Prezident Shavkat Mirziyoevning joriy yil 22 iyundagi Farmoni bilan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” qabul qilinganiga uch oy bo'ldi. Ma'lumki, O'zbekiston Prezidentining Farmoni bilan, shuningdek Milliy strategiyani amalga oshirish bo'yicha «yo'l xaritasi» tasdiqlangan.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga Milliy strategiya va «Yo'l xaritasi»ning sifatli hamda o'z vaqtida amalga oshirilishi bo'yicha doimiy monitoring olib borish vazifasi yuklatilgan.
Milliy strategiyada jami 33 ta qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Bu o'rinda 20 ta yangi qonun loyihalari, mavjud qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha 4 ta qonun loyihasi va amaldagi 9 ta qonunning yangi tahrirdagi loyihalari haqida so'z bormoqda.
Dastlabki monitoring natijalariga ko'ra, avvalambor, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 17 avgustda «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzolagan. Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran olti oy o'tgach kuchga kiradi.
Yangi Qonun bilan O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 17 aprelda qabul qilingan «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlandi. Qonunning maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo'lib, odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoyalashga xizmat qiladi.
O'z navbatida, xalqaro hujjatlar, jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt, BMT va YEXHTning tegishli normativ hujjatlariga tayangan holda, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonun loyihasining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi.
Qonun loyihasi har kimning vijdon erkinligiga bo'lgan huquqini, dinga bo'lgan munosabatdan tashqari fuqarolar tengligini, jamiyatda millatlararo va konfessiyalararo kelishuvni ta'minlash borasida davlat organlari va diniy tashkilotlar o'rtasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Mamlakatimizning AQShdagi elchixonasi bilan hamkorlikda 2020 yil 4 sentyabr` kuni mazkur qonun loyihasini muhokama qilish bo'yicha onlayn maslahatlashuvlar o'tkazdik. Ushbu taqdimotda taniqli xalqaro va xorijiy ekspertlar tomonidan O'zbekistonda keyingi to'rt yil davomida vijdon erkinligi sohasida amalga oshirilgan islohotlar alohida e'tirof etildi. Xalqaro tadbir ishtirokchilari, shuningdek mazkur qonun loyihasi yuzasidan o'z fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rasmiy veb-saytida jamoatchilik muhokamasiga qo'yilganidan so'ng uni takomillashtirishga qaratilgan ko'plab takliflar kelib tushdi. Bu, o'z navbatida, loyihani yanada maromiga yetkazish imkonini berdi. Qonun loyihasining ingliz tilidagi matni Venetseya komissiyasining rasmiy saytida ham bor.
Shu yil 15 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi muhokama etildi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko'rib chiqilib, birinchi o'qishda qabul qilindi.
Ayni paytda “Aholi bandligi to'g'risida”gi hamda “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunlar Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan ma'qullangan. Mehnat kodeksining yangi tahriri loyihasi esa kuni kecha jamoatchilik muhokamasiga havola etildi.
Shu bilan birga, sud faoliyatiga oid 5 ta Kodeks, ya'ni Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda.
Sud`yalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslari ham shakllantirilmoqda. Shuningdek, "Advokatura va advokatlik faoliyati to'g'risida" hamda "Bepul yuridik yordam to'g'risida"gi yangi qonun loyihalarini tayyorlashga kirishilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.09.2020
- Ko'rishlar: 3997
- Chop etish