O'zbekiston yangi Renessans markaziga aylanmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'qqiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta'kidlaganidek, bugun jahon miqyosida yurtimiz
haqida so'z ketganda “Yangi O'zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo'yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e'tirofidir.

Bugun mamlakatimizda ta'lim-tarbiya sohasi rivojiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, ilm-fan, ma'rifat sohasi vakillari har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgani, intellektual boylikning qadr topayotgani xalqimizning tarixi, tiynati, mentaliteti, asriy qadriyatlari, orzu-umidlari bilan bevosita bog'liq.

Prezidentimizning “Dunyoda eng katta boylik - yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir” degan fikrlari bejiz emas. Tarixiy misollarga murojaat qilaylik:

Buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino 4 yoshida Qur'onni to'la yod olgan. Bugungi kunda Qur'oni karimdan keyingi muborak kitob deya tan olingan “Sahihi Buxoriy”ni tuzgan allomamiz Imom Buxoriy 11 yoshida ustozi ad-Doxiliyning ilmidagi xatolikni tuzatgan. Ulug' shoir va mutafakkir Alisher Navoiy 6 yoshida she'rlar yoza boshlagan va Farididdin Attorning "Mantiq ut-tayr" asarini yoddan bilgan. Hassos shoir va shoh bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur esa 12 yoshida taxtga o'tirgan.

Ajdodlarimiz nima uchun bu qadar yetuk olimu shoir, allomayu ma'rifatparvar, bir so'z bilan aytganda, buyuk insonlar bo'lgan?

Chunki, avvalo, ular jaholatga berilmagan, kimnidir g'iybat qilib, oltindan qimmat vaqtini zoe qilmagan. O'zining idrokini, azmu qudratini ilmga sarflagan, bilimini muttasil boyitgan.

Yanada muhimi,  ajdodlarimizning ma'rifat borasida, ta'bir joiz bo'lsa, "iligi to'q" bo'lgan. Zero, ular bir emas, ikkita Renessans ma'rifatining qaymog'idan bahramand bo'lganlar.

"Renessans" ("renaitre") – frantsuzcha so'z bo'lib, qayta yuzaga kelmoq, yangidan tug'ilmoq, degan lug'aviy ma'nolarni anglatadi. O'zbek tilidagi "Uyg'onish davri" tushunchasi ushbu atamaning sinonimi, ya'ni ma'nodoshi hisoblanadi.

Renessansning asosiy alomatlari tafakkurda va ilmu ijodda dogmatizm, jaholat va mutaassiblikni yorib o'tib, insonni ulug'lash, uning iste'dodi, aqliy-fikriy imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, adabiyot va san'atda dunyoviy go'zallik, hayot taronalarini qizg'in kuylash, inson erki, hurfikrlilik uchun kurashish misolida yorqin namoyon bo'ladi. Natijada ijodiy qudrat va tafakkur kuchini namoyish etadigan ulug'vor badiiy asarlar yaratiladi, muhtasham me'moriy inshootlar bunyod etiladi, ilm-fan rivojlanadi.

Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, bugungi O'zbekiston hududi tarixda ilm-fan, madaniyat va san'atning kadimiy beshigi sifatida mavjud bo'lib kelgan. Bu haqda islomga qadar mavjud manbalarda ham ma'lumotlar keltirilgan. Jumladan, “Avesto”da ham ma'naviy muhit, ilm-fan va ta'lim-tarbiya xususida o'z davri uchun ilg'or g'oyalar ilgari surilgan.

O'zbekiston hududlari tarixan Buyuk ipak yo'lining markazi va uning turli tarmoqlari kesishgan nuqtada joylashgan. Shuning uchun Sharq va jahonning turli mamlakatlaridan diniy va dunyoviy bilim olish istagidagi insonlar hamisha Samarqand, Buxoro, Xorazm, Nasaf (Qarshi), Kesh (Shahrisabz), Toshkent, Farg'ona kabi ko'hna madaniyat markazlariga intilganlar. Bu hududlarda qadimgi zamonlardan faoliyat yuritgan bilim maskanlari – madrasalar o'z davrining oliy ta'lim muassasasi, ya'ni universitetlari maqomida bo'lgan, deyish mumkin.

Birinchi Sharq Uyg'onish davri - IX-XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan "Musulmon Renessansi" hisoblanadi. Bu davrda ulug' allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlar yetishib chiqdi. Aniq fanlar sohasida Muhammad Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Bakr Roziy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg'oniy jahonshumul kashfiyotlar qildilar. Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg'inoniy, Mahmud Zamaxshariyning falsafiy asarlari bashariyat tafakkur xazinasini boyitdi.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, X asrning oxiriga kelib Samarqandda 17 ta madrasa faoliyat yuritgan. Bu madrasalarda islom ta'limoti bilan birga, dunyoviy fanlar ham o'qitilgan. O'z davrida hatto nafaqat shoir, balki faylasuf va falakiyotshunos sifatida ham dunyo miqyosida tanilgan Umar Xayyom ham Samarqandda tahsil olgan.

Ikkinchi Sharq Uyg'onish davri - XIV-XVI asrlardagi ikkinchi "Temuriylar Renessansi"dir. Bunda Amir Temur bunyod etgan ulug' saltanatning o'rni va ahamiyati beqiyosdir. Chunki buyuk Sohibqiron dunyoning turli mintaqalaridan olimu adiblar va me'moru hunarmandlarni o'z saltanati poytaxti Samarqand shahrida jamlagan. Ilmu ma'rifat va kasb-hunar sohiblarini rag'batlantirgan, boy kutubxona, rasadxona va madrasalar bunyod ettirgan.

Jumladan, Mirzo Ulug'bek madrasasida matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot, tarix, falsafa, adabiyot kabi ijtimoiy-gumanitar, aniq va tabiiy fanlarning o'qitilishi ikkinchi "Sharq Renessansi"ning vujudga kelishiga turtki bo'lgan.

Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy, Ali Qushchi singari ko'plab mutafakkirlarimizning boqiy nomi va boy merosi nafaqat mintaqamizning ma'naviy rivojida, ayni vaqtda jahon sivilizatsiyasi tarixida muhim o'rin tutadi. 

Sharqning butun insoniyat tarixidagi noyob hodisa bo'lgan har ikki Renessansi ana shu buyuk ajdodlarimizning ilm-ma'rifat, diniy bag'rikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu g'oyalari bilan yo'g'rilgan edi. Bu g'oyalar bizning davrimizda, O'zbekiston mustaqilligi yillarida alohida, yanada teran ma'no-mazmun kasb etib bormoqda. 

"Nur - Sharqdan taraladi", degan edi nemis faylasufi Georg Gegel`. Binobarin, Sharq Uyg'onish davri yutuqlari G'arbiy Yevropada yuz bergan alohida madaniy va tafakkuriy taraqqiyot davri, xususan, XIV-XVI asrlardagi Italiya Renessansiga bevosita ta'sir ko'rsatgan.

Ayniqsa, tutash chegara mamlakatlari: Qurdoba (Ispaniya), Kavkaz, Bolqon yarim orolida bu jarayon kuchli bo'lgan. Yevropaliklar Sharq olimlarining asarlarini lotin, ispan, yahudiy tillariga qilingan tarjimalar orqali yoxud bevosita arab tilida o'qib-o'rganganlar.

Sharqning ikki Renessansi, ya'ni ilmiy-ma'rifiy Uyg'onish davriga asos solgan ulug' ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va hozirgi kunda ham ma'rifatli dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy merosni o'rganish, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, ular yaratgan ilmiy yo'nalishlar va maktablar an'analarini davom ettirish bugungi avlod oldida turgan dolzarb vazifalar sirasiga kiradi. 

Bugungi kunda biz uchinchi Uyg'onish davri ostonasida turibmiz. Agar O'zbekiston Prezidentining keyingi to'rt yilda ma'rifat, ta'lim va ilm-fanni rivojlantirish yo'lida imzolagan qonun, farmon va qarorlari, tasdiqlagan Davlat dasturlari, ilgari surgan yangidan-yangi tashabbuslarining mag'zini to'la chaqib ko'rsak, navbatdagi Ma'rifat Renessansining markazi O'zbekiston ekaniga hech kimda shubha qolmaydi.

Bu, o'z navbatida, har birimizga, bir tomondan, cheksiz faxru iftixor bag'ishlasa, ikkinchi tomondan, katta mas'uliyat yuklaydi. Tarixiy haqiqat shuki, biron-bir mamlakatning dunyo sivilizatsiyasiga hissa qo'shgan olimlari soni O'zbekiston zaminida yetishib chiqqan olimlarchalik ko'p emas. Buni gapirishga, bundan faxrlanishga bizning ma'naviy haqqimiz bor.

Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga qaraganda, bugungi kunda dunyo miqyosidagi jami boylikning 16 foizi – ishlab chiqarish vositalari, 20 foizi – tabiiy resurslar hissasiga to'g'ri kelar ekan. Insoniyat ega bo'lgan barcha boylikning qolgan 64 foizi, ya'ni uchdan ikki qismi esa bevosita inson salohiyati, uning bilimi va tajribasi evaziga orttirilgan.

Shu ma'noda, barcha sohalarda ilg'or taraqqiyot yo'lidan borayotgan va yuksak marralarni zabt etayotgan yurtimiz uchun bilimli va tajribali, har tomonlama yetuk kadrlar kerak. Davlatimiz rahbari tomonidan so'nggi yillarda qator farmon va qarorlar qabul qilinib, buning uchun mustahkam zamin yaratildi. Maktabgacha ta'lim, umumta'lim va oliy ta'lim tizimi mazmunan va sifat jihatidan yangilanib bormoqda.

Shu tariqa bugungi kunda mamlakatimizni innovatsion rivojlantirish, 2030 yilga qadar Global innovatsiya indeksida ilg'or 50 mamlakat qatoridan joy egallash bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, “O'zbekiston ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar, yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh bo'lishi shart”.

Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 20 aprelda "Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaror qabul qilindi. Shu va keyinchalik qabul qilingan boshqa muhim huquqiy hujjatlarda oliy ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish masalasiga jiddiy ahamiyat berildi.

Bunda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta ko'rish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratilishini ta'minlash asosiy maqsad etib belgilandi.

Natijada so'nggi to'rt yilda mamlakatimizda 43 ta yangi oliy ta'lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 121 taga yetdi. Joriy yilda oliy o'quv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin yoshlarimiz hujjat topshirdi. Bu raqam o'tgan yilga nisbatan 40 foiz ko'p demakdir.

Yosh avlod tarbiyasida hal qiluvchi o'rin tutadigan bog'chalar va maktablar tizimida ham ulkan o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. Prezident maktablari, ixtisoslashgan va ijod maktablari barpo etish, “Zamonaviy maktab” dasturini joriy etish borasidagi ishlar uzluksiz davom ettirilmoqda. Joriy o'quv yilidan maktablarda "Tarbiya" fanidan dars o'tiladi.

Maktab – bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi, deydi mamlakatimiz rahbari. Bu masalani davlat, hukumat va hokimlarning o'zi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak. Maktabni o'zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o'zgartirib bo'lmaydi.

Atoqli frantsuz adibi Viktor Gyugoning: «Maktab ochgan odam bamisoli qamoqxonani yopgandek gap», degan hikmatli iborasi bunga yaqqol misoldir. Ya'ni, maktab, ta'lim, tarbiya bor joyda bolalar yomon yo'lga kirmaydi, jinoyat sodir etmaydi. Demak, qamoqxonalarga zaruriyat qolmaydi.

Shu nuqtai nazardan, O'zbekistonda 11 yillik maktab ta'limi tiklangani alohida diqqatga loyiq. Eng asosiysi, yurtimizda "maktabgacha ta'lim – maktab ta'limi – oliy ta'lim" silsilasi timsolida milliy ta'limning uzluksiz tizimi yaratildi.

Keyingi to'rt yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Namanganda – Is'hoqxon Ibrat, Jizzaxda – Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim, Qarshida – Abdulla Oripov, Marg'ilonda – Erkin Vohidov, Nukusda – Ibroyim Yusupov, Andijonda – Muhammad Yusuf, Gulistonda – Halima Xudoyberdievaning maxsus ijod maktablariga asos solindi. O'z navbatida, iqtidorli bolalar har tomonlama qo'llab-quvvatlanmoqda.

Ayniqsa, mamlakatimizda tashkil etilgan Prezident maktablari yangi avlod kadrlarini tarbiyalashda muhim asos bo'lishi shubhasiz. Chunki bu o'quv maskanlari iqtidorli bolalarni aniqlash, ilg'or texnologiyalarni qo'llagan holda ularga saboq berish va tarbiyalash bo'yicha yaxlit tizimga aylandi. Ta'lim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o'quv rejalari va dasturlari bo'yicha ingliz tilida olib borilmoqda.

Mamlakatimizda 2020 yil – Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e'lon qilingan. Yurtimizda avvaldan shakllangan ilmiy maktablar salohiyatini hisobga olib, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yo'nalishlaridan kelib chiqqan holda, bu yil matematika, kimyo, biologiya, geologiya fan va sohalarini rivojlantirish tanlab olingan.

Bu bejiz emas. Chunki O'zbekistonning matematika fani bo'yicha salohiyati dunyo miqyosida tan olingan. Qolaversa, funktsional tahlil va differentsial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va algebra yo'nalishlari bo'yicha nufuzli maktablarimiz shakllangan bo'lib, ayni paytda samarali faoliyat yuritmoqda. Yetti nafar matematik olimimiz Butunjahon fanlar akademiyasi a'zosi hisoblanadi.

Ko'plab xorijiy ilm-fan markazlari, xususan, Bonn, Kembrij, Parij, Seul kabi yirik shaharlardagi yetakchi ilm dargohlari bilan birgalikda qo'shma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2019 yil 9 iyuldagi matematika ta'limi va fanlarini yanada rivojlantirishga oid qarorining ijrosi doirasida poytaxtimizdagi Talabalar shaharchasida Fanlar akademiyasining Matematika instituti uchun zamonaviy talablar asosida yangi bino barpo etilmoqda.

Ana shunday yangi turdagi, eng zamonaviy ta'lim muassasalarida tahsil oladigan yoshlarimiz, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, O'zbekistonning “oltin fondi” hisoblanadi. Bu, o'z navbatida, yoshlarimiz orasidan Xorazmiylar, Ibn Sinolar, Ulug'beklar chiqishiga barcha asoslarimiz borligidan, demakki O'zbekistonda tom ma'noda yangi Uyg'onish davrining poydevori qo'yilganidan dalolat beradi.

Eng asosiysi, farzandlarimizning iste'dod va qobiliyati, ezgu intilishlarini to'liq ro'yobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib o'rin egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish bundan buyon ham O'zbekistonda davlat va jamiyatning bosh maqsadi bo'lib qoladi.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, "Xalqimizning ulug'vor qudrati jo'sh urgan hozirgi zamonda O'zbekistonda yangi bir uyg'onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo'ladi. Chunki bugungi O'zbekiston – kechagi O'zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas".

Akmal Saidov,
akademik

("Kuch - adolatda" gazetasi, 2020 yil 4 sentyabr)

Powered by GSpeech