Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy hayotga integratsiyasi muhim omildir

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining saylovdan keyingi birinchi yalpi majlisidagi nutqida nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga to‘laqonli moslashuvini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanayotganini ta’kidlagan edi.

Bu jarayonda ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘lamini kengaytirish katta ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, aholining imkoniyati cheklangan qatlami uchun bunday imkoniyatlar ularning nafaqat kundalik ehtiyojlarini qondirishga, balki jamiyatga integratsiya qilishga yo‘naltirilgan muhim omildir.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilandi. Unda mamlakatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlariga tegishli normalar 3 barobar ko‘paydi. Xususan, yolg‘iz keksalar va mehnatga layoqatsiz, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishi Konstitutsiyada belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, davlat rahbarining 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Ma’lumot sifatida aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda nafaqa oluvchilar soni 2016 yilda 466 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 2 milliondan oshdi.

Darhaqiqat, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimi samarali bo‘lishi uchun avvalo, ularning huquqiy muhofazasini ta’minlash zarur. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi nogiron shaxslarning ijtimoiy himoyasini mustahkamlaydi va ularning hayot sifatini yaxshilashga yordam beradi. Bu qonun jamiyatning barcha a’zolari uchun teng imkoniyatlar yaratishga yo‘naltirilgan bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy sug‘urta orqali ularning hayot tarzini yaxshilashni maqsad qiladi.

Bundan tashqari, bugungi kunda imkoniyati cheklangan bolalarning aksariyati ijtimoiy muhitdan ajralgan holda ta’lim olmoqda. Prezident ta’kidlaganidek, imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktablarda to‘siqsiz muhit va zamonaviy ta’lim imkoniyatlari yaratilishi zarur. Bu, ayniqsa, inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Bolalarning umumta’lim muassasalariga jalb qilinishi esa ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va tengdoshlari bilan birga ta’lim olish imkonini beradi.

Inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish uchun, albatta, maxsus pedagog va psixologlar bilan ishlash zarur. Ushbu yo‘nalishda malakali mutaxassislar tayyorlash, ularning imkoniyati cheklangan bolalarga yordam berish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish davlat siyosatining muhim qismidir. Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan chora-tadbirlar nogironligi bo‘lgan bolalar uchun to‘siqsiz ta’lim imkoniyatlarini yaratishga, ularning bilim olish jarayoniga faol jalb qilinishiga yordam beradi.

Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga moslashuvini ta’minlash uchun ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish lozim. Bunda ijtimoiy xodimlar tomonidan mahalliy darajada nogironlar bilan doimiy ish olib borilishi muhim. Jamiyatda bunday shaxslarning ijtimoiy muhitga moslashuvida katta ahamiyatga ega. Shu bois har bir mahallada ijtimoiy xizmatlarning to‘laqonli va samarali ishlashini ta’minlash nogironlarning hayot tarzini yaxshilashga xizmat qiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasi nafaqat moddiy yordam, balki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishni ham o‘z ichiga oladi. Bu jarayonda davlat organlari, mahalliy hokimiyatlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlik juda muhim. Nogironlarning ta’lim olish, mehnat qilish va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etish imkoniyatlari bilan ta’minlanishi, bu hamkorlikning samaradorligini belgilaydi.

Aytib o‘tish lozimki, yaratilgan imkoniyatlar hisobiga 2024 yilda tadbirkorlar 40 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga oldi. Buni yanada kengaytirish maqsadida 2025 yil 1 yanvardan nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, ularning mehnat faoliyatida ishtirokini ta’minlash ham albatta muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun davlat tomonidan nogironlarni ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarur. Shuningdek, ish beruvchilarga nogironlar uchun qulay sharoitlar yaratishga ko‘maklashuvchi imtiyozlar va subsidiyalar joriy qilinishi mumkin. Bu nogironlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlaydi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan chora-tadbirlar doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus markazlar tashkil etish masalasi ham ko‘tarilgan. Bu markazlar nogironlarning ijtimoiy moslashuvi, ularni mehnat bozoriga tayyorlash, psixologik yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda ish olib boradi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarning samarali bo‘lishi uchun avvalo ularning ehtiyojlarini chuqur o‘rganish va aniqlash muhim. Bu borada esa mahallalarda nogironlar bilan ishlaydigan ijtimoiy xodimlar faoliyatini kuchaytirish, ularning malakasini oshirish va doimiy ravishda qayta tayyorlash kurslarini o‘tkazish kerak. Ijtimoiy xizmatlarning sifatli va samarali bo‘lishi nogironlarning hayotini yengillashtirishga yordam beradi.

Shu o‘rinda e’tirof etish lozimki, ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida ko‘rsatish,  og‘ir ahvolga tushib qolishini oldini olish, shuningdek, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish maqsadida tuman (shahar)larda Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” markazlari ochildi. Natijada 102 ta ijtimoiy xizmat aynan mahallalarda yo‘lga qo‘yildi. Ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, 2024 yil reyestrda bo‘lmagan yana 95 ming muhtoj odamga yordam ko‘rsatdi. 51 ming odamga nogironlik belgilandi, 26 ming nafari protez oldi. Yotib qolgan 4 ming yolg‘iz keksa aniqlanib, ularga uyining o‘zida parvarish tashkil etildi. Nogironligi bor 5 ming nafar bola bog‘cha-maktabga joylashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil 13 dekabr kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida 2025 yildan mahalladagi ijtimoiy xodimlar va xususiy sektor ishtirokida kambag‘al oilalardagi o‘zi harakatlana olmaydigan odamlarning 19 mingiga uyida va 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida qarab turish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga to‘laqonli moslashuvini ta’minlash,  huquqiy himoyasini kuchaytirish va ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bugungi kundagi inson qadri tamoyilining eng yuksak vazifalar bilan ildamlayotganidan dalolatdir.

Inobat Hakimova,

“Taraqqiyot strategiyasi”

markazi bosh mutaxassisi

O‘zA

Powered by GSpeech