8 sentyabr – Xalqaro savodxonlik kuni. Ushbu sana (International Literacy Day) Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida nishonlanadigan muhim xalqaro kunlardan biridir. U YUNESKO tomonidan 1966 yili Ta'lim vazirlarining savodsizlikka barham berish bo'yicha xalqaro konferentsiyasida joriy etilgan.
Xalqaro savodxonlik kunining maqsadi – insoniy qadr-qimmat va inson huquqlarining uzviy qismi sifatida savodxonlik bashariyat uchun juda muhim ekanini muntazam eslatib turish hamda yanada savodli va barqaror jamiyatlar barpo etish borasidagi sa'y-harakatlarni faollashtirishdan iborat.
Bu sanani nishonlashda hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, xususiy sektor vakillari hamda o'qituvchilar, o'quvchilar va ta'lim sohasi mutaxassislari ishtirok etadi. Mazkur kunda, shuningdek 2030 yilga qadar mo'ljallangan ta'lim sohasidagi rivojlanish dasturini amalga oshirish maqsadida savodxonlikni targ'ib qilishga ko'mak beruvchi ilg'or g'oyalar egalariga mukofotlar beriladi.
Ushbu xalqaro sana dunyo davlatlari tomonidan ilk bor 1967 yili nishonlangan. Shundan buyon u har yili “Ayollar uchun savodxonlikning o'rni”, “Savodxonlik shaxsiy imkoniyatlarni kengaytiradi”, “Savodxonlik va sog'lik”, “Savodxonlik turg'un rivojlanishni ta'minlaydi” kabi mavzular bo'yicha o'tkazib kelinmoqda.
Ushbu xalqaro sananing 2020 yildagi shiori koronavirus pandemiyasi bilan bevosita bog'liq. Ya'ni, bu yilgi Xalqaro savodxonlik kuni tadbirlari uchun "COVID-19 inqirozi sharoitida va undan keyingi davrda ta'lim berish va savod o'rgatish" mavzusi tanlangan bo'lib, bunda pedagoglarning roli va ta'lim berish uslublaridagi o'zgarishlarga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Bu mavzu savodxonlik muammosining turli jihatlarini, xususan, inson umri davomida uzluksiz ta'lim olishini ta'minlash istiqbollarini nazarda tutadi va shu bois yoshlar hamda kattalar uchun birdek ahamiyatlidir. Bugungi kunda yuz bergan COVID-19 inqirozi insoniyatga siyosiy mantiq bilan real hayot o'rtasida muayyan jarlik, ya'ni uzilish borligini shafqatsizlarcha eslatib qo'ydi.
Ushbu jarlik, aslida, koronavirus pandemiyasi xurujidan oldin ham mavjud edi. Bu muammo, odatda, savodlilik ko'nikmasiga ega bo'lmagani yoki savodxonligi yetarli emasligi oqibatida turli qiyinchiliklarga duch kelayotgan yoshlar va kattalarning ta'lim olishiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Shuni ham aytish kerakki, pandemiyaga qadar bo'lgan davrda turli davlatlarda katta yoshli insonlar o'rtasida savodxonlikni oshirishga doir dasturlar ta'lim sohasidagi dastlabki chora-tadbirlar rejasiga kiritilmagan. Oqibatda ayni paytda bu boradagi ishlar deyarli to'xtab qolgan. Ayrim hududlarda savodxonlik mashg'ulotlari masofadan turib yoki ochiq havoda o'tkazilmoqda, shuningdek televidenie va radio kanallari orqali tashkil etilmoqda, xolos.
Savodxonlikni oshirish, yoshlar va kattalarga ta'lim va tahsil berish bilan bevosita shug'ullanayotgan mutaxassislarga COVID-19 inqirozi qanday salbiy ta'sir ko'rsatmoqda? Bu ofatning oqibatlaridan qanday saboqlar chiqarildi? Global va milliy javob choralari hamda tiklanish va hayotga chidamlilikni mustahkamlash bo'yicha strategiyalar doirasida yoshlar va kattalarga ta'lim berish borasida qay tarzda samaradorlikka erishish mumkin?
Bu galgi Xalqaro savodxonlik kuni munosabati bilan ana shu dolzarb savollar umumjahon miqyosida atroflicha muhokama qilinmoqda. Ushbu munozaralar bizga hozir va kelgusida pandemiyaga qarshi kurashish uchun yoshlar va kattalarni o'qitish uslublarini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladigan innovatsion hamda samarador yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Mazkur xalqaro sana, shuningdek pedagoglarning o'rni va ahamiyatini teran tahlil qilish, ta'lim beruvchilarni va ta'lim berish sohasini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan samarali siyosiy strategiyalar, boshqaruv tizimlari, uslublari va chora-tadbirlarni tatbiq etishda ham alohida ahamiyat kasb etadi.
YUNESKO tashabbusi bilan tashkil etiladigan virtual konferentsiyada pandemiyadan keyingi davrda va BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadiga erishish yo'lida yoshlar va kattalarning savodxonligini oshirish ishlarini qayta ko'rib chiqish bo'yicha global munozaralar bo'lib o'tadi.
Bularning barchasi bejiz emas. Chunki savodxonlikni keng yoyish masalasi Barqaror rivojlanish maqsadlarining tarkibiy qismi bo'lib, “barcha uchun to'liq va sifatli ta'limni ta'minlash, hamda uzluksiz o'qish imkoniyatini rag'batlantirish”ni ko'zda tutadi. Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4.6-bandida belgilangan vazifa shundan iboratki, 2030 yilga qadar barcha yoshlar va kattalarning asosiy qismi o'qish va sanash ko'nikmalariga ega bo'lishlari zarur.
Zero, insoniyat bugungi kunda erishgan yuksak taraqqiyot darajasiga qaramay, sayyoramizda kamida 773 million nafar katta yoshli insonning savodxonlik bilan bog'liq muammosi mavjudligidan ko'z yumib bo'lmaydi. Dunyo aholisi tarkibidagi katta yoshlilarning beshtadan bittasi haligacha savodsiz bo'lsa, bu ko'rsatkich xotin-qizlar orasida yanada tashvishli bo'lib, uchdan ikkitani tashkil etadi. Shu bilan birga, 60,7 million nafar bola maktabga bormaydi.
Bularning barchasi insoniyat uchun achinarli holdir. Bu fakt va raqamlar, afsuski, pandemiya inqirozi sharoitida yanada salbiy tomonga ortib bormoqda.
Shu ma'noda, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi ishtirokchilariga Murojaatnomasida ta'kidlanganidek, "Bugungi dunyoning holatini ko'p jihatdan COVID-19 inqirozi belgilab bermoqda. Pandemiya dunyo talabalarining 90 foizdan ortig'ini ta'lim olishdan uzib qo'ydi va oqibatda ta'lim sohasidagi shusiz ham mavjud bo'lgan tengsizlik yanada qaltislashdi hamda global inqiroz murakkab tus oldi. Butun bir avlodning kelajagi xavf-xatar ostida qolmoqda".
Garchi ta'lim pandemiyaning yaqqol qurboni hisoblansa-da, u uzoq muddatga mo'ljallangan tiklanish va barqaror rivojlanishning kalitiga ham aylanmoqda. Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibi Samarqand forumining barcha ishtirokchilarini va butun dunyodagi jami yoshlarni "Kelajagimizni asrab qolaylik" nomli ta'lim kampaniyasiga qo'shilishga chaqirdi.
O'z navbatida, 2020 yil 21 iyul kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlari va barqaror ijtimoiy taraqqiyot: COVID-19 asoratlaridan keyin samarali tiklanish” mavzuida o'tkazilgan xalqaro onlayn forumda YUNESKO Bosh direktori Odre Azule ta'lim maqsadlari uchun ko'mak berish yana kuchaytirilayotgan bo'lsa-da, bugungi kunda COVID-19 pandemiyasi bizni bir necha yil ortga qaytarib yuborish tahdidini yuzaga keltirayotganini qayd etdi.
Binobarin, O.Azule ta'biri bilan aytganda, “Pandemiyaning buzg'unchi oqibatlariga duch kelgan ekanmiz, ta'lim ehtiyojlari uchun yordam, shubhasiz, har qachongidan ham ko'ra muhimdir. Mamlakatlarga pandemiyaga qarshi kurashish uchun qo'shimcha mablag'lar kerak bo'ladi va ta'lim ham ko'mak berish, ham milliy miqyosda mablag' ajratish hajmlari nuqtai nazaridan ustuvor yo'nalishga aylanishi shart. Bu ta'lim sohasidagi Global maqsadlarimiz — Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadiga erishishdan ortda qolishdan qochishimiz uchun kerak”.
Akademik Akmal Saidov ta'kidlaganidek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari insoniyatni himoya qilish va farovonligini oshirishga qaratilgan bo'lib, bu borada yakdillik bilan sa'y-harakat qilish uchun o'ziga xos chaqiriq hisoblanadi. Barqaror rivojlanish maqsadlarining 2030 yilgacha mo'ljallangan Kun tartibi yangi dunyo haqidagi dadil tasavvurdir. Unda ijtimoiy va siyosiy adolatga sodiq qolish, ijtimoiy va siyosiy hisobdorlikning yangicha shakllarini qo'llab-quvvatlash sari imkon qadar ko'proq intilishlar o'z mujassamini topgan.
Bugungi koronavirus inqirozi sharoitida Barqaror rivojlanish maqsadlari har doimgidan ham dolzarbroq. Nega deganda, dunyo tarixiy ko'lamlarga ega bo'lgan, ya'ni keyingi 50 yil davomida kuzatilmagan eng yirik tahdid va inqirozga duch kelib turibdi.
Afsuski, ekspertlar qayd etganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi imkoniyatlarimiz yo'liga COVID-19 jiddiy to'siq bo'lmoqda. BMT Bosh kotibi haqqoniy ta'kidlaganidek, "COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozning naqadar jiddiy ekani barcha uchun tushunarli bo'lmog'i kerak".
2018 yilda O'zbekiston hukumati tomonidan Barqaror rivojlanish sohasidagi 16 ta Milliy maqsad va shu maqsadlar bilan bog'liq ravishda 2030 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan 127 ta vazifa tasdiqlangan. Ana shu Milliy maqsad va vazifalarni implementatsiya qilish bo'yicha "Yo'l xaritasi" qabul qilingan.
Keyingi to'rt yilda O'zbekistonda kambag'allikka barham berish, aholi sog'lig'ini yaxshilash, xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurashish, ekologiya muammolariga yechim topish, gender tenglikni ta'minlash kabi muhim sohalar bilan bir qatorda uzluksiz ta'lim masalasiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.
Xususan, 2017 yilda maktabgacha ta'lim muassasalarining qamrovi 17 foizni tashkil etgan bo'lsa, so'nggi ikki yilda bu ko'ratkich 55 foizga yetdi. Sohada tizimli ravishda chora
tadbirlarni qo'llash bu ko'rsatkichni yaqin vaqt ichida 60 foizga yetkazish imkonini yaratadi. Bu yil respublikamizda ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy
etiladi.
“Maktab - bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi”, deydi Prezidentimiz. Xalq ta'limi tizimida ta'lim sifatiga katta e'tibor qaratilmoqda. Maktablarda o'qituvchining maqomi oshirildi, o'qituvchilarni ta'lim jarayonidan tashqari turli faoliyatlarga jalb etishning oldi olindi.
O'qituvchilarning mehnatiga xaq to'lash tizimi qayta ko'rib chiqilib, mehnatga munosib maosh to'lash tizimi joriy etildi. Yurtimizning chekka tumanlarida faoliyat yuritib kelayotgan o'qituvchilarga mehnatini rag'batlantirish uchun 50 foizgacha qo'shimcha ustamalar to'lash amaliyoti tatbiq qilindi.
Yangi maktablarni qurish, mukammal ta'mirlash, rekonstruktsiya qilish ishlari jadal amalga oshirib kelinmoqda. Shuningdek, o'quvchi yoshlar va ularning ota-onalari xohish va istaklarini asosida 11 yillik majburiy maktab ta'limi qaytadan joriy etildi.
Oliy ta'lim tizimini takomillashtirish maqsadida chiqarilgan Prezident farmon va qarorlari tizimni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi. So'nggi to'rt yilda mamlakatimizda 43 ta yangi oliy ta'lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 121 taga yetdi.
Joriy yilda oliy o'quv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin yoshlarimiz hujjat topshirdi. Bu raqam o'tgan yilga nisbatan 40 foiz ko'pdir.
Shunday qilib, davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, "Xalqimizning ulug'vor qudrati jo'sh urgan hozirgi zamonda O'zbekistonda yangi bir uyg'onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda".
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 08.09.2020
- Ko'rishlar: 4189
- Chop etish