Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibiyati Argentina Prezidenti Xaver Mileyning musulmonlarga, qadimiy islom sivilizatsiyasiga nisbatan tajovuzkorona bayonoti, xususan “islom terrorizmi”, “islom aqidaparastligi” kabi iboralarni ko‘p qo‘llashidan xavotir va norozilik bildirdi.
IHT Bosh kotibiyati hamda tashkilotga a’zo davlatlar an’anaviy do‘st, hamkor, umumiy iqtisodiy manfaatga ega mamlakat yetakchisi terrorizmni islom bilan bog‘lashini keskin qoralaydi.
Tuzilma davlat rahbari yoki mansabdor shaxsning dinlarga, xalqlar e’tiqodiga hurmatidan farqli o‘laroq, terrorizmning biror shaklini, bosqinchilikni islom yoki boshqa din bilan bog‘lashini qat’iyan rad etuvchi prinsipial pozitsiyasini ta’kidlaydi. Va shu nuqtai nazardan nafrat, murosasizlik, salbiy qiyofa shakllantirishga urinish, din qiyofasini buzishning har qanday ko‘rinishiga qarshi turishga, din, sivilizatsiya va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga chaqirdi.
IHT Bosh kotibiyati Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari Kengashining “dinlar obro‘siga tuhmat qilishga qarshi kurash” to‘g‘risidagi tegishli rezolyutsiyasini, jumladan Bosh Assambleya 2022 yil 15 martda e’lon qilgan rezolyutsiyaga muvofiq, 15 mart Islomofobiyaga qarshi kurash xalqaro kuni sifatida e’lon qilinganini yana bir bor eslatdi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 03.06.2024
- Ko'rishlar: 1600
- Chop etish