Kuniga 5 grammdan ko‘p bo‘lmagan tuz iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish uchun tuz iste’molini kamaytirishga chaqirdi. Bu haqda JSST saytida xabar berildi.
Tashkilotning yangi hisobotida aytilishicha, Yevropada yurak-qon tomir kasalliklari har yili o‘limlarning 42,5 foizini tashkil qiladi. Bunday kasalliklardan har kuni 10 ming kishi vafot etadi. Erkaklar orasida bu muammoga duch kelish xavfi ayollarga qaraganda 2,5 baravar yuqori.
Yevropada o‘lim holatlarining to‘rtdan bir qismi gipertoniya bilan bog‘liq. Bu dunyoning boshqa mintaqalari bilan solishtirganda eng yuqori ko‘rsatkichdir. Gipertoniya odatda hech qanday alomatga ega emas va yurak xuruji bilan insultga olib kelishi mumkin.
JSST ekspertlari Yevropa mamlakatlari aholisi juda ko‘p tuz iste’mol qilishini ta’kidlamoqda. Bu yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfini oshirishi mumkin. JSST tavsiyalariga ko‘ra, kuniga maksimal tuz miqdori 5 grammni tashkil qiladi. Bundan tashqari, Yevropaning 53 davlatidan 51 tasida bu ko‘rsatkich oshib ketgan. Xususan, «fastfud» iste’molchilari tuzni suiiste’mol qilishadi.
Hisobot muammoga qarshi kurashish uchun kompleks yondashuvni taklif qiladi. Mutaxassislarning fikricha, tuz iste’molini 25 foizga kamaytirishga qaratilgan siyosatni amalga oshirish orqali 2030 yilga borib 900 ming kishining hayotini saqlab qolish mumkin.
Kun.uz
- Qo'shildi: 17.05.2024
- Ko'rishlar: 1364
- Chop etish