“Al-Jazeera” yozishicha, Isroil raketalari G‘azo sektori janubidagi Rafoh shahrida joylashgan Tal-as-Sulton lageriga zarba bergan. Natijada 35 kishi halok bo‘lib, o‘nlab odam yaralangan. Mahalliy nashrlar dushanbaga o‘tar kechasi lagerga kamida sakkizta raketa yo‘naltirilganini qo‘shimcha qilgan.
– Havodan berilgan zarba oqibatida chodirlar, turar-joy binolari odamlar bilan birga yonmoqda, – deydi Rafohdagi Kuvayt kasalxonasiga kelgan fuqaro “Reuters” axborot agentligiga.
Isroil harbiylari zarba HAMAS qarorgohiga yo‘llangani, hujum aniq razvedka ma’lumoti asosida amalga oshirilganini aytgan.
– Kuygan jasad tasvirlari G‘azo xalqini himoya qila olmagan insoniyat va jahon hamjamiyati yuzidagi chandiqdir, – dedi Gumanitar yordam harakati guruhi vakili. Irlandiya tashqi ishlar vaziri qirg‘inbarotni qoralarkan, holatni “boshboshdoqlik” deya ta’rifladi.
– G‘azo kichik anklav, bu yerda aholi zich joylashgan. Begunoh bolalar, ayollarni bu tarzda bombardimon qilish mumkin emas. Isroil amaliyotini hoziroq to‘xtatishga chaqiramiz, – deyilgan vazirlik xabarida.
Norvegiya TIV ham xalqaro qonunga ko‘ra, Isroil Rafohdagi bosqinchilikni to‘xtatishga majburligini eslatdi. Ispaniya tashqi siyosat idorasi esa Bryusselda Irlandiya va Norvegiyadan kelgan hamkasblari bilan qo‘shma matbuot anjumanida, agar Isroil Xalqaro sud qarorini buzishda davom etsa, boshqa chora ko‘rishini ma’lum qilgan.
Yahudiy askarlari 25 may kuni ham Jobaliya qochqinlar lageridagi maktabga havodan o‘q yo‘llagan. Oqibatda o‘nlab odam vafot etgan, ularning aksariyati bolalar edi. Hududdagi kasalxonalar zarur mahsulot bilan yetarli ta’minlanmagan. Jumladan, yonilg‘i muammosi yaqqol sezilyapti. Al-Aqso kasalxonasi G‘azodagi to‘liq ishlayotgan yagona shifoxona hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro sudning 24 may kungi qarorida Isroil Rafohdagi harbiy amaliyotni to‘xtatishi, keng ko‘lamda insonparvarlik yordami kirib kelishi uchun Misr bilan chegarada o‘tkazish manzilini ochishi, faktlarni o‘rganish uchun G‘azoga tergov missiyasi kirib borishiga imkon berishi kerak. Shu bilan birga 1 oy ichida ayni choralar amalga oshirilishi yuzasidan sudga hisobot topshirishi lozim.
Sardorbek Poyonov, Doniyor Yoqubov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA
- Qo'shildi: 28.05.2024
- Ko'rishlar: 1500
- Chop etish