Madridda elektr samokat ijarasi taqiqlandi

CNN malum qilishicha, Madrid ma’muriyati “Lime”, “Dott” va “Tier” kikshering kompaniyalari faoliyat ko‘rsatishi uchun berilgan litsenziyani olib qo‘ydi. Natijada Ispaniya poytaxtida elektr samokatni ijaraga berish xizmati to‘xtadi.

– Madrid aholisining jismoniy yaxlitligi va xavfsizligi biz uchun ustuvor vazifa, – deydi mer Xose Luis Martines-Almeyda. – Shahar ko‘chalarida elektr samokatni ijaraga beruvchi kompaniyalar ruxsatnomalari bekor qilinadi. Sababi, piyodalar, ayniqsa qariyalar xavfsizligini ta’minlash uchun biz qo‘ygan shartlarga rioya qilinmayapti.

Madrid shahri kengashi a’zolari ta’kidlashicha, har uchala kikshering kompaniyasi 2023 yil may oyida berilgan litsenziya shartlarini buzgan. Xususan, faoliyatni tekshirishga to‘sqinlik qilgan, hokimiyatga zarur ma’lumotlarni taqdim etmagan, o‘z interfeyslariga kirish imkonini yaratmagan.
Bundan tashqari, korxonalar barcha samokatlar uchun shahar bo‘ylab xizmat ko‘rsatish va sug‘urtalash qoplamasini ta’minlay olmagan. Shuningdek, muayyan hududlarda harakatlanish va to‘xtashni taqiqlovchi texnologiyalarni joriy etmagan.

Avval bu kompaniyalarning har biri 2000 tadan elektr samokatni ijaraga berish huquqiga ega edi. Oktyabr oyidan boshlab muayyan litsenziyalar bekor qilinadi. Kengashi qarori yuzasidan shikoyat qilish uchun 20 kun muhlat bor.

Binobarin, Martines-Almeyda Madrid hukumati qo‘shimcha ruxsatnoma berilmasligidan ogohlantirdi, chunki “bozor fuqarolar uchun kengash tomonidan belgilangan xavfsizlikning eng yuqori darajasini kafolatlovchi talablarga javob bera olmasligi aniq.

Meriya shaharda xususiy elektr samokatdan foydalanishga hali ruxsat borligini qo‘shimcha qildi.

Madrid elektr samokat ijarasini taqiqlagan Yevropadagi birinchi shahar emas. O‘tgan yil sentyabrda mahalliy aholi shahar referendumida yoqlab ovoz bergach, Parijda ham ayni qoida joriy etilgan.

Sh. Mamaturopova, O‘zA

Powered by GSpeech