Sud uchta shart bilan undan foydalanishga ruxsat berdi. Muxolifat va yahudiy jamiyati bu qarorni tanqid qilib, unga qarshi norozilik bildirish niyatida.
Italiyada fashistlarning qutlov ishorasi rasman qayta tiklandi. CNN telekanaliga ko‘ra, mamlakat Oliy sudi «Rim salyuti» yoki «zig» nomi bilan mashhur bo‘lgan fashistik qutlovni uch shart bilan qonuniylashtirdi: u jamoat tartibiga tahdid solmasligi, boshqalarni irqiy kamsitilishiga yo‘l qo‘ymasligi, shuningdek, Italiyada taqiqlangan Mussolini Milliy fashistik partiyasining tiklanishini nazarda tutmasligi kerak.
Muxolifat va yahudiy jamiyati bu qarorni tanqid qilib, unga qarshi norozilik bildirish niyatida. Italiyadagi muxolifat mamlakat hukumatiga o‘ta o‘ng siyosiy kuchlar va neofashistik guruhlarni taqiqlash talabi bilan murojaat qildi.
Oliy sud qarori 7 yanvar kuni Rim markazida neofashistik Italiya ijtimoiy harakati shtab-kvartirasi oldida miting o‘tkazilib, uning ishtirokchilari qo‘llarini ko‘tarib, fashistlarcha qutlovdan foydalangani haqidagi video tarqalganidan so‘ng chiqarildi. Shu kuni hech kim hibsga olinmadi va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni bu harakatni omma oldida qoralamadi. Qayd qilinishicha, Meloni xonim siyosiy faoliyatini aynan neofashistik Italiya ijtimoiy harakatida boshlagan.
Italiyada fashizmni targ‘ib qilish rasman taqiqlangan va urushdan keyingi konstitutsiya Milliy fashistik partiyaning tiklanishini taqiqlaydi. Shu bilan birga, 2018 yilda Italiya Oliy kassatsiya sudi «Italiya birodarlari» tomonidan Milanda tashkil etilgan tadbirda qo‘llarini fashistik qutlov bilan ko‘targan ikki namoyishchini oqlash haqida hukm chiqardi. Sud «Rim salyuti»ni agar xotirani qadrlash niyatida amalga oshirilsa, shuningdek, zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lmasa jinoyat emasligini tasdiqladi. Bunday holda, qutlovni demokratik tuzumga putur yetkazishga urinish sifatida emas, balki erkin «fikr ifodasi» deb hisoblash mumkin.
Kun.uz
- Qo'shildi: 22.01.2024
- Ko'rishlar: 2211
- Chop etish