonidan do‘stlik festivallari, turli ijodiy-musiqiy kechalar, tanlovlar, kitobxonlik bayramlari, viktorinalar muntazam o‘tkazib kelinadi. Navro‘z, Mustaqillik kabi bayramlar biz uchun ham juda qadrli.
O‘tgan yili milliy madaniy markazimiz tashkil topganiga 30 yil to‘ldi va biz bu sanani respublika miqyosida nishonladik. Bu esa mamlakatimizdagi har bir milliy madaniy markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligidan ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 14.11.2024
- Ko'rishlar: 273
- Chop etish