Oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning himoyasi kuchaytiriladi

Qonun loyihasiga sharh

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda gender tenglikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlar davom ettirilib, huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda.  

Jumladan, oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda Oila kodeksining 41-moddasiga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan er yoki xotinning talabiga ko‘ra, sud tomonidan ishni ko‘rishda yarashish uchun muhlat tayinlanmasdan qaror chiqarilishiga oid norma taklif etilmoqda. Bu tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.  

Loyihada shuningdek, Uy-joy kodeksiga sud turar joyga majburiy tartibda kiritish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqishda, qarzdor (mulk egasi bo‘lgan er yoki xotin)ning tashabbusiga asosan ushbu turar joyni munosib sharoitga ega bo‘lgan boshqa turar joyga almashtirishi yoki taraflarning kelishuviga asosan ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini qarzdorga yuklash bo‘yicha norma kiritilmoqda.  

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilyapti.  

Qonun loyihasining qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jabrlanuvchilarining huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish, oilaviy munosabatlar ishtirokchilarining o‘z huquqlarini himoya qilish kafolatlarini, shu jumladan uy-joy nizolarini ko‘rib chiqishda mulkdorning manfaatlarini inobatga olish bilan bir qatorda xotin-qizlarga yashash uchun qulay sharoit yaratish hamda oila va xotin-qizlar boshqaruvi tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.  

Muhtarama Komilova,

O‘zA

Powered by GSpeech