Imkoniyatlar va islohotlar ortida jamiyatning har bir a’zosi teng ekanligiga ishora bor

Xalq irodasi, ezgu niyatlariga hamohang tarzda o‘z taraqqiyot strategiyasini shakllantirgan davlat el farovonligi uchun ortga qaytmas vazifalarga kirishgan sanaladi. Buning uchun eng muhim maqsad va vazifalar, avvalo, Asosiy qonunimiz – Yangilangan Konstitutsiyada mustahkamlandi.

Ma’lumki, ulug‘ ajdodlarimiz qalbida bo‘lgan ezguliklar bugun yurtdoshlarimiz ko‘nglida ham adolat, haqiqat, iymon, bag‘rikenglik va tantilik ruhida jo‘sh urmoqda.  Yangilangan Konstitutsiyada O‘zbekiston “ijtimoiy davlat” degan tamoyil muhrlanib, davlatning bu sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar uch baravarga oshdi. 

2040 yilga borib O‘zbekiston aholisi 50 millionga yetishi kutilmoqda, jamiyatning yarmidan ko‘pini esa yoshlar tashkil qiladi. Ularga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim.

Buning uchun aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish, amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi tuzildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Tashkilotning asosiy vazifalari etib, og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan aholi bilan manzilli ishlash va ularga ijtimoiy xizmat, yordam ko‘rsatish, himoyaga muhtojlarga ko‘maklashish belgilandi. 

 Bu elimizga xos azaliy qadriyatlarning yana bir bor jonlanishiga turtki bo‘ldi. Ma’lumki, bobo va buvilarimiz himoyaga muhtoj qo‘shnilar holidan xabar olish, ularga qalban yaqin bo‘lib, ehtiyojlarini ta’minlashga ko‘maklashishni eng ulug‘ savob amallardan, deya sanashgan.

Ayni yo‘nalishga davlatimiz rahbarining alohida e’tibori bugun ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar hayotiga yangicha yorug‘lik bag‘ishlamoqda. 2024 yil 13 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Unda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun keng imkoniyatlar yaratilishi yuzasidan vazifalar, tizimni kuchaytirishga doir yangi tashabbuslar aytildi.

Jumladan 2025 yilda 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.

Darhaqiqat, bu borada yaxshi tajribalar bor. Masalan, Tayloq va Kosonsoy tumanlarida “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambag‘al oiladagi va nogironligi bo‘lgan 4 ming 200 nafar bolaga bog‘cha ta’limi berilgan. Endi esa kambag‘allik yuqori mingta mahallada yana bittadan oilaviy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi.

Bu aslida bolalarning ota-onalari uchun har tomonlama qulay imkoniyat demakdir. Chunki ular farzandini parvarishlash bilangina band bo‘lmay, jamiyat hayotida faol bo‘lish, kasb-hunarlar bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratiladi. Shu tarzda oilalarda rozilik kayfiyati paydo bo‘ladi. Xissiy xomushliklardan forig‘ bo‘lishiga imkon beradigan ish bilan chalg‘ish, siqilishlardan uzoq bo‘lishga olib keladi. 

Shuningdek, yig‘ilishda nogironligi bor bolalarni ta’lim bilan qamrab olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda har bir tumanda bittadan bog‘chada inklyuziv ta’lim guruhi ochilishi aytildi. Harakati cheklangan bolalarning maktabga kelib-ketish xarajatining 75 foizini qoplash tizimi joriy qilinadi. 1 sentyabrgacha 954 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil qilinib, yana 1 ming 800 nafar nogironligi bor bolaning ta’limiga sharoit yaratiladi.

Bunday maqsadli imkoniyatlar va islohotlar ortida jamiyatning har bir a’zosi teng ekanligiga ishora bor. Nogironligi bor bolalar ongi ilmga muhtoj bo‘lgan vaqtda uni umidli maqsadlar yo‘lida tengdoshlari qatori yo‘naltirishga davlatimiz tomonidan sharoit yaratilayotgan ekan, bu, o‘z o‘rnida, O‘zbekistonning insonparvarlik maqsadlarini ochiq namoyon etadi. 

Inson qanday vaziyatda bo‘lmasin, unga berilgan birgina imkoniyat ham yuksak maqsadlar tomon harakat qilishi kerakligini uqtiradi. Umid bilan yashash muqaddas islom ta’limotida ham eng ulug‘ amallar sirasida qayd etiladi. 

Hazrati Alisher Navoiy bunday ezgu amallarga bergan ta’rifida uning ortidan bo‘ladigan mukofotni qaydlarida bejiz muhrlamagan:

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, 

Oncha borki, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay.

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA

Powered by GSpeech