24 sentyabr kuni Toshkentda xuddi shu mavzuda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMTning 75-sessiyasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning mohiyati hamda ahamiyatiga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
Tadbirda mamlakatimizning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tizimlari namoyandalari, xalqaro tashkilotlarning O'zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari, elchilar, fuqarolik jamiyati institutlari va yoshlar tashkilotlari faollari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi va so'zga chiqdi.
O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov sessiyani boshqarar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoev BMTning 75-sessiyasida so'zlagan nutqining ahamiyati haqida o'z fikrlarini bildirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining uch ustuvor yo'nalishi, ya'ni tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, barqaror iqtisodiy taraqqiyot hamda inson huquqlarini ta'minlash yo'nalishlari bor. Davlat rahbari shu yo'nalishlarda milliy, mintaqaviy va global miqyosda takliflar berdi. BMT jamiyatni davlat, biznes va fuqarolik jamiyatiga bo'ladi. O'zbekiston bergan takliflar shu sektorlarning har birini qamrab oladi. Shuningdek, BMT minbaridan bildirilgan ushbu takliflar O'zbekiston tasvirini xalqaro miqyosda chizib berdi.
Xususan, BMT tarixida ilk bor Prezidentimiz 2 ta muhim masala - Barqaror taraqqiyot maqsadlari va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentning rolini oshirish masalalarini o'zaro bog'lagan holda, maxsus rezolyutsiya qabul qilish taklifini ilgari surdi. Bunday yondashuv ilgari kuzatilmagan.
O'zbekiston Prezidentining takliflari xalqaro va xorijiy ekspertlar tomonidan e'tirof etilmoqda. Xususan, Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumida ishtirok etgan Yuristlar xalqaro kengashi raisi Anish Agarvala Prezident Shavkat Mirziyoev inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha tashabbuslari bilan nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun Osiyo mintaqasida peshqadamlik qilmoqda, degan fikrni aytdi.
BMTdan keyin ikkinchi o'rinda turadigan nufuzli xalqaro tashkilot — Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong Prezident Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish to'g'risidagi taklifini amalga oshirishga o'z hissasini qo'shishga tayyor ekanini bildirdi.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan taklif va tashabbuslar:
BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish taklif etildi;
Bosh kotib Antoniu Guterrishning bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning dolzarb muammolariga bag'ishlangan sammitni o'tkazish bo'yicha taklifi ma'qullandi;
xalqaro hamjamiyat BMT Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini qabul qilish bo'yicha O'zbekiston tashabbusini qo'llab-quvvatlashga chaqirildi;
Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to'g'risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklif etildi;
BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklif etildi;
Mintaqaviy qo'shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag'ishlangan xalqaro konferentsiyani o'tkazish taklif etildi;
2021 yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni o'tkazishga O'zbekiston tayyorligi ma'lum qilindi;
BMT huzurida afg'on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko'rsatadigan qo'mita tashkil etish taklif etildi;
Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklif etildi. Shuningdek, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq ekanligi ta'kidlandi;
Qashshoqlikni tugatish va kambag'allikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag'ishlangan global sammitni o'tkazish taklif etildi;
O'zbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng ko'lamli va o'zaro manfaatli sheriklikni, BMT va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyorligi ma'lum qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.09.2020
- Ko'rishlar: 4013
- Chop etish