O'zbekiston – Tojikiston: strategik sheriklikning yangi sahifasi

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, akademik Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Tojikiston poytaxti -Dushanbe shahriga tashrif buyurdi.

Joriy yil 14-15 sentyabr kunlari bu yerda “O'zbekiston va Tojikiston rahbarlarining do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va ishonchni mustahkamlashga qo'shgan hissasi, O'zbekiston – Tojikiston strategik sherikligida yangi sahifaning ochilishi” mavzuida ilmiy-amaliy konferentsiya bo'lib o'tadi. Tadbir Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi va O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamkorligida tashkil etilmoqda, deyiladi O'zA xabarida.

Konferentsiyada Tojikistonning ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalari olimlari bilan birga O'zbekiston va Tojikiston rahbarlarining siyosiy irodasi, ochiq va konstruktiv tashqi siyosati samarasida erishilgan ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish natijalari tahlil qilinadi.

Ikki kunlik anjumanda siyosat va xavfsizlik, savdo-iqtisodiy aloqalar, sarmoyaviy hamkorlik, transport kommunikatsiyalari va turizmni rivojlantirish, madaniy, ilmiy-ma'rifiy aloqalarni kengaytirish sohasidagi o'zaro aloqalar muhokama qilinishi ko'zda tutilgan.

Bunday konferentsiyani o'tkazishning dolzarbligi zamonaviy sharoitda O'zbekiston – Tojikiston strategik sherikligini o'rnatish jarayonlari bilan bog'liq.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning sa'y-harakatlari tufayli qo'yilgan mustahkam poydevor asosida yuksak darajada rivojlanmoqda. Yuqori darajadagi muntazam aloqalar ishonchli muloqotni shakllantirish va institutsional o'zaro aloqalarning yangi mexanizmlarini yo'lga qo'yish imkonini berdi.

2018 yil mart oyida 27 yil ichida O'zbekiston Prezidentining Tojikiston Respublikasiga ilk davlat tashrifi amalga oshirildi. O'sha yili avgust oyida Tojikiston Prezidentining mamlakatimizga oliy darajadagi tashrifi uyushtirildi. Dushanbe va Toshkentda muzokaralarida mamlakatlarimiz rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarning barcha kun tartibidagi muhim qarorlarini qabul qildilar.

Davlat tashriflari doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, ta'lim, yoshlar siyosati va boshqa sohalarga oid ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga doir jami 54 ta hujjat imzolandi. Mamlakatlarimiz hududlari, jumladan, Surxondaryo va Sug'd viloyatlari o'rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik to'g'risida kelishuvga erishildi.

Har ikki davlat, ayniqsa, chegara hududlari aholisining bemalol tashrif buyurishiga imkon beradigan Davlat chegarasi to'g'risidagi shartnoma va Fuqarolarning o'zaro safarlari to'g'risidagi hukumatlararo bitim xalqlarimiz uchun uzoq yillar kutilgan voqea bo'ldi.

2018 mamlakatlarimiz o'rtasida viza rejimining bekor qilinishi va 17 ta nazorat-o'tkazish punktining ochilishi muhim voqealardan biri bo'ldi. Buning samarasida 2019 yilda O'zbekistonga kelgan tojikistonlik mehmonlar soni 1,5 million nafarga yetdi. 1,2 million nafar o'zbekistonlik Tojikistonda bo'ldi. Davlat chegarasi haqiqatan ham do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va o'zaro manfaatli hamkorlik chegarasiga aylandi.

Toshkentga tashrif chog'ida O'zbekiston va Tojikiston Respublikalari o'rtasida strategik sheriklik to'g'risida shartnoma imzolandi. Ushbu hujjat ikki davlat va xalqlar o'rtasidagi an'anaviy do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojantirish va mustahkamlashga xizmat qiladi, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlashga yordam beradi.

Erishilgan kelishuvlarni jadal amalga oshirish maqsadida so'nggi 2 yil ichida bosh vazirlar darajasida 4 ta uchrashuv o'tkazildi. Ayni damda hukumatlararo muzokaralar nafaqat ikki mamlakat poytaxtlarida, balki Farg'ona, Termiz va Bekobod shaharlarida ham o'tkazildi.

Tashqi ishlar vazirlari va ularning o'rinbosarlari darajasidagi uchrashuv va maslahatlashuvlar muntazam o'tkazilmoqda. So'nggi 4 yil ichida ikki davlat tashqi ishlar vazirlarining 22 marta uchrashuvi o'tkazildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati hamda Tojikiston Respublikasi Majlisi Oliy o'rtasida parlamentlararo guruhlar hamkorligi yo'lga qo'yildi. 2018-2019 yillarda Tojikiston parlamentining har ikki palatasi rahbarlarining Toshkentga ikki marta va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining Dushanbega bir marta tashrifi amalga oshirildi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik Xavfsizlik Kengashlari, parlamentlararo aloqalar va vazirliklararo maslahatlashuvlar kabi mexanizmlar orqali amalga oshirilmoqda. Mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlarning kuchayib borishi munosabati bilan maxsus xizmatlar, huquqni muhofaza qilish organlari va mudofaa idoralari o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz o'rtasida erkin savdo rejimi amal qilmoqda. Yaratilgan qulay shart-sharoitlar mamlakatlarimiz o'rtasida o'zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarning o'sishiga yordam bermoqda. 2019 yil yakunlariga ko'ra, o'zaro tovar aylanmasi hajmi qariyb 3 baravar oshib, 497 million dollarga yetdi. Joriy yilda koronavirus infektsiyasi tarqalishi bilan bog'liq cheklovlarga qaramay, savdo ko'rsatkichlarini 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Transport sohasidagi hamkorlik butun Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiy rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchi vazifasini bajarishi mumkin. Qulay geografik joylashuv va keng transport infratuzilmasi mintaqa mamlakatlariga eng yaqin bozorlarga chiqish imkonini beradi.

Temir yo'l, avtomobil` va havo transporti orqali yuk va yo'lovchilar tashishni rivojlantirish nafaqat tovar ayirboshlash hajmi, balki mintaqa davlatlariga sayyohlar oqimining o'sishini ham ta'minlaydi.

Shu bilan birga, xalqlarimizni bir-biriga chambarchas bog'laydigan qondoshlik aloqalari negizini tashkil etuvchi madaniy-gumanitar aloqalar davlatlararo munosabatlarni mustahkamlaydigan ma'naviy rishtadir. Bugungi kunda ikki mamlakat ilmiy-ta'lim muassasalarining almashinuvi yo'lga qo'yilgan, turli qo'shma tadbirlar faol amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston va Tojikiston intellektual qatlami salohiyatini birlashtirgan ushbu anjuman ikki tomonlama munosabatlarning o'rta va uzoq muddatli istiqbollarini baholashga ilmiy hissa qo'shishga qaratilgan.

Ushbu ilmiy-amaliy konferentsiyaning formatini muhim munozara maydonchasiga aylantirish ko'zda tutilgan. Muhokamalar asosida o'zaro dasturlarni amaliy choralar va ularni amalga oshirish mexanizmlari bilan to'ldirgan holda, O'zbekiston – Tojikiston strategik sherikligining ustuvor yo'nalishlari va maqsadlari bo'yicha qo'shimcha g'oyalar va tavsiyalar taklif etiladi.

Konferentsiya doirasida maxsus madaniy dasturlar tashkil etiladi, ishtirokchilar mezbon mamlakat tarixi va an'analari bilan tanishadilar.

Ma'lumot uchun: mamlakatimiz delegatsiyasi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi, «Ma'no» markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti va O'zbekiston davlat konservatoriyasi ekspertlaridan iborat.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech