O'zbekiston – Tojikiston: Yurtimiz delegatsiyasi tashrifi samarali bo'ldi

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, akademik Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining 14-15 sentyabr kunlari Dushanbe shahriga amalga oshirgan tashrifi samarali bo'ldi, deb xabar berdi O'zA.

Bu yerda “O'zbekiston va Tojikiston rahbarlarining do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va ishonchni mustahkamlashga qo'shgan hissasi, O'zbekiston – Tojikiston strategik sherikligida yangi sahifaning ochilishi” mavzuida ilmiy-amaliy konferentsiya bo'lib o'tdi. Tadbir Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi va O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Anjumanning ochilishida so'zga chiqqan O'zbekiston delegatsiyasi rahbari, akademik A.Saidov ikki qardosh mamlakatlar xalqlari farovonligi yo'lida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni xar tomonlama kengaytirish uchun misli ko'rilmagan qulay imkoniyatlar ochilayotganini ta'kidladi. Bugungi kunda shakllanayotgan muhitni chuqur anglash, o'zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini belgilash va aniq natijalarga erishish muhim hisoblanadi.

Mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stona aloqalarni yuqori darajaga ko'tarishda, o'zaro hamkorlikning rivojlanish strategiyasini belgilashda va amalga oshirishda O'zbekiston va Tojikiston rahbarlarining oqilona siyosati asosiy va muhim vazifani bajarmoqda. Aynan davlat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi va uzoqni ko'zlagan siyosati tufayli ikki mamlakatning ko'p qirrali hamkorligi va do'stona aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga – strategik hamkorlik darajasiga ko'tarildi.

Bu o'rinda ikki mamlakat rahbarlarining 2018 yilda Tojikiston va O'zbekiston poytaxtlarida bo'lib o'tgan tarixiy uchrashuvlari o'zbek va tojik xalqlari o'rtasidagi asrlar davomida sinovdan o'tgan do'stlikni yaqqol namoyon etganini alohida ta'kidlash lozim.

Kuchli siyosiy iroda, o'zaro manfaatlarni hurmat qilish, o'rnatilgan yuqori darajadagi siyosiy muloqot, ikki mamlakat rahbarlari o'rtasidagi o'zaro ishonch va davlatlar o'rtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida biron-bir yechimi bo'lmagan masalalar qolmaganiga butun dunyo hamjamiyati guvoh bo'ldi.

Hozirgi davrda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo'shnichilik va umumiy manfaatlarga asoslangan hamkorlik muhiti hukm surmoqda. Mintaqamizdagi har bir davlat Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni ta'minlashga munosib hissa qo'shmoqda.

Mintaqa davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va amaliy qadamlari natijasida davlatlararo munosabatlar yuqori darajaga ko'tarilmoqda. Hamjihatlik va faol sa'y-harakatlar ko'p qirrali mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, mintaqadagi o'zaro yaqinlashuvimiz va hamkorlikni kengaytirishimiz – bu davr talab qilayotgan va orqaga qaytmaydigan jarayon. Bu boradagi qat'iy siyosiy tanlov chuqur tarixiy omillarga ega va kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas.

Anjuman doirasida ilmiy-tadqiqot, tahliliy markazlar va oliy o'quv yurtlari vakillari o'rtasida alohida ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazildi. Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari, o'zaro qiziqish uyg'otuvchi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech