Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu O‘zbekiston delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokara haqida ma’lumot berdi. Bu xaqda “Kazinform” xabar berdi.
– Hozirgina Baxtiyor Saidov bilan an’anaviy do‘stlik, o‘zaro yordam va ishonch ruhida tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar bo‘lib o‘tdi, – dedi Murat Nurtleu vazirlarning qo‘shma bayonotida. – Biz o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldik, asosiy vazifalarni ko‘rib chiqdik. Davlat rahbarlarining joriy yil bo‘lib o‘tadigan ko‘p tomonlama formatdagi oliy darajadagi tashrif va uchrashuvlariga alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqboli tahlil etildi. Savdo, sanoat, transport va logistika sohalaridagi sheriklik masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Vazir o‘z so‘zida Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri ekaniga ham urg‘u berdi.
– So‘nggi yillarda tovar ayirboshlash izchil o‘sib, 4 milliard dollardan oshdi, – deya qo‘shimcha qilgan M.Nurtleu. – Sanoat kooperatsiyasi sohasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Ayni payt umumiy qiymati 156 million dollarlik 12 qo‘shma loyiha ishga tushirilgan. Shuningdek, jami 1 milliard dollarlik 21 loyiha ishlab chiqilmoqda. O‘zaro savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish navbatdagi muhim vazifa hisoblanadi. Davlatlarimiz chegarasida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi foydalanishga topshirilishi ayni jarayonga salmoqli hissa qo‘shishini kutamiz.
G.Sattorova, O‘zA
- Qo'shildi: 19.02.2024
- Ko'rishlar: 1995
- Chop etish